Mediasavodxonlikni oshirish – raqamli davr talabi

Insoniyat allaqachon raqamli texnologiyalar davrida yashamoqda. Axborot almashinuvi sur’ati tezlashgan sari, jarayonni nazorat qilish, muayyan xabar asosli yoki asossizligini aniqlash qiyinlashib boryapti. Bunday sharoitda mediata’lim, mediasavodxonlik va mediamadaniyat tushunchalari o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi G‘ulom Mirzayev ayni mavzuda mulohaza yuritadi.

– Yangi, 2025 yil insoniyatning haqqoniy va xolis axborotdan foydalanish huquqiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxl qiladigan bir qadar tashvishli voqealar bilan boshlandi. Gap shundaki, amerikalik media magnat, tadbirkor, “Meta” ijrochi direktori Mark Sukerberg nazoratidagi internet-platformalar Amerika Qo‘shma Shtatlarida faktni tekshirish dasturi faoliyatini to‘xtatishi hamda “Facebook” va “Instagram”da fikr bildirilishiga qo‘yilgan cheklov bekor qilinishi haqida bayonot berdi. U mazkur qarorini, birinchidan, axborotni tekshirish bilan shug‘ullanadigan shaxs, go‘yoki, ayni jarayonda siyosiy kaltabinlikka yo‘l qo‘yishi ehtimoli mavjudligi bilan izohladi. Ikkinchidan, o‘zini o‘zi nazorat qilish va tartibga solish, oxir-oqibat, haddan ziyod senzuraga olib kelishi mumkinligini da’vo qilib, “Meta” platformalarida yana emin-erkin fikr bildirish amaliyotiga qaytishga chorladi.

Ushbu bayonot tahlil qilingan “The wall street journal” maqolasida qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoq kompaniyalari o‘z platformalarida chop etilgan kontentni hech qachon tajovuzkorona nazorat qilishni istamagan. Aniqrog‘i, endilikda bunga hojat ham qolmayapti.

Faktni tekshirish xalqaro tarmog‘i (IFCN) Sukerbergning “uydirmadan iborat” da’vosini inkor qildi va bunday qaror tahlikali oqibat keltirishidan ogohlantirdi.

Nima bo‘lganda ham tahlilchilar haq: “Facebook”, “Instagram” kabi foydalanuvchilari va obunachilari soniga ko‘ra yetakchi ikki yirik platformada kontent monitoringi yuritilmasligi Internetda “feyk”, dezinformatsiya, ya’ni soxta va yolg‘on axborot ko‘payib ketishiga olib keladi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk “Meta”ning faktni tekshirish to‘xtatilishiga oid qaroriga munosabat bildirdi. Bosh huquq himoyachisi aytganidek, ijtimoiy tarmoqdagi nafrat va adovatga gij-gijlaydigan xabarlar “tom ma’noda yomon oqibat”ga olib keladi va shu bois kompaniyalar kontentni tartibga solish uchun javobgar.

Tyurkning fikricha, bunday mahsulotni tartibga solish senzura hisoblanmaydi. Aksincha, nafrat kayfiyatini qo‘zg‘aydigan chiqishga yo‘l qo‘yarkan, kompaniyalar so‘z erkinligini cheklagan, foydalanuvchiga yetkazishi tayin bo‘lgan “zarar”ni bilib, bilmaganga olgan bo‘lib chiqadi.

Oliy komissar ijtimoiy tarmoq odamlarni birlashtirib, jamiyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatish borasida ulkan salohiyatga egaligi va shu bilan birga nizo keltirib chiqarishi yoki foydalanuvchi xavfsizligiga chinakam tahdid solishi mumkinligini ham ta’kidladi.

– Ideal holatda ijtimoiy tarmoq turli qarashga ega kishilar bir-biri bilan kelishmagan taqdirda ham o‘zaro fikr almashishi mumkin bo‘lgan maydon, – deydi F.Tyurk. – Shu bois raqamli makonni tartibga solish va shunga mos ravishda ommaviy ochiq muloqotni hamda barcha ishtirokchilar qadr-qimmatini himoya qilishga chorlashda davom etamiz.

BMT onlayn makonni doimiy ravishda kuzatib, baholab boradi, albatta. Tashkilotning Jeneva bo‘limi vakili, televideniye, radio va veb-translyatsiya uchun mas’ul shaxs Mishel Zakkeo “Biz uchun dalillarga asoslangan ma’lumot taqdim etish hamon muhim”, deya uqtirdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ham sifatli, ilmiy asoslangan ma’lumot taqdim etishga sodiqligini tasdiqladi. Global kommunikatsiyalar departamenti ham raqamli dezinformatsiya tufayli yuzaga kelgan ayni inqirozga javoban, soxta ma’lumotga qarshi faol kurashmoqda.

Bunday inqiroz axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamli axborot sohasida izchil ilgarilab borayotgan Yangi O‘zbekiston jamiyatini ham sergak va hushyor bo‘lishga undashi tabiiy. Zero, bugungi kunda zamondoshlarimiz, ayniqsa yoshlar nafaqat o‘quv dargohi va ish joyi, balki radio-televideniye, matbuot, internet kabi vositalar, ya’ni medianing xilma-xil turlari orqali rang-barang axborot olmoqda.

Globallashuv va axborot asri odamzot uchun mo‘’jizaviy qulaylik yaratish barobarida qator muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Yangidan-yangi kommunikatsiya texnologiyalari tomonidan tarqatilayotgan behisob axborot oqimi muhim-nomuhimlik jihatidan muayyan tizimga solinmasdan, pala-partish holda taklif etilayotgani kutilmagan jiddiy muammo –haqqoniy axborot yetishmovchiligini yuzaga chiqarmoqda. Ya’ni, foydalanuvchi o‘ziga kerak axborotni topishi tobora murakkablashmoqda.

Media maydonda sanoqsiz axborot orqali aks ettirilayotgan voqelik ko‘pincha “haqqoniy” emasligining o‘zi yana bir muammo. Yangi media vositalarida yagona til va madaniyat yaqqol ustunlik qilishi misolida foydalanuvchiga axborot bosimi o‘tkazilayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Afsuski, zamonaviy texnologiyalarni chuqur egallagan aksar yoshlar taqdim etilayotgan axborotning asl ma’nosi, tub mazmun-mohiyatini xolis baholash va to‘g‘ri ilg‘ab olish uchun yetarli ko‘nikmaga ega emas. Qolaversa, xorijiy ekspertlar fikricha, bugungi kunda dunyoda raqamli mediadan foydalanish imkoniga ega bo‘lmagan kishi va (yoki) media mahsulot mazmunini tanqidiy baholash ko‘nikmasi shakllanmagan foydalanuvchi o‘rtasida yangi ijtimoiy portlash yuz berishi tahdidi ham mavjud.

YUNESKO yaqinda o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, inflyuyenserlar, ya’ni blogerlar 62 foiz ma’lumotni ulashishdan oldin tekshirmaydi. Bu hol, albatta, dezinformatsiya tarqalishi va jamoatchilik ishonchi pasayishiga olib kelarkan. Shu bois tashkilot “Mediasavodxonlik va faktni tekshirish muhim, chunki ijtimoiy tarmoqdagi axborot ishonchsiz bo‘lishi ham mumkin”, degan ogohlantirish bilan chiqdi.

Shu ma’noda, xalqaro miqyosda kontent moderatsiyasi tanazzulga uchrayotgan hozirgi tashvishli davrda ayni mavzu bo‘yicha qator fikr-mulohazalar bildirilayotgani e’tiborga loyiq.

Birinchi mulohaza. Mustaqillik yillarida ta’lim, madaniyat va san’at, OAV faoliyatining mustahkam huquqiy asosi yaratildi. Shu bilan birga “mediata’lim”, “mediasavodxonlik”, “mediamadaniyat” tushunchalari qo‘llanishi bilan bog‘liq me’yor va qoidalar milliy qonunchiligimizda hali mavjud emas.

Vaholanki, bu atamalar xalqaro huquqda ko‘p yildan buyon  iste’molda bo‘lib, quyidagi xalqaro-mintaqaviy hujjatlarda aks etgan: “Gryunvald mediata’lim deklaratsiyasi” (1982 yil), “Raqamli davrda mediata’lim” (Vena konferensiyasi tavsiyanomasi. YUNESKO, 1999), Yevroparlamentning 2008 yil 16 dekabrdagi Raqamli texnologiyalar dunyosidagi mediasavodxonlik bo‘yicha qarori (2008), Yevropa Komissiyasining 2007 yil 20 dekabrdagi “Raqamli texnologiyalar dunyosida mediasavodxonlikka Yevropa yondashuvi” nomli bayonoti (2007), “Parlament Assambleyasining Mediata’lim bo‘yicha tavsiyanomasi” (Yevropa Kengashi, 2000 yil 6 iyun).

Shunday ekan, milliy qonunchilik hujjatlari yangi tushunchalar va muayyan ilg‘or me’yorlar bilan to‘ldirilishi o‘rinli. Xususan, loyihasi muhokama qilinayotgan Axborot kodeksida milliy manfaat va umume’tirof etilgan xalqaro standartga javob beradigan bu boradagi qoidalar aksini topishi lozim, deb o‘ylaymiz.

Ikkinchi mulohaza. Yangi O‘zbekiston ta’lim tizimiga yuqorida sanab ztilgan zamonaviy tushunchalarni o‘rgatadigan maxsus o‘quv dasturi kiritilishi kerak. Sohaga oidchuqurroq bilim berish o‘quvchi-talabalarda tanqidiy fikrlash ko‘nikmasini rivojlantirish orqali ularni raqamli dunyodan yanada mas’uliyatli foydalanishga undashi, ijtimoiy-madaniy salohiyatni kuchaytirishi, pirovardida o‘smirlarda to‘g‘ri axborotni tanlash qobiliyatini oshirish orqali jamiyatning umumiy axborot xavfsizligiga hissa qo‘shishi tayin.

Zero, “Mediata’lim” (media education) medianing barcha turlari va texnologiyalari bilan bog‘liq tushuncha bo‘lib, matnni yaratish va tahlil qilish, tanqidiy mushohada yuritish, manbani aniqlash, siyosiy, ijtimoiy, tijoriy va/yoki madaniy manfaatning tub mazmun-mohiyatini anglab olish, matnni va media tomonidan targ‘ib etilayotgan qadriyatni to‘g‘ri talqin qilishga doir bilim va ko‘nikma shakllanishini anglatadi.

Uchinchi mulohaza. Internetdan foydalanishda tanqidiy fikrlash va ishonchli manbadan foydalanishni o‘rganish jamiyatimizning har bir a’zosi uchun juda muhim. Negaki, yolg‘on axborot “qurboni”ga aylanmaslik uchun har bir ma’lumotni “faktcheking qilish”, ya’ni tekshirish talab etiladi. Aks holda, global axborot va raqamli asrda “feyklar girdobi”ga tushib qolish hech gap emas.

Xullas, uzluksiz jarayon hisoblanmish mediasavodxonlikni oshirish jamiyatning barcha qatlamlarini jalb etadigan darajada keng qamrovli bo‘lishi maqsadga muvofiq. Ayniqsa, davlat institutlari, OAV va jamiyat o‘rtasida sog‘lom tamoyillar hamda samarali muloqotga asoslangan kommunikatsiya o‘rnatish, kontent yaratishda ommaviy axborot vositalari vakillari kasbiy mahoratini oshirish alohida ahamiyatga ega.

Milliy ekspertlar fikricha, raqamli asrda dipfeyk (sun’iy intellekt yordamida insonning yuz ifodasi, ovozi va hatto harakatini soxtalashtiruvchi texnologiya), kiber jinoyat va boshqa shakllarda tobora murakkablashib borayotgan dezinformatsiya oqimiga qarshi kurashish masalasi har qachongidan dolzarblashgan. Ayni jarayonda aholi mediasavodxonligini oshirish eng samarali yechimlar sirasiga kiradi. Binobarin, dezinformatsiyaning ta’sir doirasi ancha kengayadi. Ya’ni, an’anaviy OAV va institutlarga ishonchni kamaytiradi, ijtimoiy nizo keltirib chiqaradi, jamiyat qutblanishini kuchaytiradi, odamlarning siyosat, sog‘liqni saqlash, ekologiya kabi muhim sohalarda asosli qaror qabul qilishiga to‘sqinlik qiladi.

Muxtasar aytganda, media ta’limi, savodxonligi va madaniyati nafaqat to‘g‘ri axborot manbasini tanlashga yordam beradi, balki jamiyatning sog‘lom va mas’uliyatli fuqarolarini tarbiyalashda ham qo‘l keladi. Binobarin, xolis, dalillarga asoslangan, ishonchli axborotni tezkor yetkazishda ijtimoiy tarmoq va sun’iy intellektdan oqilona, unumli foydalanish jamiyatni farovonlik, mamlakatni taraqqiyot sari yetaklaydi.

O‘zA muxbiri Saidmurod RAHIMOV yozib oldi.

Powered by GSpeech