10-dekabr kuni Toshkent shahrida “O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75-yilligini nishonlash kampaniyasi doirasida o‘z zimmasiga olgan ixtiyoriy majburiyatlarini bajarishi holati” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjuman Xalqaro inson huquqlari kuniga bag‘ishlandi.
Tadbirda asosan O‘zbekiston tomonidan inson huquqlari sohasida qabul qilingan ixtiyoriy majburiyatlarni amalga oshirish holati atroflicha tahlil qilindi. Bu borada erishilgan yutuqlar xolis baholandi va mavjud muammolarni aniqlash orqali inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishga qaratilgan istiqboldagi strategiyalarni ishlab chiqishga alohida ahamiyat berildi.
Tadbirda 30 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Parlament a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, akademik hamjamiyat va xalqaro tashkilotlar vakillari shular jumlasidandir.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirokchilarni Xalqaro inson huquqlari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun bilan samimiy tabrikladi. Bu ikki tarixiy sana inson huquqlarini himoya qilish va milliy qadriyatlarni asrab-avaylash borasidagi o‘zaro chambarchas bog‘liqlikni ifodalashini ta’kidladi.
A.Saidov Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va unda qayd etilgan global konsensusni “barcha xalqlar va barcha millatlar uchun umumiy yutuq standarti” sifatida baholadi. Bugungi kunda O‘zbekiston inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarini bajarish yo‘lida amalga oshirayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar samaralariga batafsil to‘xtaldi.
Xususan, bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish, bolalar va ayollar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish, qiynoqlarga qarshi kurashish kabi yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar e’tiborga loyiq. Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya doirasidagi muhim vazifalar izchil amalga oshirilayotgani mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘sini mustahkamlashga hamda inson huquqlari va erkinliklariga hurmat madaniyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
O‘z navbatida, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi nomidan Loyiha muvofiqlashtiruvchisi I.Fayzulin so‘zga chiqdi. U davra suhbatida nafaqat davlat sektori, balki fuqarolik jamiyati vakillari ham to‘plangani diqqatga sazovorligiga e’tiborni qaratib, bunday dolzarb masalalarni muhokama qilishda inklyuziv yondashuv muhimligini ta’kidladi.
Respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi ”Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari Oynisa Musurmonova xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash va himoya qilish masalalari O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Mamlakatda bu boradagi islohotlar va qabul qilingan dasturlar natijasida gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan qonunchilik bazasi izchil takomillashtirilganiga diqqatni qaratdi.
Shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari Bekzod Narimonov qiynoqlarni taqiqlash va ularning oldini olish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan qabul qilingan ixtiyoriy majburiyatlarning bajarilishi jarayonlariga atroflicha to‘xtaldi. Mamlakatda inson huquqlari sohasidagi islohotlar doirasida qiynoqlarning har qanday shaklini taqiqlashga oid muhim qonunlar va normativ hujjatlar qabul qilingani e’tirof etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova biznes sohasida inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish bo‘yicha O‘zbekistonning ixtiyoriy majburiyatlari bajarilishi jarayoni haqida so‘z yuritdi. Ushbu yo‘nalishda, ayniqsa, biznes faoliyatining inson huquqlariga ta’sirini baholash, himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish va halol ishbilarmonlik tamoyillarini joriy etish muhimligi ta’kidlandi.
D.Muratova, shuningdek, O‘zbekistonda inson huquqlari va biznes o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni hisobga olgan holda, davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar zarurligini qayd etdi. Jumladan, xalqaro normalarga muvofiq etika kodekslarining joriy etilishi va mehnat huquqlarini himoya qilish borasidagi islohotlarning ahamiyati alohida e’tiborga molikdir.
Ishtirokchilar ixtiyoriy majburiyatlarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qilish maqsadida 5 ta tematik guruhga bo‘lingan holda muhokamalar o‘tkazdi. Xususan:
birinchi guruhda – ta’lim sohasidagi chora-tadbirlar ijrosini kuchaytirish;
ikkinchi guruhda – biznes sohasida inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilishga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish;
uchinchi guruhda – yoshlar huquqlarini ta’minlash va himoya qilishga oid chora-tadbirlarni bajarish;
to‘rtinchi guruhda – xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash va himoya qilish;
beshinchi guruhda – qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazolash shakllarining oldini olish mavzulari muhokama qilindi.
Davra suhbati yakunida har bir guruh moderatori rahbarligida mavzu yuzasidan muhim mexanizmlar ishlab chiqishga qaratilgan konstruktiv fikrlar bildirildi. Shu asosda istiqbolda bajariladigan amaliy choralar-tadbirlar belgilab olindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.12.2024
- Ko'rishlar: 349
- Chop etish