Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi qanday samara bermoqda?

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi tasdiqlangan.

Dastur qanday ijro etilmoqda? Shu haqda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev quyidagilarni gapirib berdi:

– Dastur Inson huquqlari sohasida ta’lim bo‘yicha jahon dasturining to‘rtinchi bosqichi talablarini milliy huquqiy muhitda amalga oshirishga qaratilgan. Ya’ni, ayni huquqiy hujjat bu boradagi jahon tajribasi va milliy amaliyotni uyg‘unlashtirgan holda ishlab chiqilgan.

Milliy ta’lim dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. Shu asosda har bir yo‘nalish bo‘yicha parlament, hukumat va mahalliy hokimliklar hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. “Yo‘l xaritasi”ning 30 bandidan 17 tasi to‘liq bajarildi. Qolgan bandlarini amalga oshirish yuzasidan ishlar izchil davom etmoqda.

Xususan, “Inson huquqlari haftaligi” o‘tkazilib, poytaxtda va viloyatlarda xalqaro konferensiya hamda davra suhbatlari tashkil etildi. Mahallalarda “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida turli uchrashuvlar o‘tkazildi.

Yoshlar orasida “Inson huquqlari oliy qadriyat” xeshtegi va “Inson huquqlari bilimdoni” viktorinasi bo‘lib o‘tdi. Huquqni muhofaza qilish organlari, oliy ta’lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa idoralar ham samarali targ‘ibot ishlarini olib bordi.

Oltita oliy ta’lim muassasasida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” bo‘yicha maxsus kurslar ochildi. Bunday kurslar 14 hududdagi 114 oliy ta’lim muassasasi va 330 professional ta’lim tashkilotida ham faoliyat boshladi.

Shu bilan birga, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab 11 tibbiyot oliy ta’lim muassasasida “Inson huquqlari” bo‘yicha 60 soatlik maxsus o‘quv moduli joriy etildi.

Dastur doirasida Milliy markaz hamkorlar bilan birga “Odil sudlovni amalga oshirishda inson huquqlarini ta’minlash” mavzusida 4 haftalik “Yozgi maktab” tashkil etildi. Tadbirda 60 ga yaqin sud va prokuratura xodimi – oflayn, viloyatlardan esa shu sohalar vakillari onlayn tartibda ishtirok etdi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va hududlardagi axborot-kutubxona markazlarida “Konstitutsiya va inson huquqlari” burchagi tashkil qilindi. Ularga Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tomonidan 1,6 ming nusxa huquqiy adabiyot taqdim etildi.

Milliy markaz 2023-2024 yillarda o‘nta yangi to‘plam nashr etgan bo‘lib, ularning aksariyatini ayollar va bolalar huquqlari, sud-huquq sohasiga taalluqli xalqaro shartnomalarga oid kitoblar tashkil etdi.

Keyingi ikki yil davomida “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusida kurslar tashkil etildi. Bu mashg‘ulotlarda 40 dan ortiq idora va tashkilot vakillari milliy hisobotlar tayyorlash, xalqaro tavsiyalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha ko‘nikma hosil qildi.

Parlament komissiyasining qarori bilan Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan inson huquqlari sohasi bo‘yicha navbatdagi grant tanlovi e’lon qilindi. Natijada 2023 yilda 10 ta, 2024 yilda esa 8 ta nodavlat tashkilot loyihasi g‘olib, deb topilib, jami 2 milliard 215 million so‘m miqdorida davlat granti bilan qo‘llab-quvvatlandi.

Fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda yurtimiz bo‘ylab 2023-2024 yillar davomida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari” va “Bola huquqlari” mavzularida 187 tadbir o‘tkazildi. Shuningdek, muqobil ma’ruzalar tayyorlash bo‘yicha uchta seminar-trening tashkil etildi. Tadbirlar davomida nogironligi bo‘lgan shaxslar, yoshlar va ayollar huquqlari, xalqaro talablar va nodavlat sektorning o‘rni keng muhokama qilindi.

Dastur doirasida turkum radio-teledasturlar, ko‘rsatuvlar tashkil etilib, ommaviy axborot vositalarida inson huquqlari mavzusida 690 material e’lon qilindi.

Davlat organlari va mahalliy hokimliklar axborot xizmatlari, OAV xodimlari uchun “Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosati va bu borada xalqaro majburiyatlarning bajarilishi” mavzusidagi o‘quv kursi tashkil etilib, unda 79 nafar mas’ul mutaxassis qatnashdi.

Davlat xizmatchilari va keng jamoatchilikka mo‘ljallangan inson huquqlari ta’limi bo‘yicha “Elektron platforma” (http://ecourse.nhrc.uz) faollashtirilib, unda beshta interfaol kurs yo‘lga qo‘yildi. Har bir kurs yakunida testdan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchi sertifikat olishi mumkin.

Dasturga ko‘ra, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi, YeXHT, Yevropa kengashi bilan birgalikda salkam 40 ta tadbir o‘tkazildi.

Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni shakllantirish uchun asosiy vosita bo‘lib, u har bir shaxsga o‘z huquqlarini tanish hamda himoya qilish imkonini beradi. Shu ma’noda, inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi mamlakatimizda bu sohada yangi bosqichni boshlab berdi.

Albatta, dastur hamma yo‘nalishda to‘liq bajarildi, deyish imkonsiz. Ba’zi bir oliy ta’lim muassasalarida “Inson huquqlari”, “Ayol huquqlari” va “Bola huquqlari” mavzularini o‘qitish bo‘yicha hali ham imkoniyatlar cheklanganligi aniqlandi. Ya’ni, bir tomondan, bu borada darsliklar, multimedia resurslari yetarli emas, ikkinchi tomondan, o‘quv dasturlarini standartlashtirish talab etilmoqda.

Shu bilan birga, dastur doirasida muayyan yutuqlarga erishilganini ham nazardan chetda qoldirishga haqqimiz yo‘q. Birinchidan, aholida inson huquqlari haqidagi ma’lumotlar oshdi, davlat organlari xodimlari, talaba-yoshlar, nodavlat tashkilotlar jarayonga keng jalb etildi. Ikkinchidan, xalqaro anjumanlar, o‘quv kurslari, seminarlar tarzida ko‘plab amaliy ishlar bajarildi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Inson huquqlari bo‘yicha jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini mamlakatimizda izchil amalga oshirish uchun mustahkam asos yaratildi.

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech