3-dekabrda bo‘lib o‘tgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson huquqlari uyi”ning tantanali ochilishi marosimida faoliyati inson huquqlarini himoya qilish va huquqiy normalarni targ‘ib qilish bilan bog‘liq bo‘lgan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat organlari mutaxassislari, yetakchi ekspertlar, ilm-fan va jamoat arboblari – jami 100 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Bundan tashqari, ushbu tantanali tadbirni mamlakatimizning 14 ta viloyatidagi Axborot-resurs markazlarida kutubxonachilar va sohamiz fidoyilari ham onlayn kuzatib bordi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining bu yilgi bayram shiori ayni shu ko‘tarinki kayfiyatga nihoyatda mos keldi. Ya’ni: “Bizning huquqlarimiz, bizning kelajagimiz, aynan hozir”.
Tadbir bir qator milliy bayram va xalqaro sanalar arafasida tashkil etilgani uning ahamiyatini oshirdi. Bu o‘rinda, xususan, 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni; 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun; 9-dekabr – O‘zbekiston Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilgan kun; 10-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun, Inson huquqlari xalqaro kuni va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 76-yilligi qutlug‘ sanalari haqida so‘z bormoqda.
Ushbu muhim milliy va xalqaro sanalar munosabati bilan Milliy markaz tomonidan “Tong yulduzi” va “Klass” bolalar gazetalari tahririyatlari hamkorligida “Inson huquqlari – bolalar nigohida” mavzusidagi tanlov o‘tkazildi. Tanlov yakunlari bo‘yicha saralab olingan ijodiy ishlar namunalari “Inson huquqlari uyi”da ko‘rgazmaga qo‘yilgan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “Inson huquqlari uyi” O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan bunyod etildi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “yangi tahrirdagi Konstitutsiya va o‘zgarayotgan qonunlarimiz avvalambor, inson qadri, uning huquq va erkinliklarining kafolatlarini sezilarli darajada kuchaytirishga xizmat qilmoqda”.
Tabiiyki, bu borada xalqaro hamkorlik munosabatlarimiz tobora izchil va tizimli tus olayotgani ulkan ahamiyat kasb etadi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning joriy yil iyul oyi boshida O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgani buni yana bir bor tasdiqladi.
2023-yil 13-15-mart kunlari BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lgandi. Mo‘tabar mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabul qildi.
O‘sha tashrif asnosida Folker Tyurk janoblari, jumladan, “Islohotlar jarayonida fuqarolik jamiyatining to‘laqonli ishtirokini ta’minlash uchun davlat muassasalari kerakli shart-sharoit yaratishi lozim”, degan taklifni bildirgandi. Mazkur taqdimotimiz ham BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarining ushbu tavsiyasiga aynan monanddir.
Olis tarixda, bundan 5 ming yildan ortiq vaqt ilgari insoniyat bebaho bilimlar manbai – kutubxonani kashf etgan. Misr fir’avni Ramzes Ikkinchi o‘zining kitoblar saqlanadigan qasrini – “Qalb dorixonasi” deb ulug‘lagani bejiz emas.
Hatto I asrga kelib ham, kitoblar biz – insonlar uchun xayoliy dunyomiz bilan hayotiy dunyomiz o‘rtasidagi ishonch ko‘prigi vazifasini o‘tamoqda. Biz aynan kitoblar yordamida orzularimizni ro‘yobga chiqaramiz, ong-tafakkurimizni yuksaltiramiz va dunyoqarashimizni kengaytiramiz.
Xususan, Alisher Navoiy she’riyati go‘zallik haqida o‘ylashga, birovning boshiga tushgan tashvishga befarqu loqayd bo‘lmaslikka, hayotda hamisha faol va adolatparvar bo‘lib yashashga undaydi.
Frans Kafkadek bizni teran tushunadigan boshqa birov ham bormikan, deb o‘yga tolamiz uning kitoblarini o‘qiganda. Ernest Xeminguey o‘z asarlari orqali o‘rgatgan jasorat saboqlariga nima yetsin! Binobarin, “Eng yaxshi do‘stim – menga hali o‘qimagan kitobimni sovg‘a qilgan do‘stimdir”, deya haqqoniy e’tirof etgan Avraam Linkoln. Ikki ming yillar muqaddam buyuk Konfutsiy shunday hikmatni bitib qoldirgan ekan: “Qanchalik band bo‘lsangiz – o‘z ishingiz, ammo mutolaa uchun vaqt topmog‘ingiz shart”. Zamondosh adibimiz Chingiz Aytmatov esa bunday deb ta’kidlagan: “Kitobda ajib bir ilohiy kuch bor, chunki sen uni ochganing sari u seni ochadi”.
“Inson huquqlari uyi”ning ochilishi mamlakatimizning inson huquqlarini himoya qilish tizimi taraqqiyoti yo‘lida muhim qadam bo‘lishiga ishonaman. Ushbu ma’rifat maskani faoliyatini tashkil etishda yaqindan bizga yordam bergan hamkorlarimizga, xususan: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi; Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi; Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda “O‘zinfokom” Davlat axborot tizimlarini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integratori, boshqa hamkor tashkilotlar rahbariyati va mutaxassislariga chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman.
Yana bir muhim soha – “Inson huquqlari uyi”ga kitoblar taqdim etish borasida:
· O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi – 500 ta;
· Xitoy Xalq Respublikasining Elchixonasi – 168 ta;
· “Taraqqiyot strategiyasi” markazi – 168 ta;
· Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi – 153 ta kitob tuhfa etganini alohida ta’kidlamoqchiman.
Shuningdek, Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim oy jamiyati, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish Butunjahon jamiyati, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, “Adolat” nashriyoti, “Renessans” xususiy nashriyoti, Kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Ishonch” gazetasi tahririyati kabi yana ko‘plab tashkilot va muassasalar hamda ma’rifatparvar insonlar tomonidan “Inson huquqlari uyi”ga kitoblar taqdim etildi.
Shu munosabat bilan ana shu tashkilot va muassasalar jamoasiga, ziyoli ahli vakillariga ezgu ishga hissa qo‘shganliklari uchun samimiy tashakkur izhor etaman.
Milliy markaz binosida “Xalqaro migratsiya tashkiloti xonasi” ishlab turibdi. Ushbu kabinet to‘laligicha xalqaro hamkorimiz tomonidan jihozlangan. Shu ma’noda, Milliy markaz boshqa hamkorlarimiz – xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari va xorijiy davlatlar elchilari ham xuddi shunday ixtisoslashgan tarzda jihozlangan kabinetlar tashkil etishiga hamisha tayyor. Biz bundan manfaatdormiz.
Yangi O‘zbekistonning “Inson huquqlari uyi” – inson huquqlari sohasidagi ta’lim, ma’rifat va madaniyat ramzidir. Bu ma’rifat maskanining faoliyati kelgusida oflayn va onlayn tarzda yo‘lga qo‘yiladi. Uning xizmatidan nafaqat Toshkent shahrida yashaydigan, balki mamlakatimizning barcha hududlarida istiqomat qiladigan fuqarolar emin-erkin foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
Shunday qilib, bugun rasman ochilgan “Inson huquqlari uyi” nafaqat shu soha mutaxassislari, balki barcha sohalarda izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar, qalamkash olimu adiblar, zamonaviy bilimlarni egallayotgan talaba va o‘quvchilar – butun xalqimizga keng ochiq.
Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
- Qo'shildi: 03.12.2024
- Ko'rishlar: 470
- Chop etish