21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, deb mustahkamlab qo‘yilgan.
E’tiborli jihati shundaki, 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Mustaqillik Bosh qomusining ayni normalari yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda deyarli o‘zgartirilmagan. Ya’ni, dastavval 1989-yili O‘zbekistonning “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunida aks etgan ushbu muhim qoidalar milliy davlatchiligimizning o‘zgarmas huquqiy tayanch normalari qatorida turadi.
Bu haqda so‘z borganda, “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun 1989-yil 21-oktyabrda – Istiqlolimiz e’lon qilinishidan taxminan ikki yil ilgari qabul qilinganligini ta’kidlash lozim. O‘zbekistonning davlat mustaqilligi sari qo‘yilgan dastlabki dadil huquqiy qadamlardan hisoblanuvchi ushbu tarixiy voqeaga roppa-rosa 35-yil to‘ldi.
Jonajon Vatanimizning Davlat tili to‘g‘risidagi qonunini ishlab chiqish va qabul qilish bilan bog‘liq ayni voqealarda bevosita ishtirok etganimdan faxrlanaman. O‘shanda aksariyat mutaxassislar e’tirof etganlaridek, mazkur qonun ikki xil loyihaning to‘rt oylik qizg‘in muhokamasi va ehtirosli munozarasining natijasi bo‘lgan. Uni tayyorlashda minglab xatlarda va yig‘ilishlarda bildirilgan ilg‘or takliflar hisobga olingan.
Yurtimizda mustabid tuzum hali o‘z hukmini o‘tkazib turgan g‘oyat og‘ir sharoitda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan bu qonunni qabul qilish oson kechmagan. Eng asosiysi, o‘sha davrda o‘zbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch bo‘lib maydonga chiqdi. Bularning barchasi o‘zbek tilining huquqiy maqomi yuksak darajada mustahkamlangani, tilimizga nisbatan tarixiy adolat qaror topganining yaqqol ifodasi bo‘lgani bilan g‘oyatda qadrli hamda ahamiyatlidir.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2019-yil 21-oktyabrda qabul qilgan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga binoan, 21-oktyabr tarixiy sanasi – O‘zbek tili bayrami kuni deb belgilangani bejiz emas. O‘z navbatida, 2020-yil 10-aprelda “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida"gi qonun qabul qilingani ham ayni muddaodir.
Mamlakatimizda “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy o‘rni va ahamiyatiga bu qadar yuksak e’tibor qaratilayotganining boisi shundaki, ushbu sana ma’naviy va ma’rifiy, huquqiy va siyosiy jihatdan nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Zero, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu intilish va harakatlarimiz hal qiluvchi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan 2020-yil 20-oktyabrda «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon imzolanganini ham xuddi shu muhim omil bilan izohlash o‘rinlidir. Farmonda avvalo O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.
Bundan tashqari, o‘zbek tilini yanada rivojlantirishga qaratilgan uchta muhim hujjat:
birinchidan, 2020–2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi;
ikkinchidan, 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020-2022-yillarda amalga oshirish dasturi;
uchinchidan, 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.
Bugungi kunda ana shu hujjatlarda o‘z aksini topgan aniq va qamrovdor vzifalar ijrosini ta’minlash uchun davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, tibbiyot sohalarida, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va harbiy muassasalar faoliyatida to‘liq davlat tilida ish yuritish bo‘yicha boshlangan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Chunki, Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, "Davlat tili masalasi milliy g‘oyamizning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lishi zarur".
Yangi O‘zbekistonda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashga qaratilgan yangidan yangi tashabbuslar ilgari surilayotgani juda muhim.
Yanada muhimi, bu boradagi sa’y-harakatlar, bir tomondan, ushbu sohada to‘planib qolgan muammo hamda kamchiliklarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Ikkinchi tomondan, yangicha tashabbuslar mamlakatimizda o‘zbek tilini zamon talablari asosida rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasidagi mas’uliyatli vazifalarning samarali ijrosi uchun nihoyatda zarur.
O‘zbek tili – O‘zbekiston Respublikasi aholisining mutlaq ko‘pchiligi bo‘lmish o‘zbek xalqining ona tilidir. U O‘zbekiston birligi va yaxlitligi, jamiyat jipsligining muhim omili ham hisoblanadi. Shuning uchun yurtimizda o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash hajmi hamda ilmiy tadqiqotlar soni izchil ko‘paygani tabiiy.
Mamlakatimizda 150 ta milliy madaniy markaz ish yuritayotgani, o‘zbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman tillarida ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatayotgani, maktablarimizda ta’lim-tarbiya jarayoni 7 ta tilda olib borilayotgani dunyo amaliyotidagi noyob tajriba ekanini alohida ta’kidlash lozim. Yurtimizda chet tillarga ixtisoslashgan hamda o‘quv mashg‘ulotlari xorijiy tillarda o‘tiladigan ta’lim maskanlari soni ortib borayotgani ham shu sohadagi muhim o‘zgarishlar natijasidir.
O‘zbek tili – so‘zlashuvchilar soni ko‘pligiga ko‘ra sayyoramizda eng keng tarqalgan 40 ta tildan biri ekani ham quvonarli voqelik. Yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 60 million kishini tashkil etishi esa uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buni o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar samaralari tasdiqlaydi.
Xususan, Vazirlar Mahkamasi tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tarkibida amaliy filologiya va kompyuter lingvistikasi bo‘yicha yangi yo‘nalishlar ochilgan. Universitet qoshida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi, maxsus o‘quv kurslari hamda Alisher Navoiy xalqaro jamg‘armasi tashkil etilgan.
O‘tgan davrda o‘zbek tilini chuqur o‘rganish va o‘rgatishga xizmat qiladigan o‘nlab kitob, qo‘llanma va lug‘atlar nashr qilingan. Shuningdek, chet el fuqarolari va yurtdoshlarimizga o‘zbek tilini o‘rgatadigan onlayn platforma, o‘zbek tili izohli lug‘atining mobil ilovasi, xorijdagi vatandoshlarimiz uchun maxsus veb-sayt yaratilgan.
O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lgani Tashkilot doirasida iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish bilan birga, turkiy tillar, xususan, o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. Mamlakatimiz tashabbusi bilan mazkur tashkilotning Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti ta’sis etildi.
Ma’lumki, davlat tili siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda xalqni birlashtiruvchi qudratli vosita sanaladi. Hozirgi kunda mamlakatimizda yashayotgan, O‘zbekistonimizni yagona va ahil oila deb biladigan turli millat va elatlar vakillari o‘zbek tilini o‘rganishga katta qiziqish va istak bildirayotganlari ayniqsa e’tiborlidir.
Xulosa qilib aytganda, o‘zbek tilini izchil rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasida zimmamizga katta va mas’uliyatli vazifalar yuklangan. Binobarin, O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi – Yangi O‘zbekistonni barpo etish va uchinchi Uyg‘onish davri poydevorini mustahkamlashga qaratilgan Taraqqiyot strategiyasi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi talablaridan kelib chiqib, ona tilimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani har qancha tahsinga loyiq.
Akmal SAIDOV,
akademik
- Qo'shildi: 21.10.2024
- Ko'rishlar: 907
- Chop etish