12-sentyabr kuni ayni mavzuda Surxondaryo viloyati Termiz shahrida sudyalar, prokuratura, ichki ishlar, milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar organlari, mudofaa organlari, davlat bojxona qo‘mitasi vakillari uchun seminar-trening boshlandi. Ikki kun davom etadigan anjuman Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Mazkur tadbir 2024-yil 7-avgustda Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi majlisida tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi va “BMT Ayollar” tuzilmasi o‘rtasida 2024-2026-yillarda hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ijrosini amalga oshirish doirasida o‘tkazilmoqda.
Treningdan maqsad – gender tenglikni mustahkamlash va xotin-qizlarni qarorlar qabul qilish jarayoniga keng jalb qilish, BMTning 1325-rezolyutsiyasini amalga oshirishda ularning faol ishtirok etishi hamda sud va huquqni muhofaza qilish organlarida muhim lavozimlarda xotin-qizlar vakillik darajasini oshirish masalalarini atroflicha muhokama qilishdan iborat.
Tadbir ochilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova va YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Antti Karttunen so‘zga chiqdi.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar natijasida O‘zbekistonda jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish masalalari bo‘yicha mustahkam huquqiy asoslar yaratilganligi ta’kidlandi. Shuningdek, gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, yangi qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham ushbu muhim masalalar o‘z aksini topganligi e’tirof etildi.
Xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Masalan, siyosiy sohada – Saylov kodeksida deputatlikka nomzodlarning kamida 40 foizi yoki har 5 nafaridan 2 nafari ayol kishi bo‘lishi zarurligi belgilangan. Hozirgi vaqtda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 27 foizdan 35 foizga oshgan.
Bundan tashqari, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni tobora ortib borayotganligi ta’kidlandi. Bugungi kunda ayollarimiz nafaqat oilada, balki davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ta’lim va boshqa sohalarda ham muhim lavozimlarda mehnat faoliyatini olib borayotir.
Ushbu seminar-trening ham ayni jarayonlarni yanada rivojlantirish, xotin-qizlarning tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashdagi rolini oshirishga qaratilgan. Treningda:
- O‘zbekiston Respublikasi Oila va ayollar masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Mukarram Nurmatova;
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi vakili Nilufar Bobomuratova;
- O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi vakili Umida Begmatova;
- O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi vakili Umida Abdullayeva;
- O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi vakili Barno Ashirmatova;
- O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakili Baxtiyor Mardiyev;
- O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakili Latofat Amonova so‘z olib, “Sud va huquqni muhofaza qilish organlarida muhim lavozimlarda xotin-qizlarning vakillik darajasini oshirish”, “Xavfsizlik va mudofaa sohasida rahbarlik lavozimlariga kirishda ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash” kabi dolzarb mavzularda chiqishlar qildi.
Trening qizg‘in bahs-munozaralarga boy ruhda davom etmoqda. Tadbir davomida ishtirokchilar xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, tinchlik va xavfsizlikka erishish borasidagi ustuvor tamoyil va majburiyatlarni milliy sharoitda hayotga tatbiq etish bo‘yicha bilim va kasbiy ko‘nikmalarini kengaytiradi.
Tadbirda Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya va Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda mahalla vakillaridan iborat jami 30 nafardan ortiq mas’ul xodim ishtirok etmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.09.2024
- Ko'rishlar: 852
- Chop etish