O‘zbekiston bolalar va o‘smirlarining «Tong yulduzi» gazetasi uzoq yillardan buyon Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlik qilib keladi.
Hamkorlik doirasida shu yilning fevral oyida maktab o‘quvchilari uchun «Inson huquqlari – bolalar nigohida» respublika tanlovi e’lon qilingan edi. O‘quvchilar «Eng yaxshi maqola va insho», «Eng yaxshi she’r», «Eng yaxshi rasm», «Eng yaxshi videorolik» yo‘nalishlari bo‘yicha ijodiy ishlarini yil davomida taqdim etishdi.
13-dekabr kuni ana shu tanlov g‘oliblari taqdirlandi.
Taqdirlash marosimi kuni kecha tantanali ochilish marosimi bo‘lgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida «Inson huquqlari uyi»da bo‘lib o‘tdi. Eng quvonarlisi, tanlov yakunlari bo‘yicha saralab olingan ijodiy ishlar namunalari «Inson huquqlari uyi»ning ochilishida ko‘rgazmaga qo‘yildi. Natijada, iqtidorli bolajonlarimiz o‘z ijodiy ishlarining ushbu ma’rifat maskanida naqadar e’zozlanayotganidan boshlari osmonga yetdi.
Yosh gazetxonlarimizning tanlovga yo‘llagan ijodiy ishlarini kuzatib, bir haqiqatga amin bo‘ldim. Gap shundaki, inson huquqlari har qanday jamiyatning tinchligi, barqarorligi, adolatli rivojlanishining asosiy tamoyili bo‘lsa, inson qadri bu boradagi eng oliy ne’matdir.
Shukurki, navqiron avlodimiz ana shu hikmatlar zamiridagi hayotiy haqiqatlarni tobora teran tushunib bormoqdalar.
Bu esa o‘zlarining tanlovga yuborgan ijodiy ishlarida aks etmoqda.
– «Inson huquqlari – bolalar nigohida» tanlovining g‘olibi bo‘lganimdan juda xursand bo‘ldim, – deydi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabining 10-sinf o‘quvchisi Samariddin Qodiriy. – Taqdirlash marosimida akademik Akmal Saidov qo‘lidan diplomni olar ekanman, «Bobong kim?» deb so‘radilar.
Men kuchli hayajon va faxr bilan «Abdulla Qodiriy!», deya javob berdim. «Bobongdan-da kuchli yozuvchi bo‘lgin!», deb qo‘shimcha qildi akademik.
«Abdulla Qodiriyga munosib voris bo‘lishga so‘z beraman», dedim hayajon ila.
– Taqdirlash marosimiga ota-onam bilan keldik. Buni qarangki, biz chizgan rasm «Inson huquqlari uyi»dan joy olibdi. Bizdan-da ko‘proq ota-onamiz quvonishdi. Ularni xursand ko‘rishdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak, – deydi Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumanidagi 1-umumta’lim maktabining 4-sinf o‘quvchilari Sharofiddin Abdurasulov hamda Alisherbek Aliboyev.
– Men birinchi marotaba poytaxtga onam bilan keldim. Birinchi marotaba tanlovda ishtirok etdim. Birinchi marotaba poyezdga chiqdim. Mening maqola yo‘nalishidagi ijodiy ishim ham 1-o‘ringa loyiq ko‘rildi.
Xullas, hammasi birinchisi bo‘ldi. Bu kunni hech qachon unutmayman, – deydi Qoraqalpog‘ iston Respublikasi, To‘rtko‘l tumanidagi 45-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Munisaxon Mambetsoliyeva.
«Inson huquqlari – bolalar nigohida» tanlovi g‘oliblari kelgusida inson huquqlari sohasida eng yetuk, bilimli, sohaning xolis va odil mutaxassislari sifatida bu suronli hayot maydonida o‘zlarini dadil namoyon etishlariga ishonamiz. Bu borada o‘quvchilarimiz izlanishda davom etadilar. Zero, «Inson huquqlari uyi»ning ochilish marosimida so‘z olgan milliy, xorijiy va xalqaro darajalardagi nufuzli ekspertlar inson huquqlarini ta’minlash – qandaydir yakuniy marra emasligini, aksincha, ayni yo‘nalishdagi ishlar izchil davom etadigan uzluksiz jarayon ekanligini ta’kidlashdi. Shu nuqtayi nazardan, Milliy markaz bilan hamkorlik faoliyatimiz ham izchil va bardavom bo‘lishiga umid qilamiz.
«TONG YULDUZI» gazetasining 2024-yil 51-soni
- Qo'shildi: 16.12.2024
- Ko'rishlar: 300
- Chop etish