O‘zbekiston Prezidentining Uchinchi Renessans g‘oyasi talqin etilgan kitob taqdimoti
Pokistonlik yozuvchi va jurnalist Muhammad Abbos Xonning urdu tilida yozilgan “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” nomli kitobida Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan Uchinchi Renessans g‘oyasining mazmun-mohiyati badiiy-publitsistik ruhda ochib berilgan. Pokistonlik siyosatchi va ilmiy ekspertlarning fikricha, ushbu asar va unda ko‘tarilgan fikr hamda talqinlar nafaqat Pokistonda, balki Yevropa va boshqa mamlakatlarda ham yuqori baholanmoqda. Kitobga Pokiston Bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharif ham so‘zboshi yozib, unda asarning bashariyat tamadduni istiqbolini anglashdagi ilmiy-mushohadaviy ahamiyatini alohida ta’kidlagan.
11-dekabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “Ma’rifat markazi”ning anjumanlar zalida bo‘lib o‘tgan mazkur kitob taqdimotida shu haqda so‘z bordi.
Tadbirda Pokiston Prezidentining Axborot masalalari bo‘yicha maslahatchisi, matbuot kotibi M.Solangi, Pokiston Bosh vazirining savdo masalalari bo‘yicha koordinatori R.Ihsan, Pokiston teleradiokompaniyasining Yangiliklar bo‘limi katta muharriri, siyosiy tahlilchisi X.Farxana va boshqa yuqori martabali shaxslar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, vazirliklar, idoralar, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan diplomatik korpus hamda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, ijodkorlar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar asarning amaldagi islohotlarga uyg‘unligi, mamlakatda kechayotgan ijobiy evrilishlar, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi mushtarak g‘oya hamda birdamlik ruhini alohida ta’kidladi. Muallif konsepsiyaning ma’rifat, tinchlik, muloqot va insoniyatni hamkorlikka chorlovchi yuksak qadriyatlarga tayangan holda qanday global o‘zgarishlar falsafasini ifodalashini chuqur yoritadi. Kitob badiiy-publitsistika janrida yozilgan.
Kitobning boshida “Yangi davr tasodifan shakllanmaydi. U, avvalo, shuurimizda uyg‘onib, hayotimizda namoyon bo‘ladi”, degan fikrlarga alohida urg‘u berilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Xayrli ish yaxshi niyatdan boshlanadi”, degan so‘zlari muallif tomonidan “Chin ma’nodagi o‘zgarishlar insonning ezgulik va adolatga xizmat qilish istagidan boshlanadi”, deb talqin etilgan hamda kitobning falsafiy asosini tashkil etgan.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov yangi va muhtasham kitob haqida fikr-mulohazalarini bildirar ekan, pokistonlik adib O‘zbekiston Prezidenti ilgari surgan Uchinchi Renessans g‘oyasini asar mag‘ziga singdirib yuborgani bejiz emasligini ta’kidladi. Taniqli o‘zbek huquqshunos olimining fikricha, ushbu taraqqiyparvar g‘oya negizida O‘zbekiston liderining, jumladan: "Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat", degan asosli fikrlari o‘z mujassamini topgan.
Shonli tarix shohidki, IX-II asrlarda mintaqamizda yuz bergan va "Musulmon Renessansi" deb nomlangan Birinchi Sharq Uyg‘onish davrida ham, butun dunyoda "Temuriylar davri Renessansi" deya e’tirof etilgan XIV-VI asrlardagi Ikkinchi Sharq Uyg‘onish davrida ham jamiyatda e’tiqod – mustahkam, ma’naviyat – kuchli, insonlar dunyoqarashida ma’naviyat – ustuvor, davlatchilik tuzumida ma’naviyat va ma’rifat – yetakchi bo‘lgan.
Sharqning butun insoniyat tarixidagi nodir ijtimoiy hodisa bo‘lgan har ikki Renessansi buyuk ajdodlarimizning ilm-ma’rifat va kuchli e’tiqod, diniy bag‘rikenglik va insonparvarlik borasidagi ezgu g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan edi. Bu g‘oyalar bizning davrimizda, O‘zbekiston mustaqilligi yillarida alohida, yanada teran ma’no-mazmun kasb etib bormoqda.
Har ikki Renessans davrida ilmu ijod bilan mashg‘ul bo‘lgan buyuk ajdodlarimiz va ulug‘ allomalarimiz o‘zlarining yuksak ma’naviyati, sobit e’tiqodi, havas qilsa arzigulik milliy g‘urur va faxr-iftixor tuyg‘ulari, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga yo‘g‘rilgan go‘zal va noyob fazilatlari bilan alohida ajralib turishgan.
Sevimli shoirimiz Abdulla Oripovning mashhur "O‘zbekiston" qasidasida e’tirof etilganidek:
"Temur tig‘i yetmagan joyni
Qalam bilan oldi Alisher".
"Temuriylar davri Renessansi"ning yorqin namoyandasi bo‘lmish ulug‘ shoir va mutafakkir ajdodimiz Alisher Navoiyning oliymaqom ma’naviyati yurtimiz asrlar osha taraqqiy topishi hamda millatimiz qadr-qimmati olam aro yuksalishi borasida buyuk Sohibqiron Amir Temur bobomizning mohirona davlatchilik faoliyati va harbiy jasoratidan sira kam bo‘lmagan darajada ulug‘vor o‘rin tutadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonni bunyod etishga qaratilgan barcha ezgu sa’y-harakatlar samarasi sifatida yuzaga chiqadigan Ma’naviy-ma’rifiy Uyg‘onish xalqimiz, jamiyatimiz, davlatimiz bunyod etishga kirishgan Uchinchi Renessans uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Yanada aniq qilib aytganda, har qanday Renessansning muhim asosini Ma’naviy-ma’rifiy Uyg‘onish tashkil etadi, dedi pirovardida akademik A. Saidov.
Ma’lumot uchun: pokistonlik yozuvchi va jurnalist Muhammad Abbos Xonning “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” kitobi o‘zbek tilida ham nashr etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский