Inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro tizimi o‘rganilmoqda

8-oktyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro tizimi” mavzusida sayyor o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Tadbirda Huquqni muhofaza qilish akademiyasining magistratura bosqichida tahsil olayotgan 15 nafar tinglovchi ishtirok etdi.

Ushbu mashg‘ulot tinglovchilarni Milliy markazning inson huquq va erkinliklari, qadr-qimmatini himoya qilish borasida olib borayotgan faoliyati hamda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarning bajarilishi holati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi.

Tinglovchilarga inson huquqlarini himoya qilish tartib-taomillari milliy qonunchilikda qanday aks ettirilganligi haqida ma’lumot berildi. Mamlakatimizda milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotni inson huquqlari sohasidagi umume’tirof etilgan xalqaro standartlar hamda BMTning ustav organlari va shartnomaviy  qo‘mitalarining tavsiyalarini hisobga olgan holda takomillashtirish, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini qaror toptirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar davom etayotganligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Milliy markaz faoliyati, milliy ma’ruzalarni tayyorlash mexanizmlari, xorijiy ekspertlarning inson huquqlari bo‘yicha tavsiyalari va prokuratura organlari bilan hamkorlik to‘g‘risida zarur axborotlar taqdim etildi. O‘zbekiston tomonidan 2023-yil davomida 4 ta milliy ma’ruza BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga taqdim qilingani va 5 ta milliy harakatlar rejasining ijrosi bo‘yicha monitoring o‘tkazilgani haqida atroflicha fikr yuritildi.

Tinglovchilar O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari, ularning bajarilishi va milliy ma’ruzalar tayyorlash bo‘yicha asosiy vazifalarni o‘rgandilar. Inson huquqlari bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida mahorat darsi ham o‘tkazildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech