O‘zbekiston Xotin-qizlar maqomi bo‘yicha komissiyaning yubiley sessiyasida ishtirok etmoqda

2026-yil 9-mart kuni BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Xotin-qizlar maqomi bo‘yicha komissiyaning (CSW70) 70-yubiley sessiyasi o‘z ishini boshladi. Bu yil jahon hamjamiyati diqqat markazida xotin-qizlarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini mustahkamlash masalasi turibdi.

Tadbirning tantanali qismida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, “BMT-ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Baxus, CSW70 raisi M.Valverde hamda fuqarolik jamiyati vakillari so‘zga chiqdilar.

BMT Xotin-qizlar maqomi bo‘yicha komissiyasining yubiley sessiyasida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda. Delegatsiyamiz tarkibi – senator Gulnora Ma’rufova, Oliy sud raisi o‘rinbosari Malika Qalandarova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratovadan iborat.

Sessiyani ochar ekan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish kamsituvchi huquqiy tizimlarni yo‘q qilish o‘ta muhim ekanini ta’kidladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilda ham ayollar erkaklarga berilgan qonuniy huquqlarning atigi 64 foiziga egadir. Bosh kotib hukumatlarni bu sohadagi islohotlarni jadallashtirishga chaqirib, hozirgi sur’atlar bilan to‘liq tenglikka faqat yarim asrdan so‘ng erishish mumkinligini qayd etdi.

“BMT-ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Baxus “jabrlanuvchilarga yo‘naltirilgan odil sudlov” tizimini yaratishga e’tibor qaratdi. U ixtisoslashtirilgan sudlarni tashkil etishga va onlayn zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi raqamli vositalarni joriy etishga da’vat qildi.

Sessiyaning birinchi kuni ikki haftalik muhokamalarga zamin yaratdi. Delegatlarning asosiy xulosasi bir ovozdan qabul qilindi, ya’ni: siyosiy iroda va huquqiy islohotlarni davlat tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyalashtirmasdan turib, taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi.

Birinchi kun nihoyasida “Inklyuziv va adolatli huquqiy tizimlarni yaratishga ko‘maklashish, kamsituvchi qonunlar, siyosat va amaliyotlarni bartaraf etish hamda tizimli to‘siqlarni yo‘q qilish orqali barcha xotin-qizlarning odil sudlovdan foydalanishini ta’minlash va uning imkoniyatlarini kengaytirish” nomli yakuniy hujjat qabul qilindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech