Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan uyushma a’zosi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulovning “Qirg‘oqsiz daryolar” va “Varaqsiz daftar” nomli badiiy-publitsistik asarlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mamatqul Hazratqulovning “Varaqsiz daftar” badiiy-publitsistik asarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaralari talqin etilgan bo‘lsa, “Qirg‘oqsiz daryolar” kitobida adabiyotimiz va san’atimizning darg‘alari hayoti va ijodi, xulqining ibratli jihatlari haqidagi esselar o‘rin olgan.
Taqdimot davomida O‘zbekiston xalq yozuvchisi, “Tafakkur” jurnali bosh muharriri Erkin A’zam, “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari bosh muharriri O‘tkir Rahmat, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Nasiba Ibrohimova, taniqli jurnalist Ismat Xushev va boshqalar Mamatqul Hazratqulov ijodi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Mazkur kitoblar yetuk jurnalistning ko‘p yillik tajribalarini o‘zida mujassam etgani bilan ham qadrli. Ushbu kitoblar Vatanimiz taqdiriga va o‘z shaxsining takomillashishiga befarq bo‘lmagan keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan. Ayniqsa, jurnalistika sohasida faoliyat yuritayotgan kishilarga yoxud shu yo‘nalishda ta’lim olayotgan talabalarga bu kitoblar yaxshigina uslubiy qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.
N.Usmonova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 25.03.2025
- Ko'rishlar: 319
- Chop etish