18-sentyabr kuni Toshkent shahrida fuqaroligi va boshpanasi bo‘lmagan shaxslar masalalariga bag‘ishlangan axborot sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi hamkorligida o‘tkazildi.
Tadbir O‘zbekistondagi aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari uchun tashkil etildi. Unda “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti, “Istiqbolli avlod” ATJ, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi advokatlari va xodimlari, Advokatlar palatasi vakillari, shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi klinikalarda yuridik fanlardan tahsil olayotgan ko‘ngillilar ishtirok etdi.
Sessiyada xalqaro ekspertlar O‘zbekistonning inson huquqlarini himoya qilish sohasida erishgan yutuqlarini alohida ta’kidladilar. Jumladan, “Fuqarolik to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar qabul qilindi. Buning natijasida 85 ming nafardan ortiq, shu jumladan, birgina 2021-yilning o‘zida 32 ming nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning bu boradagi muammosi ijobiy yechim topdi.
Ishtirokchilar global va mintaqaviy darajada fuqaroligi va boshpanasi bo‘lmagan shaxslarning dolzarb muammolari yechimi istiqbollarini batafsil ko‘rib chiqdilar. Bunda O‘zbekistonning bo‘lmagan shaxslar sonini qisqartirish borasidagi yutuqlari alohida e’tirof etildi.
Muhokama chog‘ida qonunchilik va amaliy faoliyatni xalqaro huquqiy normalar asosida takomillashtirish imkoniyatlari har tomonlama tahlil etildi. Bu sohada qarorlar qabul qilish va davlat siyosatini ishlab chiqishda inson huquqlariga asoslangan yondashuvlar integratsiyalashuvining prinsipial ahamiyati juda muhimdir.
Tadbir yakunida davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida tarmoqlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi qayd etildi. Bunday o‘zaro hamkorlik fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va boshpana izlovchilarning samarali huquqiy yordamini ta’minlash va huquqlarini himoya qilishning asosiy omili sifatida qaralayotgani ta’kidlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 19.09.2024
- Ko'rishlar: 854
- Chop etish