QOHIRA, 26-oktabr. /"Dunyo" AA/. Misrning "Sada al-Balad" axborot agentligi "Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish: Yangi O'zbekiston tajribasi" sarlavhali maqolani e'lon qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muallif bugungi kunda dunyoda sodir bo'layotgan chuqur siyosiy va iqtisodiy ziddiyatlar davrida Yangi O'zbekistonda tinch va farovon hayotni ta'minlash, inson sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilanganini yozgan.
"O'zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti faoliyatida faol ishtirok etib, jahon hamjamiyati uchun umumiy muammolarni muloqot va hamkorlik, madaniy-sivilizatsiyaviy, millatlararo va dinlararo o'zaro hamkorlik orqali hal etishga intiladi, – deyilgan nashrda. – Mamlakat xalqaro tashkilotlar doirasida xalqaro normalarni yaratish jarayonida faol ishtirok etmoqda. Xususan, so'nggi yillarda O'zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 10 ta maxsus rezolyutsiya qabul qilindi".
"Sada al-Balad" AA rasmiy manbalarga tayanib, O'zbekistonning ilk bor tarixda BMTning Inson huquqlari bo'yicha Kengashiga a'zo bo'lganini ma'lum qilgan. Ushbu Kengash doirasida O'zbekiston tashabbusi bilan "COVID-19 pandemiyasining yoshlar huquqlariga ta'siri" (2021-yil oktabr), "Yoshlar va inson huquqlari" (2022-yil oktyabr) hamda "Har bir bolaga tinchlik va bag'rikenglik ruhida sifatli ta'limni ta'minlash" (2023-yil oktyabr) rezolyutsiyalari qabul qilindi.
Materialda O'zbekiston ilk marta BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (ECOSOC) hamda Xalqaro mehnat tashkiloti Ma'muriy kengashi a'zoligiga saylangani, shuningdek, O'zbekiston vakili ilk bor BMT Inson huquqlari qo'mitasiga a'zo bo'lganiga alohida e'tibor qaratilgan.
Ta'kidlanishicha, O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan shartnomalarning bajarilishi bo'yicha BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalariga o'z vaqtida milliy ma'ruzalarini taqdim etib kelinmoqda.
Misr OAV, shuningdek, so'nggi yillarda O'zbekiston va XMT o'rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarilganini bildirgan. XMT mamlakat tajribasini xalqaro miqyosda o'rganish va qo'llash uchun muvaffaqiyatli model sifatida ko'rmoqda.
"Shuni ta'kidlash mumkinki, O'zbekiston inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotiga doimiy ravishda tadbiq etib kelmoqda. Normativ-huquqiy hujjatlarni va ularning loyihalarining gender, inson huquqlari va korrupsiyaga qarshi ekspertizasi amalga oshirilmoqda. Inson huquqlari sohasida O'zbekistonning xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasi faoliyat yuritmoqda", – deb yozilgan maqola yakunida.
- Qo'shildi: 29.10.2024
- Ko'rishlar: 881
- Chop etish