Milliy markazda Omer Fisher bilan uchrashuv bo‘ldi

6-mart kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Milliy markaz direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasining Inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Omer Fisher o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda asosan inson huquqlari va erkinliklari, shu jumladan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini rag‘batlantirish va himoya qilish sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Dastlab Milliy markaz direktori o‘rinbosari D.Muratova BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi bilan o‘zaro hamkorlik samaralari to‘g‘risida qisqacha ma’lumot berdi. Xususan, o‘tkazilgan axborot-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va seminar-treninglar haqida so‘z yuritdi.

D. Muratova BMT BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi vakillariga mamlakat parlamenti va Prezidentiga taqdim etiladigan O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlari bajarilishi bo‘yicha hisobot tayyorlanayotganini ma’lum qildi.

Milliy markaz direktori o‘rinbosari, shuningdek, 2030-yilgacha mo‘ljallangan Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya loyihasi ustida olib borilayotgan ishlar xususida to‘xtaldi. Bo‘lajak strategiyada Universal davriy hisobot to‘rtinchi sikli doirasida O‘zbekistonga taqdim etilgan tavsiyalar inobatga olinishi va uning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash nazarda tutishi ta’kidlandi.

O‘z navbatida, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi maslahatchisi O.Fisher mazkur mintaqaviy bo‘linma faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidovning BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi rahbari M.Bogner bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi haqida iliq fikrlar bildirdi.

Mintaqaviy ofisning muhim vazifalaridan biri xalqaro shartnomalarni amalga oshirishda davlatlarga ko‘maklashishdir. Shu ma’noda, ofis faoliyatining 2025-yildagi ustuvor yo‘nalishlari, xususan, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, qiynoqlarga, yetarli uy-joyga ega bo‘lish huquqiga, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari va atrof-muhitga qarshi kurashish masalalaridan iborat ekaniga e’tibor qaratildi.

Muloqot yakunida O. Fisher Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatiga yuksak baho berar ekan, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning bajarilishiga bu qadar maqsadli va samarali ko‘maklashadigan alohida davlat organlari barcha davlatlarda ham faoliyat ko‘rsatmayotganini qayd etdi.

Uchrashuvda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining O‘zbekistondagi Milliy loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Ildar Fayzullin, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi xodimi Aziza Saydaripova, shuningdek, Milliy markazning xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Iqbol Abdumajidov, shu bo‘lim mas’ul xodimlari Abbosbek Nabiyev va Asilbek Mirjalilov ham ishtirok etdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech