O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan umummilliy harakat – “Yashil makon” loyihasi mamlakatning ekologik barqarorligi va aholining hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli tashabbuslardan biridir. Bu loyiha doirasida Zangiota tumani O‘rtaovul mahalla fuqarolar yig‘inida muhim tadbir tashkil etildi. Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, xalq deputatlari Zangiota tumani Kengashi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Zangiota tumani Kengashi vakillari, olimlar, deputatlar, mahalla oqsoqollari hamda mahalla faollari – mahalla yettiligi ishtirok etishdi.
O‘zbekistonda har bir yilning o‘ziga xos nomlanishi mamlakat taraqqiyoti uchun aniq yo‘nalishlarni belgilab berishi bilan ahamiyatlidir. Shu ma’noda, kirib kelayotgan 2025-yilning “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi mamlakatda ekologik barqarorlikka erishish va resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu tashabbus nafaqat atrof-muhit muhofazasi, balki iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy taraqqiyot uchun ham mustahkam poydevor yaratadi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida belgilangan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga asoslangan rivojlanish, mamlakat iqtisodiyotining yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, aholining turmush darajasi va sifatini yanada oshirish kabi maqsadlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, o‘simlik va hayvonot dunyosiga boy yangi hududlarni barpo etish hamda ekologik vaziyatni barqarorlashtirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
“Yashil makon” loyihasi doirasida o‘tkazilgan mazkur tadbirda 1000 tup terak va 200 tup pavloniya daraxti ko‘chatlari ekilishi muhim amaliy qadam bo‘ldi. Teraklar tez o‘suvchanligi va havoni tozalash xususiyati bilan mashhur bo‘lsa, pavloniya daraxti ekologik va iqtisodiy jihatdan o‘ta foydali hisoblanadi. Uning yog‘ochi qurilish, mebelsozlik va sanoat uchun katta qiymatga ega bo‘lib, quyosh energiyasini ham yaxshi to‘playdi.
Mazkur tadbir faqat ko‘chat ekish bilan cheklanmasdan, aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirishga, tabiatga bo‘lgan mas’uliyatni kuchaytirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir. Mahalliy jamoatchilik vakillari, olimlar hamda yoshlar ishtirokida amalga oshirilgan bu ezgu ish nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlodlar manfaatlariga xizmat qiladi. Zero, sof havo, yashil muhit va sog‘lom ekotizim kelajak avlodlarga qoldiradigan eng katta boyligimizdir.
Tadbir ishtirokchilari “Yashil makon” loyihasi doirasida bunday tashabbuslarni har bir mahallada keng qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish masalasida fuqarolarning faolligini oshirish, yosh avlodga ekologik ta’lim-tarbiya berish hamda yangidan-yagi daraxtzorlar barpo etish ishlarini jadallashtirish muhimligini qayd etdilar.
“Yashil makon” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan har bir tadbir – bu tabiatga g‘amxo‘rlik va kelajak uchun qo‘yilayotgan beqiyos hissadir. Bu kabi loyihalar tufayli O‘zbekistonning har bir burchagi yashil maskanga aylanib, nafaqat ekologik, balki iqtisodiy taraqqiyotga ham katta hissa qo‘shadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 17.12.2024
- Ko'rishlar: 332
- Chop etish