2022 yil 5 aprel kuni Toshkent shahrida nizoli hududlardan olib kelingan repatriantlar, shu jumladan Suriya, Iroq va Afg‘onistondan qaytgan ayollar va bolalarni jamiyat hayotiga integratsiyalashtirish hamda moslashtirish bo‘yicha tadbirlarni monitoring qilish va baholash sohasida O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari roli va imkoniyatlarini oshirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy ofisi tomonidan tashkil etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirokchilarni qutlar ekan, O‘zbekiston Hukumati olib borayotgan insonparvarlik siyosati doirasida 2019-2021 yillarda Suriya, Iroq va Afg‘oniston mamlakatlari hududidan O‘zbekiston fuqarolarini olib chiqish bo‘yicha beshta maxsus operatsiya amalga oshirilganiga e’tiborni qaratdi.
“Mehr” deb nomlangan ana shu operatsiyalar natijasida O‘zbekistonga “qaynoq nuqta”lardan jami 531 nafar fuqaro olib kelingan. Shundan 24 nafarini – erkaklar, 121 nafarini – xotin-qizlar, 379 nafarini – bolalar va 7 nafarini xorijiy fuqarolar tashkil etadi.
Mamlakatimiz hukumati tomonidan repatriantlar, ya’ni Vatanga qaytarilgan fuqarolarni jamiyatga moslashtirish maqsadida tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Respublika komissiyasi va hududiy idoralararo komissiyalar tuzildi hamda ular tarkibidan mahalliy hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi, adliya, bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklarining vakillari joy oldi.
Komissiyalarning asosiy vazifasi nizoli mintaqalardan olib kelingan ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish va jamiyatga moslashtirish bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirishdan iborat etib belgilandi. Komissiyalar zimmasiga, shuningdek, repatriant ayollarga ishga joylashishda va psixologik yordam ko‘rsatish, ular bilan profilaktika ishlari olib borish, bolalarni bog‘cha va maktablarga joylashtirish kabi muhim vazifalar yuklandi.
Vatanga qaytarilgan fuqarolar ikki bosqichda reabilitatsiyadan o‘tdi. Ushbu aniq chora-tadbirlar natijasida ularning aksariyati ekstremistik g‘oyalardan butunlay voz kechib, dunyoviy hayot tarzini tanladilar.
2022 yil 15 mart kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 49-sessiyasi doirasida Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi Fionnuala Ni Aolaynning mamlakatimizga 28 noyabr – 7 dekabr kunlari amalga oshirgan tashrifi yakunlariga bag‘ishlangan ma’ruzasi tinglandi. BMT Maxsus ma’ruzachisi O‘zbekistonning “Mehr” operatsiyasi doirasida fuqarolarni mamlakatga qaytarish, reabilitatsiya va reintegratsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlarini yuksak baholadi.
Ayni vaqtda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisining O‘zbekistonga tashrifi yakunlari yuzasidan taqdim etgan tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqmoqda.
Milliy harakatlar rejasi loyihasiga repatriatsiya va reintegratsiya bilan bog‘liq tavsiyalarni bajarishga doir chora-tadbirlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari kiritiladi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, “qaynoq nuqta”lardan qaytgan ayollar va bolalarni jamiyat hayotiga integratsiyalashtirish hamda moslashtirish bo‘yicha tadbirlarni monitoring qilish va baholash sohasida O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari muhim o‘rin tutadi.
Davra suhbati yakunida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu dastur nizoli mintaqalarda ovvora-yu sarson yurgan vatandoshlarimizni, ular yoki oila a’zolari tomonidan og‘ir jinoyatlar sodir etilganidan qat’i nazar, bexavf va bexatar olib kelishga yo‘naltirilgani juda muhimdir.
Shu ma’noda, fuqarolari hali ham Suriya va Iroqdagi qochoqlar lagerlarida saqlanayotgan ko‘plab mamlakatlar uchun ushbu dastur namuna bo‘lishi, qolaversa, O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi ibratli amaliyoti sifatida qabul qilinishi mumkin.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»
- Qo'shildi: 05.04.2022
- Ko'rishlar: 6655
- Chop etish