Toshkent davlat yuridik universiteti tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda Adliya vazirligi, Toshkent davlat yuridik universiteti ilmiy hamjamiyati, Yuristlar malakasini oshirish markazi, Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali, TDYU qoshidagi akademik litseyi, Adliya vazirligi yuridik texnikumlari vakillari, talabalar hamda huquq sohasidagi taniqli olimlar va amaliyotchilar, ekspertlar ishtirok etdi.
Huquqshunos olimlar va amaliyotchilar o‘rtasida O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha ochiq muloqotni rivojlantirish, bu borada olimlar, amaliyotchilar, ekspertlarning o‘zaro fikr almashish hamda tegishli ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalarni ilgari surishga imkon berish maqsadida tashkil etilgan muhokama avvalida TDYU rektori A.Tashkulov so‘z olib, konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda yuristlarning ahamiyati katta ekanini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi, yuridik fanlari doktori, akademik Akmal Saidov so‘zga chiqib, konstitutsiyaviy islohotlarda yuristlar, TDYU professor-o‘qituvchilari va talabalari faol bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidladi hamda mamlakatimizda o‘tkazilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyati, shu paytgacha bu yo‘nalishda qilingan ishlar, islohotlarning bosqichlari va shu paytga qadar aholidan kelib tushgan takliflar mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, ayni paytda aholidan takliflarlarni qabul qilish maqsadida maxsus telegram-bot yaratilgan bo‘lib, bu yo‘nalishda Call centre ham tashkil etilgan. Bugungi kunga qadar mamlakatimiz fuqarolaridan Asosiy Qonunning turli moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish borasida 17 mingga yaqin takliflar kelib tushgan bo‘lib, ularni 47 nafar a’zodan iborat maxsus Konstitusiyaviy komissiya ko‘rib chiqmoqda.
Ilmiy muhokama doirasida TDYU va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Imzolash marosimidan keyin A.Saidov tomonidan universitet kutubxonasiga Milliy markaz tomonidan chop etilgan kitoblar, xususan, Brayl alifbosidagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini sovg‘a qildi.
Shu bilan anjumanning tantanaviy qismi yakunlanib, muhokamalar va takliflarga navbat berildi.
Anjumanda inson huquq va erkinliklarini konstitutsiyaviy kafolatlarini xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi asosida yana takomillashtirish, iqtisodiyotning davlat ta’siri ostida rivojlanishiga imkon beruvchi, davlat hokimiyatining samarali faoliyat yuritishi uchun to‘siq bo‘layotgan konstitutsiyaviy normalar yoki konstitutsiyaviy bo‘shliqlarni muhokama etishga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, mamlakatimizda ijtimoiy davlatni shakllantirish, ekologik muammolarni minimallashtirishga qaratilgan konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarni yaratish, raqamlashtirishning konstitutsiyaviy asoslarini ilmiy jihatdan tahlil qilish borasida fikr almashildi.
Muhokamada ishtirok etgan professor-o‘qituvchilar, ekspertlar, Adliya vazirligi huzuridagi tashkilotlar mutaxassislari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish, jumladan, xususiy mulk daxlsizligi, inson huquqlari kafolatlari, ilmiy ijod erkinligi, jamoatchilik birlashmalari faoliyati bo‘yicha bildirilgan qator fikr-mulohazalar qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Yakunda ilmiy hamjamiyat muhokamasi doirasidagi takliflar umumlashtirilib, Konstitutsiyaviy komissiyaga yuborishga kelishib olindi.
- Qo'shildi: 10.06.2022
- Ko'rishlar: 5410
- Chop etish