Byudjetning daromad qismini inson huquqlari nuqtayi nazaridan tahlil qilishga bag‘ishlandi

Byudjet siyosatiga inson huquqlariga asoslangan yondashuvni joriy etishga bag‘ishlangan seminarning yakuniy kuni byudjetning daromad qismini inson huquqlari nuqtayi nazaridan tahlil qilishga bag‘ishlandi. Shuningdek, milliy byudjet siyosatiga tegishli yondashuvlarni joriy etish istiqbollari bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.

Mashg‘ulotlar doirasida ishtirokchilar soliq-byudjet siyosatini baholash metodologiyalarini, jumladan, progressiv soliqqa tortish hamda inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga muvofiq ichki resurslarni safarbar qilish masalalarini ko‘rib chiqdilar. Byudjetning daromad bazasini shakllantirishda adolat va kamsitmaslik tamoyillariga alohida e’tibor qaratildi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi eksperti Igor Grishko soliq siyosatini inson huquqlari nuqtayi nazaridan tahlil qilish yondashuvining asosiy jihatlarini, shu jumladan, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar qo‘mitasining qoida va tavsiyalarini taqdim etdi.

Guruhlarda ishlash jarayonida ishtirokchilar o‘rganilgan uslub va vositalarni qo‘llab, byudjetning daromad qismini shakllantirishga doir aniq misollarni tahlil qildilar. Bu soliq siyosati va inson huquqlarini ro‘yobga chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni chuqurroq anglash imkonini berdi.

Alohida mashg‘ulot inson huquqlarini hisobga olgan holda byudjetlashtirish sohasida texnik yordam ko‘rsatishning xalqaro tajribasiga, jumladan, turli mamlakatlar misollariga bag‘ishlandi. Bunday yondashuv islohotlarning ehtimoliy yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy tasavvurlarni kengaytirishga xizmat qildi.

Yakuniy muhokama doirasida O‘zbekiston Respublikasi byudjet tizimida inson huquqlariga asoslangan yondashuvni institutsionalizatsiya qilishga qaratilgan keyingi qadamlar yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilar idoralararo hamkorlikni mustahkamlash, davlat organlarining tahliliy salohiyatini rivojlantirish hamda jamoatchilik ishtiroki mexanizmlarini kengaytirish zarurligini ta’kidladilar.

Tadbir so‘ngida seminar qatnashchilariga ularning ishtirokini, byudjet siyosatiga huquqiy yondashuvni qo‘llash sohasida olgan bilim va ko‘nikmalarini tasdiqlovchi sertifikatlar topshirildi. Seminar yakunlari sarhisob qilindi, erishilgan natijalar baholandi hamda mamlakat byudjet siyosatida shaffoflik, hisobdorlik va inson huquqlariga yo‘naltirilganlik tamoyillarini yanada ilgari surishga sodiqlik tasdiqlandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech