“Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar” tanlovi: g‘oliblar taqdirlandi

13-dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida "Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar" milliy tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov olib bordi.

Tantanali tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining yangi ochilgan «Inson huquqlari uyi»da oflayn va onlayn tarzda o‘tkazildi. Taqdirlash jarayonini poytaxtimizdagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlaridagi axborot-resurs markazlarida kutubxona xodimlari hamda tanlov g‘oliblarining yaqinlari ham to‘g‘ridan to‘g‘ri kuzatib borish imkoniga ega bo‘ldi.

Tanlov Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Yoshlar ittifoqi hamkorligida tashkil etildi. Ushbu tanlov O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori talablari asosida o‘tkazildi.

Tanlov joriy yilning 1-iyunidan – 1-noyabriga qadar davom etdi. Unda asosiy e’tibor inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalarni rag‘batlantirish orqali aholining barcha qatlamlari o‘rtasida huquqiy madaniyat va savodxonlikni oshirish, shuningdek, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.

Tanlov 6 ta nominatsiya bo‘yicha o‘tkazildi va 819 ishtirokchi qatnashdi. Nizomga ko‘ra, agar ma’lum bir nominatsiya bo‘yicha 3 ta yoki undan kam ariza kelib tushgan bo‘lsa, o‘sha nominatsiyada tanlov o‘tkazilmaydi. Shu sababli “Inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan eng yaxshi o‘quv adabiyotlari: bosma va elektron o‘quv adabiyoti” hamda “Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi o‘quv kursi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblarni aniqlash masalasi ko‘rib chiqilmadi.

Hakamlar hay’ati tomonidan taqdim etilgan arizalar va ijodiy ishlar sinchkovlik bilan o‘rganib chiqildi. Natijada 4 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Quyidagi g‘oliblarga diplom va sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi:

 “INSON HUQUQLARI VA ERKINLIKLARIGA BAG‘ISHLANGAN ENG YAXSHI VIDEOROLIK”

1-o‘rin Mo‘minova Muxlisa Latif qizi “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy- tadqiqot universiteti Ekologiya va huquq fakulteti yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishi 3-bosqich talabasi.

2-o‘rin Adiljanov Behruzbek Akmalovich Toshkent viloyati, Nurafshon shahridagi Prezident maktabining 10-sinf o‘quvchisi.

3-o‘rin Azizova Charos Yashin qizi Samarqand shahar 49-maktabning 4-sinf o‘quvchisi.

 “INSON HUQUQLARI BO‘YICHA ENG YAXSHI MAQOLA: ENG YAXSHI ILMIY MAQOLA VA ENG YAXSHI OMMABOP MAQOLA”

ENG YAXSHI ILMIY MAQOLA

1-o‘rin Saidov Sanjar Shavkatovich O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti “Siyosiy fanlar” kafedrasi dotsenti.

2-o‘rin Maxmudova Hurmatxon Muxtorovna Buxoro davlat universiteti yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishi talabasi.

3-o‘rin Rasulov Sarvarbek Zubaydulloyevich Toshkent davlat yuridik universiteti, Jinoiy odil sudlov fakultetining  3-kurs talabasi.

ENG YAXSHI OMMABOP MAQOLA

3-o‘rin Primkulova Feruza Amirkulovna Toshkent davlat yuridik universtiteti 3-bosqich sirtqi ta’lim talabasi, Yuristlar malakasini oshirish markazi Xususiy-huquqiy fanlar kafedrasi kabinet mudiri.

 “INSON HUQUQLARI BO‘YICHA ENG YAXSHI INNOVATSION G‘OYA MUALLIFI”

1-o‘rin Esonova Mehriniso Umidjon qizi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabasi.

2-o‘rin Tuxtasinov Nurillo Ismoiljon o‘g‘li Toshkent davlat yuridik universiteti “Davlat boshqaruvi” kafedrasi o‘qituvchisi.

3-o‘rin Ro‘ziyeva Munisaxon Shuxrat qizi “Nur ziyo” bolalar bog‘chasida tarbiyachisi.

3-o‘rin Ibrohimova Oybonu Iqboljon qizi Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi M.S.Vosiqov nomidagi akademik litsey o‘qituvchisi.

 “INSON HUQUQLARI BILIMDONI”

1-o‘rin Yozilov Dilshodbek Bahriddin o‘g‘li Toshkent davlat yuridik universitetining Jinoiy odil sudlov yo‘nalishi 1-kurs talabasi.

2-o‘rin Sodiqov San’at Mardonovich Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumani, Zarangari MFY.

3-o‘rin Abdullayev Suhrobjon Tolibjon o‘g‘li Toshkent davlat yuridik universitetining Jinoiy odil sudlov yo‘nalishi 1-kurs talabasi.

Shuningdek, inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘quv kurslarida faollik ko‘rsatgan hamkor tashkilotlarga tashakkurnomalar taqdim etildi.

Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-yilligi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 76-yilligi va 10-dekabr — Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan e’lon qilingan "Inson huquqlari o‘n kunligi" doirasida o‘tkazildi.

Milliy tanlov inson huquqlari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalarni rag‘batlantirish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, hamda ushbu sohada ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Tanlov g‘oliblari va faol qatnashchilarining muvaffaqiyatlari inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarga rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

UzDaily.uz

Powered by GSpeech