Taniqli shoir va tarjimon, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzoning “Ezgulik taqvimi: niyat, so‘z va amal birligi” nomli kitobi yaqinda nashrdan chiqdi. Ushbu nashr Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida yangi ochilgan “Inson huquqlari uyi”ning yorlig‘i bilan chop etilgan birinchi kitob hisoblanadi.
Avvalo, G‘ulom Mirzoning yangi kitobi nomi haqida muxtasar to‘xtalamiz. Fikrimizcha, “Ezgulik taqvimi” degan ibora juda topib qo‘llanilgan. Chunki har bir bayram, qutlug‘ ayyom va muhim sananing asl mohiyati ezgulikdan iboratdir.
Shunday fayzli kunlarda insonlar qarindosh-urug‘lari, do‘stu qadrdonlari bilan ko‘rishish va birga hordiq chiqarishga fursat topadi. Qadimiy va navqiron shaharlarimiz, muzeylar, ziyoratgoh va go‘zal go‘shalarni tomosha qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Kitob nomidagi boshqa so‘zlarning ham o‘ziga xos chuqur-ma’no-mantig‘i bor. Xususan:
niyat – har bir insonning yaxshi kunlarda bajo etishni istaydigan ezgu tilaklariga ishorat;
so‘z – shu niyatning ijobat bo‘lishi va ro‘yobga chiqqani haqida jamiyatda emin-erkin so‘z yuritilishi ifodasi;
amal – bu boradagi fuqarolarning niyati va jamiyatning so‘zi yerda qolmayotgani, aksincha, davlat tomonidan bayramlar va muhim sanalarni munosib nishonlash uchun barcha sharoitlar yaratilayotgani tasdig‘idir.
Yangi kitob hajman salmoqli (372 bet) va mazmunan qamrovdor bo‘lib, turli bayramlar va muhim sanalarga bag‘ishlangan 70 ta maqola va sharhni o‘zida jamlagan. Bu haqda so‘z borganda, har qaysi jamiyat a’zolari uchun ish va dam olish kunlari mamlakat taraqqiyoti va milliy farovonlikka bevosita xizmat qilishi jihatidan qanchalik ahamiyatli bo‘lsa, bayram kunlari, muhim milliy va xalqaro sanalar ham shunchalik qadrli ekanligini ta’kidlash lozim. Chunki ayni shu sanalar:
birinchidan, xalqning boy madaniy merosi va o‘ziga xosligini asrab-avaylash, har bir fuqaroda vatanga daxldorlik, milliy birdamlik va g‘urur tuyg‘ularini kuchaytirishga;
ikkinchidan, jamiyat a’zolarining jahon sivilizatsiyasi bilan uyg‘un tarzda rivojlanishi va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol topishiga;
uchinchidan, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining tub ildizlaridan yanada yaxshiroq xabardor bo‘lish hamda ana shu huquqlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatishga muayyan darajada xizmat qiladi.
Odatda, taqvim yoki kalendar – yil, oy va kunlar, asosiy bayramlar haqidagi axborotdan iborat bo‘ladi. Bir kalendar yili 365 (kabisa yilida – 366) kunni tashkil etib, shu kunlarning har qaysisida butun dunyo bo‘ylab bir nechta, ba’zan hatto o‘nlab bayramlar, milliy va xalqaro sanalar nishonlanadi.
G‘ulom Mirzoning yangi kitobida shunday muhim sana va bayramlarning yetmishtasiga bag‘ishlangan maqola va sharhlar o‘z mujassamini topgan. Kitobning bitilishi tarixiga kelsak, obrazli qilib aytganda, uni “ikki daryoning qo‘shilishi” hosilasi, deyish mumkin.
Gap shundaki, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida ko‘p yillardan buyon BMT xalqaro sanalarini targ‘ib etish dasturi doirasida ilmiy-huquqiy maqolalar yozish an’anaga aylanib ulgurgan. Shuningdek, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA amaliyotida ancha vaqtdan beri “Muhim sanalar taqvimi” bo‘yicha izchil publitsistik maqolalar tayyorlash tajribasi rivojlanayotganidan ham xabardorman.
Kitob muallifi shu har ikki tashkilotda ancha yillar ishlashi asnosida zikr etilgan an’analarga qat’iy amal qilishiga amin bo‘lganman. Shuning uchun “Ezgulik taqvimi” kitobi ham aynan 2 qismdan iborat. Birinchi qism – milliy sanalarga bag‘ishlangan maqolalar 21 tani tashkil etsa, ikkinchi qism – xalqaro sanalarga oid maqola va sharhlar 49 tadan iborat.
O‘z navbatida, birinchi qismdagi maqolalarni bir nechta yo‘nalish bo‘yicha tasniflash mumkin.
Birinchi yo‘nalish – rasmiy ravishda o‘tkaziladigan bayramlarga oid maqolalar. Har qaysi mamlakatda bayram kunlari va muhim sanalarning nishonlanishi tartibi davlat tomonidan bevosita belgilanadi. Xususan, O‘zbekistonda har yili rasmiy ravishda o‘tkaziladigan va dam olish kuni deb belgilangan bayramlar:
· Yangi yil – 1-yanvar;
· Xalqaro xotin-qizlar bayrami – 8-mart;
· Navro‘z bayrami – 21-mart;
· Xotira va qadrlash kuni – 9-may;
· Mustaqillik bayrami – 1-sentyabr;
· O‘qituvchilar va murabbiylar bayrami – 1-oktyabr;
· O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni ‒ 11-noyabr;
· Konstitutsiya kuni – 8-dekabr.
Mamlakatimizda musulmonlarning asosiy bayram kunlari –Ramazon Hayit va Qurbon Hayit ham nishonlanadi. Bu sanalar oy tutilishiga ko‘ra aniqlanadi.
Kitobda ushbu rasmiy bayramlarning aksariyati atroflicha talqin etilgan maqola va sharhlar bor.
Ikkinchi yo‘nalish – kasb bayramlariga bag‘ishlangan maqolalar. Dam olish kuni etib belgilangan bo‘lmasa-da, keng nishonlanadigan bunday milliy sanalar ham anchagina. Kitobdan, jumladan, 2024-yil 4-iyun – mamlakatimizda tarjimonlar uchun xalqaro mukofot ta’sis etilgan kun, 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni, 31-avgust – Qatag‘on qurbonlari kuni munosabati bilan yozilgan maqolalar o‘rin olgan.
Uchinchi yo‘nalish – muhim xalqaro-huquqiy ahamiyatga ega tarixiy voqealarga oid maqolalar. Xususan, 2-mart – O‘zbekiston Respublikasi BMTga a’zo bo‘lgan kun, 2-iyul – O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun, 18-noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlangan maqolar shu turkumga mansubdir.
To‘rtinchi yo‘nalish – ulug‘ ajdodlarimiz va atoqli shaxslar tavallud sanalari bo‘yicha yozilgan maqolalar. Bu o‘rinda, jumladan, 9-fevral – Alisher Navoiy hazratlari tavallud topgan kun, 14-fevral – Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun, 9-aprel – Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan kun, 1-mart – O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tug‘ilgan kun, 3-mart – O‘zbekiston xalq baxshisi Shomurod baxshi Tog‘ay o‘g‘li tug‘ilgan kun kabi sanalarga bag‘ishlangan maqolalar haqida so‘z bormoqda.
Beshinchi yo‘nalish – alohida ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega tarixiy voqealarga oid maqolalar. Jumladan, 2-mart – “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati tashkil topgan kun, 2023-yil 11-aprel – oiladagi zo‘ravonlikka qarshi qonun qabul qilingan kun, 30-iyun – Yoshlar kuni, 2019-yil 14-sentyabr – To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan kun, 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan maqola va sharhlar yozilgan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning rasmiy sanalarni nishonlash davrida to‘liq dam olishi uchun shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda O‘zbekiston Prezidentining farmon va qarorlari asosida qo‘shimcha dam olish kunlari belgilanmoqda.
Ayniqsa, «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish uchun dam olish va bayram kunlaridan samarali foydalanish ta’minlanayotgani diqqatga sazovor.
O‘z navbatida, uzaytirilgan bayram, ya’ni ishlanmaydigan kunlarda xodimlar va ularning oila a’zolari maroqli dam olishini ta’minlash yuzasidan kasaba uyushmalari tashkilotlari o‘z ishini faollashtirmoqda. Tegishli vazirlik va tashkilotlar madaniy meros obyektlari, muzeylar va mehmonxona xizmatlari, sanatoriylar va sog‘lomlashtirish muassasalari, shuningdek, ichki transport qatnovlari uchun chegirmalar berishni yo‘lga qo‘ymoqda.
“Ezgulik taqvimi” kitobining ikkinchi qismi rang-barang xalqaro sanalar talqiniga bag‘ishlangan maqola va sharhlardan iborat. Bu ijod mahsullarini sohalarga oid mavzular asosida turkumlarga ajratish o‘rinli, deb o‘ylaymiz.
Birinchi turkum – inson huquqlari bilan bog‘liq sanalar: 28-yanvar – Xalqaro shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish kuni, 20-fevral – Butunjahon ijtimoiy adolat kuni, 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni, 20-mart – Xalqaro baxt kuni, 7-aprel – Butunjahon salomatlik kuni, 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni, 12-iyun – Jahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni, 18-iyun – Xalqaro nafrat tiliga qarshi kurashish kuni, 26-iyun – Qiynoqlar qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni, 30-iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni, 1-oktyabr – Xalqaro keksalar kuni, 16-noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni, 20-noyabr – Butunjahon bolalar kuni, 10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni bo‘yicha yozilgan maqola va sharhlar.
Ikkinchi turkum – inson huquqlari sohasida faoliyat yuritadigan xalqaro tuzilmalar tashkil topgan sanalar: 27-fevral – Butunjahon nohukumat tashkilotlari kuni, 15-mart – BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tashkil topgan kun, 24-oktyabr – BMT tashkil topgan kunga doir maqolalar.
Uchinchi turkum – so‘z va axborot erkinligi, jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oid sanalar: 3-may – Jahon matbuot erkinligi kuni, 15-iyun – Butunjahon keksalarga nisbatan suiiste’molliklar haqidagi axborotlarni tarqatish kuni, 8-sentyabr – Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni, 28-sentyabr – Axborotdan erkin foydalanish xalqaro kuni, 2-noyabr – Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosiz qolishga barham berish xalqaro kuniga bag‘ishlangan maqolalar.
To‘rtinchi turkum – axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, matbaa va noshirlik, ilg‘or texnika yutuqlariga oid sanalar: 28-yanvar – Xalqaro internetsiz kun, 6-fevral – Butunjahon mobil telefondan voz kechish kuni, 13-fevral – Butunjahon radio kuni, 2024-yil 21-mart – BMT Bosh Assambleyasining sun’iy intellekt bo‘yicha rezolyutsiyasi qabul qilingan kun, 3-aprel – qo‘l telefonining tug‘ilgan kuni, 23-aprel — Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni, 16-iyul – Sun’iy intellekt e’tirof etilgan kun, 12-aprel – Jahon aviatsiya va kosmonavtikasi kuni,
Beshinchi turkum: ta’lim va ma’rifat, ma’naviyat va madaniyat sohalariga taalluqli sanalar haqidagi maqolalar. Xususan, 23-yanvar – Dastxat kuni, 24-yanvar – Xalqaro ta’lim kuni, 3-fevral – Butunjahon beadab so‘zlarga qarshi kurash kuni, 11-fevral – Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar xalqaro kuni, 14-fevral – Xalqaro kitob ulashish kuni, 21-fevral — Xalqaro ona tili kuni, 16-mart – Rangli qalamlar kuni, 21-mart – Butunjahon she’riyat kuni, 2-aprel — Xalqaro bolalar kitobi kuni, 9-avgust – Butunjahon kitobsevarlar kuni, 8-sentyabr – Xalqaro savodxonlik kuni, 30-sentyabr – Xalqaro tarjima kuni munosabati bilan yozilgan maqolalar.
Oltinchi turkum: ekologiyaga oid sanalar: 2-fevral – Butunjahon suvli-botqoq yerlar kuni, 5-iyun — Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni, 17-iyun – Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni haqidagi maqolalar.
Albatta, to‘plamda bu tasnifimizga sig‘may qolgan maqolalar ham uchradi va iqtidorli ijodkorning kitobida bunday o‘ziga xos yondashuvning mavjud bo‘lishi tabiiy hol. Ushbu noan’anaviy turkumga mansub maqolar sirasida, jumladan, 1960-yil 25-yanvar – sobiq SSSRda GULAG yopilgan kun, 5-iyul – Ishparastlar kuni, 1976-yil 7-iyul – niderlandiyalik jurnalist, yozuvchi va tarixnavis Remko Reyding tug‘ilgan kun kabi alohida sanalarga bag‘ishlangan maqolalarni kiritish mumkin.
Xulosa o‘rnida AQSH sobiq Prezidenti Avraam Linkolnning “Eng yaxshi do‘stim – menga hali o‘qimagan kitobimni sovg‘a qilgan do‘stimdir”, degan dono va haqqoniy hikmatini eslatmoqchimiz. Ya’ni, bu kitobni topib o‘qing, albatta.
O‘shanda agar bilimga tashna kitobxon bo‘lsangiz – turli bayramlar va muhim sanalar haqidagi tushuncha hamda tasavvuringiz yanada boyishi tayin. O‘quvchi va talaba yoshlarimiz ayni yo‘nalishda mustaqil ijodiy ishlarni bajarish borasida zarur ko‘nikma va tajriba o‘rganishiga aminman.
Ushbu kitob ilm va izlanish yo‘lidagi navqiron tadqiqotchilarga ham asqotadi, deb o‘ylayman. Chunki unda Internet jahon axborot tarmog‘ida uchramaydigan nodir manbalarda bitilgan ko‘plab zarur ma’lumotlar taqdim etilgan. Qolaversa, muallif o‘z hayot yo‘lida duch kelgan tarixiy voqealar bilan bog‘liq muhim dalillarni bayon etgani ham e’tiborga loyiqdir.
Akmal SAIDOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik
"Hurriyat" gazetasi 2024-yil 18-dekabr kungi №50 -soni
- Qo'shildi: 18.12.2024
- Ko'rishlar: 264
- Chop etish