Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Nurafshonda mahalla fuqarolar yig‘ini profilaktika inspektorlari uchun trening o‘tkazildi

Toshkent viloyatida 883 ta mahalla mavjud bo‘lib, shulardan 471 tasida hech qanday jinoyat sodir etilmagan. Ya’ni, viloyat hududidagi mahallalarning katta qismi “yashil” toifa talablariga mos keladi.

Gap shundaki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yurtimiz mahallalarini infratuzilma, tadbirkorlik, kambag‘allik, ishsizlik, jinoyatchilik, nizoli oilalar, aholi murojaatlari ko‘rsatkichlari asosida «qizil», «sariq», «yashil» toifalarga ajratish hamda yuzaga kelgan muammolarning bartaraf etilganligi holatini monitoring qilish tashabbusi ilgari surildi. Unga ko‘ra mahallalar uch darajaga ajratiladi: yashil — xavfsiz, rejali nazorat yetarli; sariq — ehtiyot choralari talab etiladi; qizil — xavf yuqori, texnik-profilaktika ko‘riklari va kuchaytirilgan nazorat zarur.

31-iyul kuni Nurafshon shahrida bo‘lib o‘tgan «Inson huquqlari: xalqaro standartlar va milliy qonunchilik» mavzusidagi ikki kunlik seminar-trening avvalida shu haqda so‘z bordi. Mashg‘ulotlar Toshkent viloyati ichki ishlar organlarining mahalla fuqarolar yig‘ini profilaktika inspektorlari uchun Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, hamda Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha mintaqaviy vakili hamkorligida tashkil etildi.

O‘quv seminari Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazildi. Tadbirni Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Asilbek Rahmonov ochib berdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov tadbir ishtirokchilarini qutlar ekan, dastavval, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 29-iyunda o‘tkazilgan majlisda profilaktika inspektorlari faoliyati va jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish istiqbollari haqida alohida so‘z yuritilgani haqida to‘xtaldi. Mamlakatimiz hududlarida mahalla fuqarolar yig‘inlari profilaktika inspektorlari uchun o‘tkazilayotgan seminar-treninglar davlatimiz rahbari ayni majlisda ilgari surgan masalalar targ‘iboti bilan uyg‘un tarzda olib borilayotgani alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi asosida profilaktika inspektorlarining huquqiy maqomi, vakolatlari va ijtimoiy himoyasini mustahkamlash maqsadida “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ustida ish olib borilayotgani qayd etildi. Davlatimiz rahbarining profilaktika inspektorlariga xos bo‘lmagan ortiqcha vazifalardan ularni xalos etish, aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi asosida ishlash samaradorligini baholash, shuningdek, kadrlar tayyorlash jarayonida zamonaviy fanlar — xavf-xatar tahlili, raqamli texnologiyalar, profayling va oilaviy mediatsiya kabi yo‘nalishlarni joriy etish zarurligi haqidagi ko‘rsatmalari yuzasidan atroflicha tushuntirish berildi.

Mashg‘ulotlar davomida “Inson huquqlari standartlari: nazariyadan amaliyotga”, “Bola huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy standartlar”, “Gender tenglik. Xotin-qizlar huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar va ularning milliy darajadagi implementatsiyasi”, “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari hamda sohadagi xalqaro standartlar”, “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar va mexanizmlar”, “Qiynoqqa qarshi konvensiya va uning ichki ishlar organlari faoliyatidagi ahamiyati” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.

Ma’ruzalarni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakilining Toshkent viloyati bo‘yicha mintaqaviy vakili Muhriddin Hamzayev, Milliy markaz direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova, Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i Kamila Olimova, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kafedra boshlig‘i Dilorom Xudoyberganova va mazkur Akademiya dotsenti Umid  Fozilov taqdim etdi.

Mashg‘ulotlarda profilaktika inspektorlarida jinoyat va huquqbuzarliklarni ochish, tergov qilish hamda ularning oldini olish borasidagi kasbiy faoliyatida, shuningdek, boshqa xizmatlar, davlat organlari va jamoat birlashmalari bilan hamkorlik jarayonida zarur bo‘ladigan inson huquqlariga doir xalqaro standartlar bo‘yicha bilimlarni shakllantirishga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, ichki ishlar organlari xodimlarida inson huquqlariga rioya etish va ularni hurmat qilish ko‘nikmalarini hosil qilish masalasi alohida e’tibor markazida bo‘ldi.

Seminar-trening yakunida profilaktika inspektorlari test sinovlaridan o‘tkazildi va ularga sertifikatlar topshirildi.

Profilaktika inspektorlaridan bir guruhi namunali xizmatlari uchun faxriy yorliq, tashakkurnoma va rag‘batlantiruvchi mukofotlar bilan taqdirlandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

 matbuot xizmati

Nashr sanasi 03.08.2026 Ko'rishlar 29
Ulashish