Har bir mustaqil davlat o‘z taraqqiyot yo‘lini belgilar ekan, eng avvalo konstitutsiyaviy asoslarga tayanadi. Ushbu muhim hujjatda xalq farovonligi yo‘lidagi oliy maqsad va vazifalar o‘z aksini topadi. Zero, Konstitutsiya – davlatning huquqiy poydevori bo‘lib, unda jamiyat hayotining barcha jabhalarini qamrab oluvchi asosiy tamoyil va qoidalar mujassamlashgan. Aynan shu hujjat orqali davlat o‘z fuqarolarining farovon hayot kechirishi, huquq va erkinliklarining kafolatlanishi, ijtimoiy adolat tamoyillarining ustuvorligini ta’minlashga intiladi. Aynan Konstitutsiya inson huquqlarini eng oliy qadriyat sifatida inson qadr-qimmati hamma narsadan ustun ekanligini e’tirof etadi.
Bugungi kunda globallashuv jarayoni tobora tezlashib bormoqda. Bu esa o‘z navbatida inson huquq va erkinliklarini yanada yaxshiroq ta’minlash va kafolatlashni taqozo etadi. Avvalo inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasiga oid normalar Konstitutsiyada mustahkamlanishi lozim. Aynan Konstitutsiyaga muvofiq harakat qilish inson huquqlari va erkinliklarini adolatli hamda teng asosda himoya qilishni ta’minlaydi.
Ta’kidlash joizki, inson huquqlari to‘g‘risidagi qoidalar demokratik konstitutsiyalarning asosini tashkil qiladi. Konstitutsiyaviy islohotlarning muvaffaqiyati unda turli qatlam vakillarining manfaatlari inobatga olinganligi hamda ular har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishiga bog‘liq bo‘ladi.
Ma’lumki, yillar davomida Bosh qomusimiz oliy darajadagi yuridik hujjat sifatida suveren, demokratik va huquqiy davlat barpo etishda huquqiy asos bo‘lib xizmat qilib keldi. Shuningdek, mamlakatimizning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy qiyofasini, boshqaruvning demokratik shaklini, jamiyat rivojlanishining strategik yo‘nalishlarini, fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini hamda aholi turmushi farovonligini ta’minlashda muhim o‘rin kasb etdi.
Yurtimizda olib borilgan islohotlar, jumladan, jahon hamjamiyatida tutgan o‘rni va nufuzining oshirish borasidagi sa’y-harakatlar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikning rivojlanishi, shuningdek xalqaro hujjatlarga qo‘shilish hamda ularni ratifikatsiya qilish orqali mamlakatimizda inson qadr-qimmati, uning manfaatlari ustunligi dolzarb masalaga aylangani hech kimga sir emas. Bu borada mamlakatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Harakatlar strategiyasi”, “Taraqqiyot strategiyasi” va “O‘zbekiston-2030” strategiyalari davlat va jamiyatni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Har bir strategiyada xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish g‘oyalari ilgari surildi. Yangi O‘zbekistonni barpo etish bilan bog‘liq islohotlarda “inson, uning huquqlari, erkinliklari, ayniqsa, qadri eng muhim qadriyat” degan tamoyil muhim o‘ringa chiqdi. Shu bilan birga, mamlakatimizda yillar davomida amal qilib kelgan “davlat-jamiyat-inson” tamoyili yangi “inson-jamiyat-davlat” tamoyiliga o‘zgartirildi. Ushbu tamoyilni milliy qonunchilik va konstitutsiyaviy amaliyotda mustahkamlash, shuningdek, inson manfaatini har narsadan ustun qo‘yish bosh maqsad qilib olindi.
Bu islohotlar mustaqillik yillarida qabul qilingan va salkam 30-yildan ortiq xizmat qilgan Konstitutsiyamizning ba’zi normalarini takomillashtirish, bugungi kun talablariga moslashtirish zarur ekanligi, Yangi O‘zbekistonga yangilangan Konstitutsiya kerakligini ko‘rsatdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsadi- “Inson qadri uchun” hamda “Davlat-inson uchun” tamoyillarini real hayotimizga joriy etishdir. Bu masalada qonunchilikka kiritilayotgan yangiliklar, o‘zgartirish va qo‘shimchalar demokratik jarayonlarning mustahkam huquqiy asosini yaratmoqda”.
Xususan, mamlakatimizda ham bolalar, yoshlar, xotin-qizlar, keksalar, o‘qituvchilar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, xorijdagi vatandoshlarimiz, mahkumlar, bir so‘z bilan aytganda, aholining barcha qatlami huquq va manfaatlarini inobatga olgan holda real hayotdagi yirik o‘zgarishlar Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada o‘z aksini topdi.
Konstitutsiyamizda inson huquqlari va erkinliklarini to‘liq va samarali amalga oshirish hamda kafolatlashga tizimli yondashildi. Avvalo, O‘zbekistonning besh ustuni, ya’ni suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yildi, uning mazmuni tubdan takomillashtirilib, yangi bob va moddalar bilan boyitildi.
Konstitutsiyamizga asosan O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanishi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat ekanligi belgilandi. Inson huquqlariga oid normalar soni 3,5 barobardan ziyodga ko‘paygani fikrimizning yaqqol dalilidir.
Bulardan – shaxsiy huquq va erkinliklar, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar borasidagi normalar qariyb 3 barobar, inson huquqlari va erkinliklari kafolatlari 3,5 barobardan ko‘proqqa ortdi. Uchta yangi bob (amaldagi Oila bobiga qo‘shimcha bolalar va yoshlar, Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar bobiga qo‘shimcha madaniy va ekologik huquqlar, alohida advokatura bobi) bilan boyitildi. Darhaqiqat, Konstitutsiyaning 15 ta normasida davlat shart-sharoitlar yaratishi, 16 ta normasida davlat kafolatlashi, 4 ta normada davlat g‘amxo‘rlik qilishi alohida ko‘rsatib o‘tilganining o‘ziyoq davlatning oliy maqsadi inson huquqlarini ta’minlash ekanligini ko‘rish mumkin.
Jumladan, Konstitutsiyada kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilandi. Har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilandi. Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi kafolatlandi.
Endilikda, qonunchilikda aniq belgilab qo‘yilmagan masalalarda ziddiyat yuzaga kelsa, masala davlat emas, inson foydasiga hal etiladi. Chunki, Konstitutsiyamizning 20-moddasiga “Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi” degan norma kiritildi. Bu o‘z navbatida inson huquq va erkinliklarining to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mansabdor shaxslar tomonidan o‘z faoliyatida inson huquq va erkinliklarga rioya qilish va uni himoya qilish oliy maqsadga aylanganligidan dalolat beradi.
Ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy huquqlar bilan bir qatorda ilk marotaba ekologik huquqlar ham Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi. Unga ko‘ra davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi belgilab qo‘yildi.
Bundan tashqari, yangilangan Konstitutsiyada kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g‘amxo‘rlik – davlat siyosatining muhim yo‘nalishi ekanligini ko‘rish mumkin. Bu borada Konstitutsiya:
- ta’lim olish huquqi va imkoniyatini kengaytirish;
- nogironligi bor bolalarning o‘z tengdoshlari bilan bir xil ta’lim olishi uchun barcha sharoitlarni yaratish;
- o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish;
- davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi;
- davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish;
- har kimning mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqi kabi bir qator normalar bilan boyitildi.
Ushbu o‘zgarishlardan asosiy maqsad, O‘zbekistonning huquqiy tizimini yanada mustahkamlash, demokratik institutlarni rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish va ijtimoiy adolatni ta’minlashga qaratilgandir.
Binobarin, yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Hech shubhasiz, tom ma’noda xalqchil qomus bo‘lgan Asosiy qonunimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimiz ortga qaytmasligining mustahkam huquqiy kafolati bo‘lib xizmat qiladi”.
Dildora Ahmedova,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi
"Iste`mol madaniyati" gazetasi 2024 - yil 28-noyabr №22(190)-soni
- Qo'shildi: 27.11.2024
- Ko'rishlar: 770
- Chop etish