YUNFPAning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori o‘rinbosari Klaus Bek o‘z nutqida rivojlanish huquqi insonni, uning qadr-qimmati, huquqlari, tanlash imkoniyati va o‘z kelajagini shakllantirishda ishtirok etish qobiliyatini ustuvor o‘ringa qo‘yishi kerakligini ta’kidladi.
U demografik o‘zgarishlar, migratsiya va urbanizatsiya, iqlim o‘zgarishi, raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt, qurolli mojarolar va gumanitar inqirozlarga yangi imkoniyatlar yaratuvchi, shu bilan birga, tengsizlik va zaiflikning yangi xavf-xatarlarini keltirib chiqaruvchi omillar sifatida alohida e’tibor qaratdi.
Nutqda inson huquqlarini himoya qilgan va aholining turli qatlamlari uchun imkoniyatlarni kengaytirgan holda, davlatlarning demografik o‘zgarishlarga o‘z vaqtida munosabat bildirish qobiliyatini nazarda tutuvchi demografik barqarorlik konsepsiyasi muhim o‘rin egalladi. Shu ma’noda, yoshlarning ta’lim olishi, salomatligi, kasbiy ko‘nikmalari va munosib bandligiga sarmoya kiritish, ijtimoiy himoya tizimlarini aholining qarishi jarayoniga moslashtirish, shuningdek, gender tenglikni ta’minlash hamda oilaviy va kasbiy faoliyatni uyg‘unlashtirish uchun shart-sharoit yaratish zarurligi qayd etildi.
Klaus Bek ma’lumotlar tizimlari va dalillarga asoslangan siyosatni rivojlantirish, bilim va innovatsiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, barqaror moliyalashtirish hamda davlatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va xususiy sektorning o‘zaro hamkorligi orqali zamonaviy xavf-xatarlarga javob berish uchun xalqaro birdamlik va amaliy hamkorlik zarurligini alohida ta’kidladi.
Uning fikricha, «Inson qadr-qimmati taraqqiyotning ikkinchi darajali natijasi bo‘lib qolmasligi, balki doimo uning asosiy maqsadi va mezoni bo‘lishi shart».
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
