Inson huquqlari va manfaatlari sohasida davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligi
3-dekabr kuni Toshkent shahrida “Inson huquqlari va manfaatlari sohasida davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligi” mavzusida nodavlat notijorat tashkilotlarining Milliy forumi o‘tkazildi. Anjuman O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Adliya vazirligi hamda qator manfaatdor davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etildi.



Forumda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov kirish so‘zi bilan ishtirok etib, Yangi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining ahamiyati tubdan kuchayganligini e’tirof etdi. Xususan, 2023-yilgi umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurish strategik maqsadi belgilangani, fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilib, ularga konstitutsiyaviy maqom berilganligi ta’kidlandi.
Forum davomida 2024-yilda o‘tkazilgan Milliy forum yakuniy hujjati natijalari haqida so‘z bordi. O‘shanda ishtirokchilar tomonidan “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi hamda “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunlarni takomillashtirish, davlat subsidiyalari, grantlar va ijtimoiy buyurtmalarni ajratish bilan bog‘liq barcha jarayonlarning shaffofligini ta’minlash maqsadida yagona elektron platformani to‘liq ishga tushirish bo‘yicha takliflar ilgari surilgan edi. Natijada joriy yil 21-avgust kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.


An’anaviy forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini 2025-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida o‘tkazildi. Asosiy e’tibor inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlash yo‘nalishida davlat organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligini mustahkamlash, jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlarini rivojlantirish va fuqarolik jamiyati institutlarining davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish masalalariga qaratildi.





Ushbu hujjatga muvofiq, davlat organlariga jamoatchilik nazorati natijalari bo‘yicha xulosalarni ko‘rib chiqish majburiyati yuklatildi. Shu bilan birga, fuqarolik jamiyati institutlariga davlat buyurtmalari berish hamda tashabbusli loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari yaratildi.


Forum yalpi majlisida so‘z olganlar bu o‘zgarishlar davlat rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlarning uzviy davomi ekanini e’tirof etdilar. Ayni yangilanishlar mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, demokratik qadriyatlarni mustahkamlash, NNTlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rnini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, forumda mamlakatimizda so‘nggi yillarda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash yo‘nalishida davlat va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligida amalga oshirilayotgan islohotlar tizimli va izchil xarakter kasb etayotgani qayd etildi. Jumladan, 2020–2025-yillar davomida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarning ijrosi yuzasidan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va shartnomaviy qo‘mitalariga O‘zbekistonning yettita milliy ma’ruzasi taqdim etildi. Ularning tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida qabul qilingan yettita Milliy harakatlar rejasi izchil ijro etilmoqda.
O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ham ortib bormoqda. Xususan, 2024-yilda mamlakat vakili ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi a’zoligiga saylandi. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi yoshlar va bolalar huquqlariga oid beshta muhim rezolyutsiyani qabul qildi.


Yalpi majlisdan so‘ng Forumning ikkita – “Fuqarolarning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini ta’minlashda davlat organlari bilan muloqot va hamkorlik” mavzusidagi, shuningdek "Inson huquqlarini himoya qilish va ta’minlashda jamoatchilik nazoratining o‘rni" mavzusidagi sho‘ba yig‘ilishlari o‘tkazildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillabayev 2-sho‘ba yig‘ilishiga moderatorlik qildi. Mazkur yig‘ilishda inson huquqlarini ta’minlash jarayonida jamoatchilik ishtiroki, ochiqlik, hisobdorlik va huquqiy savodxonlikni kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tadbir davomida davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, jamoatchilik tashkilotlari hamda tahlil markazlari vakillari o‘z ma’ruzalari orqali ayni yo‘nalishlardagi dolzarb jihatlarni yoritib berdilar.


Forum yakunida inson huquqlarini himoya qilish sohasida davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligini yanada mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlari tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini amaliy tatbiq etishga oid tavsiyalar qabul qilindi. Ta’kidlanganidek, bunday muloqot maydonlari fuqarolik jamiyati institutlarining davlat boshqaruvidagi ishtiroki, aholi manfaatlarini himoya qilish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Milliy forum asnosida muhokama qilingan va xulosa qilingan barcha masalalar natijasi bo‘yicha inson huquqlarini ta’minlash hamda himoya qilishda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy sherikligini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui tasdiqlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский