18-noyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Majburiy ko‘chirish: jadal urbanizatsiya sharoitida inson huquqlarini qanday kafolatlash mumkin”, degan mavzuda jamoatchilik maslahatlashuvi o‘tkazildi. Tadbir BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi.
Jamoatchilik maslahatlashuvida urbanizatsiyaning tez sur’atlarda kechayotgan jarayonlari sharoitida inson huquqlariga rioya etish bilan bog‘liq dolzarb masalalar, jumladan, majburiy ko‘chirishga duch kelgan shaxslarni himoya qilish kafolatlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, BMTning Munosib turar joy masalalari bo‘yicha Maxsus ma’ruzachisi B.Rajagopalning O‘zbekistonga yaqinda amalga oshirgan tashrifi doirasida bayon etilgan xulosa va tavsiyalari muhokama qilindi.
Tadbirda sohaga ixtisoslashgan vazirlik va idoralar, sud organlari, munosib turar joy huquqini ilgari surish va himoya qilishga qaratilgan nodavlat tashkilotlar vakillari qatnashdi. Jami ishtirokchilar soni 40 nafardan ortiq bo‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i I.Abdumajidov o‘z so‘zida O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining fuqarolarni munosib va xavfsiz uy-joyga bo‘lgan huquqini ta’minlashga qaratilgan barcha tashabbuslariga doimo hurmat bilan yondashishini ta’kidladi. BMTning Munosib uy-joy masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi B.Rajagopal tavsiyalarini amalga oshirishga qaratilgan Milliy harakatlar rejasi – “Yo‘l xaritasi” loyihasi ustida ish boshlangan.
Bundan tashqari, ishtirokchilarga hozirgi bosqichda ayni hujjat loyihasi uning imkon qadar samaradorligini, shuningdek, inson huquqlari sohasidagi milliy ustuvorliklar va xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlash imkonini beradigan amaliy taklif va tavsiyalarni olish uchun tegishli vazirlik va idoralarga yuborilgani haqida ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi nomidan Loyiha muvofiqlashtiruvchisi I.Fayzulin so‘zga chiqdi. U davra suhbatida nafaqat davlat sektori, balki fuqarolik jamiyati vakillari ham to‘planganini e’tirof etib, bu kabi muhim masalalarni muhokama qilishda inklyuziv yondashuv muhimligini ta’kidladi.
Tadbir doirasida BMTning Munosib uy-joy masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi B.Rajagopalning videomurojaati taqdim etildi. Murojaatda O‘zbekistonga tashrif yakunlari bo‘yicha taqdim etilgan tavsiyalarni amalga oshirish va samarali implementatsiya qilishda avvalo vaqt omilining ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
B.Rajagopal ta’kidlaganidek, turar-joy qurilishi inklyuzivlikka va ijtimoiy yo‘naltirilganlikka qaratilgan bo‘lishi, faqatgina ta’minlangan qatlam manfaatlariga xizmat qilmasligi lozim. Maxsus ma’ruzachi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasini ijobiy baholar ekan, uni yetarli uy-joyga bo‘lgan huquqlarni himoya qilishni yaxshilash uchun amalda qo‘llashga umid bildirdi. Shu bilan birga, uning qayd etishicha, 2017-yildan beri ko‘plab majburiy buzish holatlari bo‘yicha hanuzgacha kompensatsiya to‘lanmagan.
Bundan tashqari, fuqarolar bilan yanada yaqin hamkorlik o‘rnatish, jumladan, yuzma-yuz maslahatlashish zarurligiga e’tibor qaratildi. B.Rajagopalning O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha ma’ruza 2025-yil mart oyida taqdim etilishi, bu uy-joyga bo‘lgan huquqni himoya qilish sohasidagi xalqaro standartlarni ilgari surishda muhim qadam bo‘lishi ma’lum qilindi.
Tadbir davomida majburiy ko‘chirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Jumladan, jamoatchilik xabardorligini oshirish, fuqarolarning majburiy ko‘chirish holatlarida kompensatsiya olish huquqini adolatli ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish va ularning huquqlarini tiklash uchun qonuniy mexanizmlarni ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, O‘zbekistonning tarixiy merosini saqlash bilan bog‘liq muammolar, renovatsiya jarayonlarining shaffofligini ta’minlash, davlat, qurilish tashkilotlari va fuqarolar manfaatlarini muvozanatda ushlash masalalari muhokama qilindi. Renovatsiya jarayonlarida jamoatchilik ishtirokini ta’minlash va xalqaro tajribani milliy ustuvorliklarni inobatga olgan holda qo‘llashning ahamiyati ta’kidlandi.
Jamoatchilik maslahatlashuvi yakunida ishtirokchilar uy-joy siyosati sohasidagi dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgan hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.11.2024
- Ko'rishlar: 706
- Chop etish