Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumining  Yuqori darajadagi majlisi o‘tkazildi

28-sentyabr-kuni poytaxtimizda Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi tantanali ochilish marosimidan so‘ng Forumning Yuqori darajadagi majlisi bo‘ldi. Ushbu nufuzli tadbir «Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlar, rivojlanish huquqi va global hamjihatlik: zamonaviy tahdidlar sharoitida yangi qarash» mavzusiga bag‘ishlandi.

Asosiy ma’ruzalarni BMT va uning tuzilmalari, YEXHT, SHXT, IHT, MDH, TURKPA kabi xalqaro va mintaqaviy xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamda yetakchi ekspertlari taqdim etdilar.

Xususan, BMT Inson huquqlari qo‘mitasi raisi  Changrok Soh,  Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash Bosh kotibi o‘rinbosari Lin Chjan, MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Yevgeniya Paramonova, TURKPA Ta’lim, madaniyat, ijtimoiy va gumanitar masalalar komissiyasi kotibi Kadir Yamanning ma’ruzalari tinglandi.

Forumda, shuningdek, EXHTning milliy ozchiliklar bo‘yicha Oliy komissari Kristof Kamp, BMT Aholishunoslik fondi (UNFPA)ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori o‘rinbosari Klaus Bek onlayn ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

Bundan tashqari, BMTning Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha kichik qo‘mitasi (SPT) milliy profilaktika mexanizmlari bo‘yicha rais o‘rinbosari Elina Shteynerte, BMTning sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Margaret Sattertueyt, Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Nurlan Ermekbayev, BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH bo‘yicha mintaqaviy byurosi ma’muriyat yordamchisi o‘rinbosari va mintaqaviy direktor o‘rinbosari Nik Xartman yo‘llagan videomurojaatlar namoyish etildi.

Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining ijrochi direktori Hadi bin Ali Alyami va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Bosh kotibi Sergey Lebedev nutqi o‘qib eshittirildi.

Muhokamalarda inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tizimining olti o‘n yillikdan keyingi transformatsiyasi evaziga erishilgan natijalar, mavjud muammolar va rivojlanish istiqbollari haqida fikr yuritildi. Zamonaviy global tahdidlar sharoitida barcha inson huquqlarining universalligi, bo‘linmasligi, o‘zaro bog‘liqligi va o‘zaro aloqadorligi ta’kidlandi.

Inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro tizimi kelajagi, ya’ni Xalqaro paktlarning olti o‘n yillikdan keyingi ijrosi va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro arxitekturani mustahkamlash istiqbollari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Rivojlanish huquqi universal inson huquqi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va global tengsizlikni qisqartirishning muhim omili ekani qayd etildi.

Global hamjihatlik va xalqaro hamkorlik zamonaviy tahdidlarga, jumladan raqamli transformatsiya, iqlim o‘zgarishi, mojarolar va gumanitar inqirozlarga samarali javob berishning asosi sifatida e’tirof etildi. Urush sharoitida insoniylik omili, jumladan, zamonaviy qurolli mojarolar sharoitida xalqaro huquq oldida paydo bo‘lgan tahdidlarga e’tibor qaratildi.

Shuni ta’kidlash kerakki, Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi «Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlarning-60-yilligi va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning-40-yilligi: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yo‘lida global sheriklik» mavzusiga bag‘ishlangan.

Forum Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi, YEXHT, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi hamda Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 28.09.2026 Ko'rishlar 70
Ulashish