Davlat tashkilotlari va nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlarining ijtimoiy sherikligi
3-dekabr – Xalqaro nogironligi bo‘lgan shaxslar kuni munosabati bilan poytaxtimizda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini amalga oshirish doirasida davlat tashkilotlari va nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlarining ijtimoiy sherikligiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi v O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Davra suhbati boshida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi rahbari Akiko Fujii, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Nogironligi bo‘lgan shaxslarning funksionalligini baholash boshqarmasi boshlig‘i Mirzabek Niyazov va O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi rahbari Oybek Isakov so‘zga chiqdi.
Tadbirning asosiy e’tibor O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablarini amalga oshirishda davlat va fuqarolik jamiyatining o‘zaro hamkorligi va ijtimoiy sherikligining muhimligiga qaratildi. Bu boradagi amaliy mexanizmlar atroflicha muhokama qilindi.
So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganlaridek, O‘zbekiston tomonidan 2021-yilda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ratifikatsiya qilingani va 2020-yilda “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani mamlakatimizning ijtimoiy siyosatida nogironligi bo‘lgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va qonuniy manfaatlarini ta’minlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Ushbu davomiylik va izchillik tamoyillariga qat’iy amal qilinishi O‘zbekistonda inklyuziv jamiyat qurish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun teng imkoniyatlarni yaratish va ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash borasidagi davlat siyosatining qat’iy va o‘zgarmas ekanligidan dalolat beradi.
Ushbu davra suhbati aynan 3-dekabr – Xalqaro nogironligi bo‘lgan shaxslar kunida tashkil etilgani ham mamlakatimizning ijtimoiy siyosatida nogironligi bo‘lgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va qonuniy manfaatlarini ta’minlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotganining o‘ziga xos ifodasidir. O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarning bajarilishida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, jumladan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda nodavlat notijorat tashkilotlari, jumladan, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi va O‘zbekiston Nogironlar jamiyati o‘rtasidagi hamkorlik muhim o‘rin tutadi.
Yangi O‘zbekistonning «Inson qadri uchun» tamoyiliga asoslangan siyosati nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘laqonli hayotini ta’minlashga qaratilgan. Qabul qilingan qonun va qarorlarning har bir tuman, shahar va mahalla darajasida so‘zsiz, ochiq amalga oshirilishi – nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun barcha shart-sharoitlar ta’minlashning muhim shartidir.
Davra suhbatida davlat organlari xodimlari, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va xalqaro ekspertlar qatnashdi. Ishtirokchilar ushbu jonli muloqot O‘zbekistonda BMT Konvensiyasi amalga oshirilishini yanada jadallashtirishga, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini samarali himoya qilishga va ularning jamiyat hayotida to‘liq ishtiroki uchun sharoit yaratishga qaratilgan yana bir muhim qadam bo‘lganini e’tirof etdilar.
Tadbir doirasida “Inklyuziv jamiyat sari” mavzusida videoroliklar tanlovi bo‘yicha g‘oliblar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский