25-mart kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Toshkent davlat yuridik universitetining Ommaviy huquq fakulteti 2-kurs talabalari uchun “Inson huquqlari” fani doirasida shu mavzuda mahorat darsi o‘tkazildi.
Tinglovchilar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyati haqida ham zarur ma’lumot oldilar. Shuningdek, yaqinda tashkil etilgan Inson huquqlari uyi imkoniyatlari bilan tanishdilar.
Milliy markazning Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik bo‘limi bosh mutaxassisi A.Nabiyev yoshlarga inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarning ahamiyati haqida so‘zlab berdi. Muloqot asnosida BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan qabul qilingan konvensiyalar, deklaratsiyalar va boshqa huquqiy hujjatlarni ratifikatsiya qilish jarayonida inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash masalalarining nechog‘lik muhimligi to‘g‘risida batafsil fikr yuritildi.
Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi qonunchilik hujjatlarida belgilab berilgan vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish orqali ularning huquqlari va manfaatlari buzilishining oldini olishda muntazam asosda amaliy yordam ko‘rsatib kelayotganligi ta’kidlandi.
Milliy markazning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va ma’rifat bo‘limi yetakchi mutaxassisi X.Abdurasulov BMT Xotinqizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasining asosiy maqsad va vazifalari bo‘yicha ma’lumot berdi. Bunda ayollarning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda teng huquqlarini ta’minlash zarurligi alohida qayd etildi.
Mamlakatimizda bu boradagi islohotlar va qabul qilingan dasturlar natijasida gender tenglikni ta’minlashga oid mustahkam qonunchilik bazasi yaratilganiga e’tibor qaratildi. Xotinqizlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni tadbirkorlik va rahbarlik lavozimlariga jalb etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi.
Milliy markazning Axborot-resurs multimedia bo‘limi boshlig‘i X.Mo‘minov Inson huquqlari uyi negizida qisqa davrda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy hujjatlar, ilmiy tadqiqotlar, sharhlar va tahliliy hisobotlarning zamonaviy kutubxonasi shakllantirilgani hamda rivojlantirilayotganini ma’lum qildi.
Milliy markazda joriy qilingan inson huquqlari sohasida ta’lim olishga yo‘naltirilgan elektron platformadan (http://ecourse.nhrc.uz:8084/) foydalanish hamda ushbu platformadagi o‘quv kurslari yo‘nalishlari, elektron platformaning imkoniyatlari, inson huquqlari sohasida bilim va ko‘nikmalarni oshirishdagi o‘rni va ahamiyati to‘g‘risida ham batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Mahorat darsi davomida ishtirokchilar gender tenglik masalalariga oid turli jihatlarni o‘rganishga qiziqish bildirdilar. Gender tenglik prinsiplarini amalga oshirishda har bir fuqaroning mas’uliyati va roli muhimligi ta’kidlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 25.03.2025
- Ko'rishlar: 341
- Chop etish