Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Beshinchi Samarqand forumi minbaridan

Yuqori darajadagi yalpi majlis muhokamasi doirasida BMTning Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha quyi qo‘mitasi (SPT) raisi o‘rinbosari Elina Shteynerte videomurojaat bilan so‘zga chiqdi.

U o‘z nutqida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinishi va 1966-yilda xalqaro majburiyatlarga yuridik kuch berilishidan boshlab, to qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan zamonaviy mexanizmlar shakllanishigacha bo‘lgan inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tizimining rivojlanish bosqichlarini tahlil qildi.

BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasiga Fakultativ protokol (OPCAT) hamda uning asosida yaratilgan, milliy va xalqaro organlarning ozodlikdan mahrum qilish joylariga muntazam monitoring tashriflarini nazarda tutuvchi preventiv mexanizmga alohida e’tibor qaratildi.

Preventiv (oldini oluvchi) yondashuvning allaqachon sodir etilgan qoidabuzarliklarga munosabat bildirishdan farqini qayd etarkan, Elina Shteynerte muntazam milliy monitoring muayyan vaziyatga bo‘lgan xalqaro e’tibor susayganidan keyin ham qiynoqlarning oldini olishni doimiy va barqaror amaliyotga aylantirish imkonini berishini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Qiynoqlarning oldini olishda samaradorlikka erishish bir martalik choralarni emas, balki vaziyatga nisbatan xalqaro e’tibor pasayganidan keyin ham insonlar himoyasini ta’minlaydigan uzluksiz milliy monitoringni talab etadi».

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 14.10.2026 Ko'rishlar 56
Ulashish