15-yanvar kuni Turkiy davlatlar tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari va ombudsmanlari assotsiatsiyasi (TURKOMB) tomonidan onlayn uchrashuv o‘tkazildi. Unda Ozarbayjon Inson huquqlari bo‘yicha vakili S.Aliyeva, Qozog‘iston Inson huquqlari bo‘yicha vakili A.Lastayev, Turkiya Bosh ombudsmani M.Akarja, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili F.Eshmatova, Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti raisi M.Kilich hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillabayev ishtirok etdi.
Ushbu yig‘ilish Ozarbayjon tomonining tashabbusi bilan tashkil etildi. Tadbir Assotsiatsiyaning joriy yilda amalga oshiradigan ishlari va faoliyat dasturi muhokamasiga bag‘ishlandi.
Ozarbayjon Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili S.Aliyeva Ozarbayjonda joriy yil 18-iyun – Inson huquqlari kuni ekani va shu milliy sana munosabati bilan xalqaro simpozium o‘tkazilishini bildirdi. Assotsiatsiya ishtirokchilarini ushbu anjumanda qatnashishga taklif qildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillabayev Assotsiatsiya doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashning muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekistonda 2025-yil – “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili” doirasida ro‘yobga chiqariladigan tashabbuslar haqida ma’lumot berdi.
Assotsiatsiya a’zolarining ilmiy maqolalarini “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalida chop etib borish ham taklif qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 16.01.2025
- Ko'rishlar: 496
- Chop etish