Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlariga oid yangi normalar, xususan, ayollar, bolalar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan ko‘plab normalar o‘z aksini topgan.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Otabek Norboyev ona va bola huquqlari amalda qanday ta’minlanayotgani haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Fuqaro D.N. markazimizga ariza bilan murojaat qilib, sudning hal qiluv qaroridan noroziligini bildirib, qaror bekor qilinishida va onalik huquqi himoya qilinishida amaliy yordam so‘radi.
Ma’lum bo‘lishicha, sud qarori bilan da’vogar D.Z.ning (sobiq eri) javobgar D.N.ga nisbatan “Bolani o‘z tarbiyasiga olib berish haqida”gi da’vo arizasi qanoatlantirilgan.
Hali 5 yoshga to‘lmagan bolani javobgardan da’vogar tarbiyasiga olib berish belgilangan. Taraflarga kelgusida o‘zaro kelishuvga asosan bolaning manfaatlariga ta’sir ko‘rsatmagan holda bola bilan uchrashish tartibini belgilash huquqiga ega ekanligi tushuntirilgan.
D.N.ning eri bilan birga yashashlari davomida qaynonasi doimiy ravishda kamsitib kelgani, eri esa psixotrop moddalar qabul qilishi, bir marta narkologiya dispanseriga ham yotib davolangani, uning salbiy xatti-harakatlari, oilasini moddiy va ma’naviy jihatdan ta’minlamagani, ayol qaynonasining xo‘rlashlariga chidamasdan onasining uyiga ketib qolgani va birga yashamasligi, eri sudning aliment undirish bilan bog‘liq qarorini bajarmayotgani sababli 32 million so‘mdan ortiq aliment qarzdorligi vujudga kelganligi haqidagi ko‘rsatuvlari sudda e’tiborga olinmagan.
Fuqarolik-protsessual kodeksida ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning to‘liq aniqlanmagani, huquq normalarining buzilgani yoki noto‘g‘ri qo‘llanilgani sud hujjatini apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida bekor qilish yoki o‘zgartirish uchun asos bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Qolaversa, sud Oila kodeksining 71-moddasida belgilangan ota va onaning huquq va majburiyatlarining tengligiga asoslangan holda, voyaga yetmagan bolalarning manfaatlariga va xohishlariga mos keladigan hal qiluv qarori qabul qilishi lozim.
Taqdim qilingan hujjatlar o‘rganib chiqilganda, otaning 3 nafar voyaga yetmagan farzandi uchun aliment qarzdorligi 32 million 146 ming 624 so‘mni tashkil qilgani aniqlandi.
Qisqacha aytganda, D.N. uzoq yillar mobaynida farzandi uchun ham otalik, ham onalik vazifasini yolg‘iz o‘zi bajargan.
O‘rganish natijasiga ko‘ra, Milliy markaz tomonidan 3 nafar voyaga yetmagan farzandning onasi D.N.ning Konstitutsiya va qonunlarda kafolatlangan huquqlari himoya qilinishi maqsadga muvofiq, deb topildi va Toshkent shahar sudiga tavsiya kiritildi.
Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi tomonidan ish qaytadan ko‘rilib, D.N.ning bolasi uning o‘z qaramog‘ida qoldirilishini ta’minlovchi sud hujjati qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 10.02.2025
- Ko'rishlar: 506
- Chop etish