10-dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi “Inson huquqlari uyi”da shoir va tarjimon, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzo qalamiga mansub “Ezgulik taqvimi: niyat, so‘z va amal birligi” nomli kitobning taqdimoti bo‘ldi. Tadbir 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun va 10-dekabr – Inson huquqlari xalqaro kuniga bag‘ishlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov taqdimotni ochar ekan, har qaysi jamiyat a’zolari uchun ish va dam olish kunlari mamlakat taraqqiyoti va milliy farovonlikka bevosita xizmat qilishi jihatidan qanchalik ahamiyatli bo‘lsa, bayram kunlari, muhim milliy va xalqaro sanalar ham shunchalik qadrli ekanligini ta’kidladi.
Shu ma’noda, kitobda muhim milliy va xalqaro sanalar hamda qutlug‘ bayramlarga bag‘ishlangan 70 ta maqola va sharh jamlangani e’tiborga loyiq. Ushbu kitob “Inson huquqlari uyi” tashabbusi bilan chop etilgan dastlabki yangi nashr hisoblanadi.
Taqdimotda so‘zga chiqqan huquqshunos, jurnalist va adiblar ushbu to‘plam kitobxonning turli bayramlar va muhim sanalar haqidagi tushuncha hamda tasavvurini yanada boyitishga xizmat qilishini e’tirof etdilar. Shuningdek, u o‘quvchi va talaba yoshlar ayni yo‘nalishda mustaqil ijodiy ishlarni bajarish borasida zarur ko‘nikma va tajriba o‘rganishi uchun ham qo‘l keladi.
G‘ulom Mirzoning yangi kitobi ilm va izlanish yo‘lidagi navqiron tadqiqotchilar uchun ham foydadan xoli emas. Chunki unda Internet jahon axborot tarmog‘ida uchramaydigan nodir manbalarda bitilgan ko‘plab zarur ma’lumotlar, muallif o‘z hayot yo‘lida guvohi bo‘lgan tarixiy voqealar bilan bog‘liq muhim dalillar ham qayd etilgan.
Tadbir yakunida taqdimot ishtirokchilariga “Ezgulik taqvimi: niyat, so‘z va amal birligi” kitobi tuhfa etildi. Bir turkum kitoblar “Inson huquqlari uyi” kitob fondiga topshirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.12.2024
- Ko'rishlar: 373
- Chop etish