Poytaxtimizda “Yangi O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonda tinchlik, osoyishtalik omillaridan biri bo‘lgan diniy bag‘rikenglik, dinlararo totuvlik va konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlash borasidagi ishlarni o‘rganish, istiqboldagi vazifalarni tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash va shu yo‘nalishda o‘z yechimini kutayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, Shayx Nuriddin Holiqnazar va boshqalar millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik masalasi bugungi globallashuv davrida tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Ma’lumki, YUNESKO tomonidan dunyoda tinchlik, dinlar va konfessiyalararo muloqotni ta’minlash, millatlar va elatlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilib, hozirda bag‘rikenglikka oid 70 dan ziyod xalqaro hujjatlar qabul qilingan. Xususan, 1995 yil 16 noyabrda Parijda YUNESKO Bosh konferensiyasining 28-sessiyasida e’lon qilingan “Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi” ana shunday hujjatlar sirasidan. BMT Bosh Assambleyasining qaroriga ko‘ra, 1996 yildan buyon mazkur sana butun dunyoda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida nishonlanadi.
Diniy bag‘rikenglik masalasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 19 sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi va jahon hamjamiyatining diqqatini tortdi. Mazkur hujjat ko‘p o‘tmay BMTning 73-sessiyasida a’zo davlatlar tomonidan yakdillikda qabul qilindi va 50 dan ortiq mamlakat bu rezolyutsiyaga hammuallif bo‘lish istagini bildirdi.
2023 yil 19 sentyabr kuni esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida Prezidentimiz keyingi yillarda O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar, global va mintaqaviy eng dolzarb masalalar yechimiga oid qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat bo‘lmish Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini qat’iy davom ettirishda “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlash bo‘yicha tub ijobiy o‘zgarishlar dadil ilgarilab bormoqda. Yangilangan Konstitutsiyada millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning tengligi, inson huquqlari, so‘z va vijdon erkinligi prinsiplariga sadoqat yana bir bor tasdiqlandi. Shu huquqiy asosda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un ekanini ham ta’kidlash zarur.
Xalqaro anjuman qatnashchilari yakdillik bilan e’tirof etganlaridek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘nggi paytlarda ayrim mamlakatlarda ko‘zga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik va jahon miqyosida dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekistonda YUNESKO shafeligida Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazini tashkil etish taklif qilindi. Zero, bag‘rikenglik o‘zbek xalqi ma’naviyati va madaniyatining ajralmas qismidir.
Mamlakatimizda istiqomat qiladigan 130 dan ortiq millat va elatning o‘zaro totuvligi, rasman ro‘yxatdan o‘tgan 16 diniy konfessiya vakillari o‘rtasida bag‘rikenglik munosabatlarini yanada mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi 74-maqsadida jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga katta ahamiyat berilmoqda. Shu bilan birga, yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuyg‘usi, bag‘rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta’sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo‘lgan qat’iy ishonch va qarashlarga ega shaxs sifatida tarbiyalash, ularda bag‘rikenglik madaniyatini rivojlantirish, turli millat yoshlari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, ularda fuqarolik burchini anglash, vatanparvarlik, bag‘rikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyatini mustahkamlash bilan bog‘liq masalalar ham ustuvor o‘rin egallaydi.
Yurtimizda xilma-xil diniy e’tiqodga ega bo‘lgan kishilarning bir zaminda buyuk g‘oya va sof niyatlar yo‘lida hamkor va hamjihat bo‘lib yashashi bag‘rikenglikning yorqin namunasidir. Chuqur o‘ylangan milliy va diniy siyosat tufayli O‘zbekiston bugun butun dunyo mamlakatlari uchun bag‘rikenglik namunalarini o‘zida mujassam etgan davlat sifatida namuna bo‘lmoqda. O‘zbekistonning bu ko‘p asrlik tajribasi o‘zbek millatiga xos bag‘rikenglik xususiyatlari Markaziy Osiyo va boshqa rivojlangan mamlakatlar uchun andoza bo‘lib xizmat qilmoqda.
2019 yildan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu sana O‘zbekistonda haftalik tarzida keng nishonlanadi. Bu yil ham ushbu an’ana davom etib, “Yangi O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik” shiori ostida “Bag‘rikenglik haftaligi” baland ruhda bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu konferensiya Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida tashkil etilib, unda AQSH, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Malayziya, Portugaliya, Armaniston, Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston kabi davlatlardan kelgan mutaxassislar, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xodimlari, diplomatik korpus vakillari, dinshunos ekspertlar, islomshunoslar ishtirok etdi.
–O‘zbekistonda tashkil etilgan “Bag‘rikenglik haftaligi” juda yuqori saviyada o‘tkazilmoqda, – dedi Toshkent va O‘zbekiston mitropoliti Vikentiy. – 13 yildan buyon O‘zbekistondaman. Bag‘rikenglik, totuvlik bu yerda shunchaki rasmiyatchilik emas, balki hayot tarziga, oliy qadriyatga aylangan ne’matdir. Bu esa O‘zbekiston erishayotgan barcha yutuqlarning asosiy omillaridan sanaladi. Ayni paytda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tinchlik va hamjihatlikka faol hissa qo‘shib kelayotgani e’tiborga loyiq.
– Millatlararo totuvlik men uchun shunchaki oddiy so‘z emas, – dedi O‘zbekiston Koreys madaniy markazlari assotsiatsiyasi raisi Viktor Pak. – Chaqaloqligimdan meni o‘zbek ayoli o‘z farzandidek parvarishlagan, mehri va e’tiborini ayamagan. Bag‘rikenglik o‘zbek millatining qon-qoniga singib ketgan fazilat. Ayni jihatlar mamlakatimizdagi muhim hujjatlarda ham o‘zining yorqin ifodasini topgan.
– Olis Shotlandiyadanman, – dedi Birlashgan Bibliya jamiyatlari do‘stlik kengashi raisi Eleyn Dunkan. – O‘zbekistondagi quyoshli muhitning tafti qalbimga ham ko‘chdi. Bag‘rikenglik O‘zbekistonda real voqelik, hayot tarzidir. Bu jihatlar butun dunyo davlatlari uchun ibrat bo‘lishga arziydi.
Konferensiya “Dinlararo muloqot va bag‘rikenglikni ta’minlashda yangi O‘zbekiston va jahon tajribasi”, “Ta’lim va ma’rifatni rivojlantirish: dinlararo totuvlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘li”, “BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasining konfessiyalar va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashdagi o‘rni” kabi sho‘’balar asosida o‘z ishini olib bordi.
Diniy bag‘rikenglik turli e’tiqodlarning bir zamon va makonda birgalikda mavjud bo‘lishi, ular o‘rtasidagi hamkorlik va hamjihatlikning shakllanishi bilan bevosita bog‘liq. Bu, o‘z navbatida, yurt tinchligi, taraqqiyoti va umuminsoniy madaniyat rivojiga xizmat qilgan.
Nazokat Usmonova, Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA
- Qo'shildi: 18.11.2024
- Ko'rishlar: 431
- Chop etish