Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish maqsadlari” mavzusidagi xalqaro forumda 30 dan ortiq davlat, shuningdek nufuzli xalqaro moliya tashkilotlari, ilmiy doiralar vakillari, xorijiy ekspertlar va xususiy sektor rahbarlari qatnashmoqda.
Dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi, oziq-ovqat xavfsizligi va iqlim o‘zgarishiga moslashish, logistika bilan bog‘liq muammolarni hal etish maqsadida tashkil etilgan mazkur anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, FAO bosh direktori Syuy Dun’yuy, BMTning eng kam rivojlangan va dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha Oliy vakili Rabob Fotima, Yevropa Ittifoqi qishloq xo‘jaligi bo‘yicha komissari Yanush Voysexovskiy so‘zga chiqdi.
Hukumatimiz rahbari mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan so‘nggi yillarda, barcha sohalarda bo‘lgani kabi, qishloq xo‘jaligida ham samarali islohotlar olib borilayotgani, buning natijasida ichki ishlab chiqarish hisobiga aholi uchun oziq-ovqat xavfsizligi va narx barqarorligi ta’minlanayotgani, agrologistika rivojlantirilayotgani hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish ko‘lami kengayib borayotganini alohida ta’kidladi.
Kunning ikkinchi yarmiga “Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarning JSTga kirishi orqali qishloq xo‘jaligi savdosini yengillashtirish”, “Qishloq xo‘jaligi sohasida investitsiyaviy imkoniyatlar”, “Qishloq xo‘jaligi bozorida xususiy sektorning o‘rni”, “Oziq-ovqat xavfsizligi va oziqlanish”, “Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimini transformasiya qilish bo‘yicha samarali davlat siyosatini yuritish”, “Texnologik innovatsiya” mavzularida sessiyalar belgilangan.
– Toshkentda tarixiy forum o‘tyapti, chunki bu yo‘nalishda hali xalqaro anjuman o‘tkazilmagan, – dedi FAO bosh direktori Syuy Dun’yuy. – Albatta, bunday yirik tadbir hukumat ko‘magisiz amalga oshmagan bo‘lardi. Buning uchun hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoyevga, davlat idoralari rahbarlariga FAO nomidan minnatdorlik bildiraman. Bugungi oqilona siyosat tufayli O‘zbekiston jadal taraqqiy etib bormoqda. Hozir yurtingizda innovatsiya deysizmi, texnologiya deysizmi, hammasi muhayyo. Aslida, rivojlanayotgan davlatlar uchun ustuvor maqsadlardan biri dengiz orqali savdo barqarorligini ta’minlash, xalqaro logistika tarmog‘ini izchil yo‘lga qo‘yish va uzoq mintaqalardagi davlatlar bilan savdo aloqalarini yaxshilashdan iborat. Shuni inobatga olgan holda, ko‘plab mamlakatlar ayni yo‘nalishda tizimli, rejaga asoslangan, shuningdek ko‘p tarmoqli natijaga yo‘naltirilgan investitsiya loyihalariga har qachongidan ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Zero, bu jarayon mamlakat iqtisodiyoti uchun birlamchi masalalar sirasiga kiradi. Mazkur forum ana shunday istiqbolli manfaat uchun xizmat qiladi, deb o‘ylayman.
Ta’kidlash joiz, anjuman davomida O‘zbekistonni jahonning boshqa mintaqalari bilan bog‘lovchi transport yo‘nalishlarini rivojlantirish, yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligi va tegishli tizimlarning joriy holati to‘g‘risida xabardorlikni oshirish, soha taraqqiyotiga to‘sqinlik qilayotgan mintaqaviy va global darajadagi asosiy masalalarni hal etish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha yangi shartnoma, kelishuvlar imzolanishi kutilyapti.
O‘tkir Alimov,
Rustam Nazarmatov (surat),
O‘zA
- Qo'shildi: 06.09.2024
- Ko'rishlar: 1097
- Chop etish