Milliy markaz vakili MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi majlisiga tayyorgarlik yuzasidan kengashda qatnashdi

19-mart kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining to‘rtinchi majlisiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalari yuzasidan ishchi kengash bo‘lib o‘tdi.

Shuni ta’kidlash joizki, MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining to‘rtinchi majlisi 2025-yil 16-aprel kuni Moskvada o‘tkaziladi. Kengash ishida Komissiya a’zolarining mazkur majlisda ishtirok etishi bilan bog‘liq tashkiliy masalalar muhokama qilindi, majlis kun tartibi loyihalari ko‘rib chiqildi.

Videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasidan Komissiya a’zolari, Armaniston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasidan Komissiya a’zolari devonining vakolatli vakillari, Komissiya Kotibiyati (Rossiya Federatsiyasidagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil devoni) va MDH Ijroiya qo‘mitasi xodimlari qatnashdi.

Ishchi kengashda O‘zbekiston Respublikasining MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasidagi vakili o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M. Tillaboyev ishtirok etdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech