26-mart kuni Inson huquqlari uyida Toshkent shahar yuridik texnikumi o‘quvchilari uchun shu mavzuda mahorat darsi o‘tkazildi. U Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Yuridik texnikumning professor-o‘qituvchilari, o‘quvchi yoshlar va Milliy markaz xodimlari ishtirok etdi.
Mahorat darsida Milliy markaz ekspertlari – Inson huquqlari sohasida tahlil va tadqiqotlar bo‘limi bosh mutaxassisi Husniddin Xolmamatov, Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va ma’rifat bo‘limi yetakchi mutaxassisi Xolmuhammad Abdurasulov hamda Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi Abduxoliq Ahmedovning ma’ruzalari tinglandi.
Jonli muloqot davomida yoshlarga Milliy markazning vazifalari, shuningdek, BMTning O‘zbekistondagi Taraqqiyot Dasturi, YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, YUNESKO, YUNISEF va boshqa xalqaro hamkorlar bilan birgalikdagi faoliyat sohalariga oid ko‘plab qiziqarli ma’lumotlar yetkazildi.
O‘z navbatida, Milliy markazning Inson huquqlari bo‘yicha axborot-resurs multimedia bo‘limi boshlig‘i Hamidulla Mo‘minov Inson huquqlari uyining maqsad va vazifalari hamda uning faoliyati uchun yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida tinglovchilarga batafsil so‘zlab berdi.
Natijada bo‘lajak huquqshunoslar inson huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilishning ta’sirli vositalari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari, yoshlarning inson huquqlari bo‘yicha madaniyatini oshirishga doir muhim ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 26.03.2025
- Ko'rishlar: 361
- Chop etish