2025-yil 27-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISЕF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida seminar o‘tkazildi.
Seminarda O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar huquq va manfaatlarini himoya qilishning muqobil chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Mavluda Xo‘jayeva tadbirni kirish so‘zi bilan ochib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda bolalarga g‘amxo‘rlik qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, bola huquqlari kafolatlarini mustahkamlash bo‘yicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Davlatimiz rahbarining “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) instituti ta’sis etildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish davlatning majburiyati ekanligi alohida belgilab qo‘yildi.
Seminarda YUNISЕFning bolalar uchun adolat bo‘yicha xalqaro eksperti, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining sobiq raisi Renata Vinter bola huquqlarini ta’minlash bo‘yicha xalqaro amaliyot haqida ma’lumotlar berib o‘tdi.
Mamlakatimizda BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablarini bajarish borasida keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilayotgani, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida ham bolalar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalariga asosan, O‘zbekiston Respublikasi BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga mazkur Konvensiyaning bajarilishi to‘g‘risida doimiy ravishda hisobotlar ham taqdim etib borayotgani aytib o‘tildi.
Ushbu seminar bolalarga o‘z vaqtida va yetarli huquqiy yordam ko‘rsatishni ta’minlash masalalari bo‘yicha xalqaro tajribalarni o‘rganish borasida, idoralararo hamkorlikni yanada mustahkamlash, bu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish borasida o‘zaro fikr almashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilishini qayd etdilar.
Shuningdek, bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi qonunchilikni takomillashtirish, qabul qilingan qonunlarning ijrosini nazorat qilish, bu boradagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Qizg‘in va savol-javoblarga boy bo‘lgan tadbirda bolaning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash va himoya qilish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar berilib, bu boradagi qonunchilikni muntazam ravishda xalqaro hujjatlar bilan uyg‘unlashtirib borish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish yuzasidan amaliy hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
- Qo'shildi: 28.03.2025
- Ko'rishlar: 311
- Chop etish