Ertaga, 13-dekabr kuni Toshkentda “Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Tanlov inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.
Ushbu tanlov Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqi bilan o‘zaro hamkorlikda o‘tkazildi. Bunda Prezidentimizning 2023-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori talablaridan kelib chiqildi.
Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tadqiqotlar jamiyat taraqqiyotining asosiy omillaridan hisoblanadi. Shuning uchun ayni sohadagi ijodiy g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida 2020-yildan boshlab ushbu milliy tanlov o‘tkazib kelinmoqda.
Tanlov bo‘yicha oldingi yillar natijalariga taalluqli qisqacha ma’lumotga ko‘ra:
· 2020-yilda “Raqamli iqtisodiyot, inson huquqlari sohasida ta’lim va tadqiqotlar” mavzusida 12 nominatsiyada tashkil etilgan tanlovda 80 dan ortiq;
· 2021-yilda “Raqamli avlod. COVID-19 pandemiyasi davrida inson huquqlari bo‘yicha ta’lim” mavzusida 4 nominatsiya bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda 60 dan ziyod;
· 2022-yilda “Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tadqiqotlar” mavzusida bo‘lib o‘tgan tanlovda 70 dan ortiq;
· 2023-yilgi “Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar” mavzusiga bag‘ishlangan tanlovda 80 dan ziyod ishtirokchi qatnashgan.
Bu yilgi tanlov “Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar” mavzusida o‘tkazildi. Tanlov 1-iyun kuni e’lon qilingan bo‘lib, 1-noyabrga qadar davom etdi. Jami 6 ta nominatsiya bo‘yicha tanlov tashkil etilib, 819 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Tanlov nizomida agar qaysidir nominatsiya bo‘yicha 3 ta va undan kam ariza kelib tushgan taqdirda, tanlov o‘tkazilmasligi belgilangan. Shu sababli “Inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan eng yaxshi o‘quv adabiyotlari” va “Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi o‘quv kursi” nominatsiyalarida ishtirokchilar soni kam bo‘lgani uchun bu yo‘nalishlarda g‘oliblar aniqlanmadi.
Ya’ni, hozirda faqat 4 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Ertaga ularning nomlari e’lon qilinadi.
Inson huquqlari sohasida ta’lim va innovatsiyalarni yanada rivojlantirish, yosh avlodning huquqiy madaniyatini oshirish va ijtimoiy masalalarga yechim topish yo‘lidagi bunday tashabbuslar kelgusida ham davom ettiriladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.12.2024
- Ko'rishlar: 310
- Chop etish