Yangi O‘zbekiston: “davlat – xalq uchun” tamoyili amalda

23-iyun – BMTning Davlat xizmati kuni

 

Har yili 23-iyunda BMTning Davlat xizmati kuni butun dunyoda keng nishonlanadi. Mazkur sana BMT Bosh Assambleyasining 2002-yil 20-dekabrdagi 57/277-rezolyutsiyasi bilan ta’sis etilgan.

Bunday muhim qaror zamirida jamiyat rivojiga ulkan hissa qo‘shayotgan davlat xizmatchilarining mehnatini muntazam ravishda qadrlash, ularning kasbiy obro‘sini oshirish, sohada innovatsiyalarni rag‘batlantirish va yoshlarni davlat boshqaruvi tizimida ishlashga jalb etishdek ezgu niyatlar mujassamdir. Ushbu xalqaro sananing ta’sis etilishi bir qator maqsadlar ijobatiga qaratilgan. Bu o‘rinda, xususan:

birinchidan, xizmatni qadrlash: davlat xizmatchilarining jamiyat manfaatlari yo‘lidagi fidokorona va mas’uliyatli mehnatini e’tirof etish;

ikkinchidan, innovatsiyalarni rag‘batlantirish: davlat boshqaruvi tizimida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shaffoflik va aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish.

uchinchidan, ayni sohaga yoshlarni jalb qilish: iqtidorli, yangicha fikrlaydigan yosh kadrlarni davlat sektoriga yo‘naltirish, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarishga zamin yaratish haqida so‘z bormoqda.

Bundan tashqari, ushbu sananing belgilanishi davlat xizmatining jamiyat uchun naqadar qadrliligidan yorqin dalolat bo‘lib, taraqqiyot jarayoniga uning muhim hissasi borligini tasdiqlaydi.

Ayni sana munosabati bilan har yili BMT shafeligida global forumlar o‘tkaziladi. Anjumanlarda davlat organlarining samaradorligini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish yo‘lida ilg‘or tajribalar almashiladi.

Bu sana davlat xizmatchilari faoliyatining munosib e’tirofi va yoshlarni davlat sektorida mansab pillapoyalaridan yuksalishga rag‘batlantirishning o‘ziga xos vositasi hamdir. Xuddi shu sanada barcha mamlakatlarda davlat boshqaruvi tizimining yanada hozirjavobligi va samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shgan davlat xizmatchilari va davlat muassasalari xodimlari BMTning 2003-yilda joriy etilgan “Davlat xizmatini rivojlantirishdagi hissasi uchun” mukofoti bilan taqdirlanadi.

Ushbu mukofot bir necha toifa, xususan:

  • davlat xizmatlarining ochiqligi, hisobdorligi va hozirjavobligini oshirish;

  • davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish;

  • innovatsiya mexanizmlari negizida hal qiluvchi qarorlar qabul qilish jarayonidagi faol ishtirokni rag‘batlantirish; 

  • davlat boshqaruvi sohasida tajriba almashishga ko‘maklashish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha taqdim etiladi.

BMT mukofoti BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti (UN DESA) tomonidan har yili tashkil etiladigan BMT Davlat xizmati forumida tantanali ravishda topshiriladi. BMT Davlat xizmati forumi – davlat boshqaruvi sohasidagi salohiyatni rivojlantirishga qaratilgan global anjumandir.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, 2025-yili bo‘lib o‘tgan  BMT Davlat xizmati forumi aynan 23-iyun – BMTning Davlat xizmati kuni yurtimiz zaminida, Samarqand shahrida tantanali ochildi. Bundan roppa-rosa bir yil avval Yangi O‘zbekistonda o‘tkazilgan BMT Forumi «2030-yilgacha besh yil: Barqaror kelajak uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatishni jadallashtirish» mavzusiga bag‘ishlandi.

Forum BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti va O‘zbekiston hukumati hamkorligida tashkil etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Davlat xizmati forumi ishtirokchilariga tabrigida ta’kidlanganidek, “Bugungi kunda davlat boshqaruvida raqamli transformatsiyani rag‘batlantirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishning innovatsion yechimlarini qo‘llash, davlat sektori institutlarida samaradorlikni keskin oshirish, liderlik boshqaruv uslubini rivojlantirish, uzluksiz ta’lim olishni kengaytirish va bo‘lajak rahbarlar uchun zarur ko‘nikmalarni belgilash bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish har qachongidan ham dolzarb ahamiyatga egadir”.

Davlatimiz rahbari tabrigida Yangi O‘zbekistonda davlat xizmati sohasida erishilgan bir qator yutuqlar qayd etildi. Xususan:

  • so‘nggi yillarda davlat xizmatini chinakamiga inklyuziv xalq xizmatiga aylantirish bo‘yicha tizimli islohotlarni olib borilmoqda. Jumladan, xalqaro ekspertlar bilan birgalikda “Davlat fuqarolik xizmati” to‘g‘risidagi qonun tayyorlandi va 2022-yilda qabul qilindi;

  • islohotlarning har bir xonadonga qadar kirib borishi uchun “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi, manzilli ko‘mak va ijtimoiy himoya instituti kuchaytirildi;

  • xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga yetib, mamlakatimiz bu borada mintaqada yetakchi o‘rinni egalladi;

  • xizmatlar elektronlashtirilayotgani sohaga mansub muhim yutuqlardan bo‘lib, 700 dan ziyod davlat xizmatlari “yagona darcha” tamoyili asosida onlayn platformalar orqali amalga oshirilmoqda;

  • davlat xizmati va boshqaruvi jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish natijasida O‘zbekiston BMTning elektron hukumatlar rivojlanish darajasi bo‘yicha global reytingida 24 pog‘onaga, Sun’iy intellektga tayyorlik bo‘yicha xalqaro indeksda bir yilda 17 pog‘onaga ko‘tarildi;

  • davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish maqsadida zamon talablariga mos iqtidorli mutaxassislarni jalb qilish va professional davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish bo‘yicha kadrlar tayyorlash klasteri tashkil etildi;

  • institutsional salohiyatni oshirish va inson kapitaliga sarmoya kiritishga ko‘maklashish uchun xalqaro tajriba asosida endaument imkoniyatlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Yana bir muhim yutuq: mazkur Forum arafasida, 2025-yil 19-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonini imzolagani e’tiborga sazovor.

Farmonga ko‘ra, jumladan, davlat tashkilotidagi inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalari rahbarlari kadrlar siyosati bo‘yicha rahbarning maslahatchisi maqomiga ega bo‘ldi. Ular davlat xizmatini rivojlantirish agentligi yoki uning filiallari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Shuningdek, 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab davlat xizmatchilari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishni nazarda tutuvchi «Davlat xizmatchisi» mobil ilovasi ishga tushirildi. Unda xodim to‘g‘risidagi ma’lumotlar, bog‘lanish uchun telefon raqami, pochtasi va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari haqidagi axborotlarni nazarda tutuvchi ma’lumotlar bazasi yaratildi.

BMT tomonidan 23-iyun – BMTning Davlat xizmati kuni deb e’lon qilinganligi hamda ushbu kunda davlat xizmati ahamiyatini yoritishga oid maxsus tadbirlar tashkil qilishga chaqirilganligi munosabati bilan har yili har bir vazirlik va idoralarda davlat xizmatchilarining oila a’zolari uchun «oila kuni» tadbirlari tashkil etilmoqda.

Keyingi yillarda davlat xizmatchilarining maqomi, huquq va majburiyatlari hamda korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini aniq belgilashga qaratilgan huquqiy hamda institutsional yangilanishlar sohaga izchil tatbiq etilmoqda. Bu borada maxsus organ – Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (ARGOS) tuzilib, kadrlarni seleksiya qilish va ularning kasbiy o‘sishini ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani bunga yaqqol misoldir.

Yangi tizim joriy etildi. Bu o‘rinda 2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat xizmatiga birinchi marta kirayotganlar uchun 1-yillik sinov shartnomasi va majburiy malaka oshirish kurslari tizimi ish boshlagani haqida so‘z bormoqda.

Tizimda inson omili kamaytirilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, xizmatlarning raqamlashishi natijasida byurokratiya va navbat kutishlar keskin kamaydi, bu esa O‘zbekistonning BMT Elektron hukumat reytingida sezilarli darajada yuqorilashiga xizmat qildi.

Ochiqlik va meritokratiya, ya’ni adolatli tanlov tamoyillari alohida diqqat markazida turibdi. Masalan, davlat idoralaridagi bo‘sh lavozimlarga ishga qabul qilish vacancy.argos.uz portali orqali faqat ochiq va shaffof tanlovlar (konkurs) asosida amalga oshirilmoqda.

Shunday qilib, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, dunyoga tobora ochilayotgan, jadal islohotlar yo‘lidan borayotgan va ilg‘or xalqaro tajribani keng tatbiq etayotgan, “davlat – xalq uchun” tamoyiliga qat’iy amal qilib kelayotgan Yangi O‘zbekiston davlat xizmati sohasida global o‘zgarishlarning ajralmas bir qismiga aylanmoqda.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech