“So‘nggi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini to‘liq ta’minlash, ularning qadr-qimmatini ulug‘lash Yangi O‘zbekistonning davlat siyosatida yetakchi o‘ringa qo‘yilmoqda. Bugungi kunda hurmatli ayollarimiz turli soha va tarmoqlarda Vatanimizning jadal taraqqiyoti uchun munosib hissa qo‘shayotganlarini minnatdorlik bilan e’tirof etamiz”.
7-mart kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Inson huquqlari uyida bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida yangragan ushbu fikrlar alohida ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining yangi tahrirdagi Konstitutsiya talablari negizida mamlakat xotin-qizlarini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi ishlarni tubdan yangicha tashkil etishga qaratilgan tashabbuslari tadbir ishtirokchilari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev Milliy markaz jamoasi tarkibida mehnat faoliyatini olib borayotgan xotin-qizlarga fidokorona va samarador xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirdi. Barchamiz uchun sevimli bo‘lgan buvijonu onajonlarimizni, mehribon opa-singillarimizni, dilbar ayollarimiz va munis qizlarimizni bayram bilan qutladi.
Milliy markazning barcha xotin-qizlariga bayram sovg‘alari topshirildi.
Bayram tantanasi teatr va san’at vakillari ishtirokida tashkil etilgan “Olam go‘zalligi Siz bilan ayol!” mavzusidagi madaniy tadbirga ulanib ketdi.
Ayniqsa, “Shuhrat” medali sohiblari – “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi xonandasi Afzalbek Husanov va Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri aktyori Rasulxon Qodirxonovning chiqishlari tadbir ishtirokchilariga manzur bo‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.03.2025
- Ko'rishlar: 218
- Chop etish