O‘ZBEKISTONDAGI KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLAR HAR BIR INSON QADRI VA HUQUQLARINI TA’MINLASHGA QARATILGAN

Joriy yil 3 avgust kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi qarorgohida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Ushbu nufuzli forumda BMTga a’zo davlatlarning Osiyo, Yevropa, Amerika va Afrika qit’alariga mansub 40 dan ortiq missiyasi vakillari hamda ekspertlari, shuningdek, BMT tarkibidagi turli tuzilmalar xodimlari – jami 55 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Xalqaro davra suhbatini O‘zbekistonning BMTdagi vakili – Elchi B. Ibrohimov olib bordi.

 

Akmal SAIDOV, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Konstitutsiyaviy komissiya raisi:

– Avvalo, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotning ustuvor yo‘nalishlari haqida qisqacha to‘xtalaman.

Shu yil 1 avgustgacha umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi mazmun-mohiyatiga ko‘ra, “inson – jamiyat – davlat”, “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga, yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlashga qaratilgan.

Shuningdek, konstitutsiyaviy o‘zgartishlar sifatli va malakali tibbiy xizmatni tashkil etish, ta’limni rivojlantirish, xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, fuqarolik jamiyati institutlarining maqomini va ekologik muhofaza kabi masalalarni konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yish bilan bog‘liq. Shu bilan birga, davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini takomillashtirish, jumladan, parlament vakolatlarini kengaytirish, Prezidentlik institutini takomillashtirish, joylardagi vakillik va ijro hokimiyati organlarini ajratishning konstitutsiyaviy asoslarini yanada mustahkamlash masalalarini ham o‘z ichiga olgan.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar dunyo jamoatchiligi va xorijdagi vatandoshlarimizning e’tiborida bo‘lib turgani bejiz emas. Chunki O‘zbekiston Konstitutsiyasiga yurtimizda millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, ko‘pmillatli xalqimizning boy madaniyatini asrab-avaylash va yuksaltirish, vatandoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida ham o‘zgartishlar kiritish ko‘zda tutilmoqda.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining muhokamalarida yoshlar, o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, umuman vatanimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan ishtirok etib, o‘z takliflarini bildirdi. Umumxalq muhokamasi doirasida 150 mingdan ortiq taklif kelib tushdi.

Bu, o‘z navbatida, mamlakatimiz Bosh Qomusiga kiritilayotgan o‘zgartishlarning umumxalq muhokamasida aholining barcha qatlamlari va fuqarolik jamiyati faol ishtirok etganining o‘ziga xos tasdig‘idir. Shu o‘rinda yoshlarning o‘ziga xos tashabbuskorligi va huquqiy ijodkorligini alohida ta’kidlamoqchiman.

Umumxalq muhokamasi asnosida kelib tushgan yuz minglab takliflar – Asosiy qonunimizni tom ma’nodagi xalq Konstitutsiyasiga aylantirish uchun keng va qulay imkoniyatdir. Shuning uchun ayni vaqtda Konstitutsiyaviy komissiyada har bir taklif va ekspertiza xulosalari ekspertlar, mutaxassislar, olimlar, siyosatchilar ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, shu asosda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi maromiga yetkazilyapti.

Shundan so‘ng Konstitutsiyaviy qonun loyihasi quyi palata qo‘mitalarining qo‘shma yig‘ilishi, siyosiy partiyalar fraksiyalarida muhokamalardan o‘tkaziladi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisi kun tartibiga olib chiqiladi. Qonun loyihasining matni tayyor bo‘lishi bilan deputatlar muhokamasiga kiritiladi va xalq vakillarining fikrini inobatga olgan holda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi referendumga qo‘yiladi.

Ya’ni, Konstitutsiyani o‘zgartirishga oid qonun loyihasini dastlab umumxalq muhokamasidan o‘tkazish, shundan keyin referendumga qo‘yish timsolida O‘zbekiston tarixida ilk bor noyob konstitutsiyaviy islohot tajribasi qo‘llanmoqda. Bu ham mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohot doirasidagi demokratik qonun ijodkorligi jarayonlari izchil va mantiqiy negizda borayotganidan dalolatdir.

Yashar ALIEV, Ozarbayjonning BMT huzuridagi Elchisi – Vakolatli vakili:

– O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyati, maqsadi va ustuvor yo‘nalishlari haqida taqdim etilgan batafsil hamda qamrovdor ma’lumotlar uchun minnatdorchilik bildiraman.

Konstitutsiyaviy komissiyaning bu borada konstitutsiyaviy qonun ijodkorligi sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribani chuqur o‘rgangan holda ish olib borayotganini yuqori baholayman. Ozarbayjonning ham ijobiy konstitutsiyaviy islohotchilik tajribasiga e’tibor qaratilganidan mamnun bo‘ldim.

Konstitutsiyaviy islohot keng qamrovli jarayon bo‘lib, aholining barcha qatlamlari, fuqarolik jamiyati institutlari, davlat va xususiy sektorning turli tuzilmalarini jalb qilishni taqozo etadi. Ishonchim komilki, bo‘lajak referendumda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot xalqingiz tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlanadi.

Zero, Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida O‘zbekistonda jamiyatni yanada demokratlashtirish va mamlakat iqtisodiyotini taraqqiy ettirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samaralaridan O‘zbekiston xalqi munosib bahra olmoqda. Buni mintaqa va butun dunyo jamoatchiligi ko‘rib-bilib, e’tirof etib turibdi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston bilan Ozarbayjonning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik munosabatlari yuksak sur’atlarda rivojlanayotganini alohida ta’kidlash lozim. Buni joriy yil iyun oyida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Alievning mamlakatingizga oliy darajadagi tashrifi muvaffaqiyatli tashkil etilgani ham  yaqqol tasdiqlaydi.

 

Peter Moxan Maitxiri PIERIS, Shri-Lankaning BMT huzuridagi Elchisi – Vakolatli vakili:

– O‘zbekistonda Asosiy qonunni inklyuzivlik, transparentlik va ko‘pchilikning roziligini olish prinsiplari negizida yangilashga kirishilgani mardona va jasoratli qadamdir. Yangilanayotgan Konstitutsiyada mamlakatingiz xalqi xohish-irodasi o‘z ifodasini topishiga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlaringiz tahsinga sazovor.

Fikrimcha, joriy etiladigan o‘zgarishlar davlat bilan xalq o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni yangi pog‘onaga ko‘taradi va har ikki tomonni bir-biriga yaqinlashtiradi.

Konstitutsiyangizga kiritish tavsiya etilayotgan yangilanishlar bilan tanishar ekanman, O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqini yorug‘ va xavfsiz kelajak kutayotganiga komil ishonch hosil qildim.

 

Bostyan MALOVR, Sloveniyaning BMT huzuridagi Elchisi – Vakolatli vakili:

– Men O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarni muntazam kuzatib borayapman. Ayniqsa, mamlakatingizning xalqaro tashkilotlar doirasidagi samarali faoliyati alohida diqqat-e’tiborimda turibdi.

Mamlakatingizda Konstitutsiyani yangilash bo‘yicha qilingan ulkan hajmdagi ishlar e’tirofga loyiqdir. Asosiy qonuningizga kiritish taklif etilayotgan o‘zgarishlar hayotning barcha sohalariga, shu jumladan, BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlarining asosiy yo‘nalishlariga ham taalluqliligini to‘la qo‘llab-quvvatlayman.

 

 

Onchu KECHELI, Turkiyaning BMT huzuridagi Doimiy vakili o‘rinbosari:

– BMT qarorgohida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan ushbu xalqaro davra suhbati o‘tkazilishini qutlayman.

BMT majlislari kun tartibiga Markaziy Osiyo bilan bog‘liq masalalar ko‘p ham kiritilavermaydi. Nega deganda, ushbu mintaqada murakkab muammolar mavjud emas va shuning uchun u Xavfsizlik kengashining ro‘yxatida ham yo‘q.

Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlaridagi holat asosan ijobiy talqin etilayotganiga e’tiborni qaratmoqchiman. Xususan, yaqinda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining «Markaziy va Janubiy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash» nomli rezolyusiyasi qabul qilingani muhim voqea bo‘ldi.

Turkiya O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni izchil qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Mamlakatdagi yangilanish jarayonlaridan dunyo hamjamiyatini xabardor qilishda  shaffoflik va ochiqlik yo‘lidan borayotgani uchun O‘zbekiston tomonidan minnatdormiz.

 

Davit KNYAZYAN, Armanistonning BMT huzuridagi Doimiy vakili o‘rinbosari:

– Mamlakatingizda konstitutsiyaviy islohot jarayonlari inklyuzivlik, transparentlik va ochiqlikning yuqori darajalarida tashkil etilgani e’tiborga loyiq. Bu omil, o‘z navbatida, jamiyatning barcha qatlamlari, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar o‘z fikrlarini oshkora bildirishlari uchun keng sharoit yaratilgani misolida nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida insonning ekologiya bilan bog‘liq huquqlariga alohida e’tibor qaratilayotgani tahsinga sazovor. Ayniqsa, Orol dengizining qurishi oqibatlari mamlakatning g‘arbiy hududlari va undan tashqarida ham atrof muhit bilan bog‘liq vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan hozirgi sharoitda bu kabi qadamlar  juda dolzarbdir.

Hozirgi kunda joylardagi atrof muhitga taalluqli hayotiy voqeliklar va tabiatni muhofaza qilishga oid prinsiplar yangilangan Konstitutsiyada o‘z aksini topishi uchun astoydil sa’y-harakat qilinmoqda. Konstitutsiyaviy islohot, jumladan, xalqingizning bu boradagi talab-ehtiyojlarini va barqaror taraqqiyot sohasidagi milliy ustuvor maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga qaratilgani yaqqol ko‘rinib turibdi.

 

Markus KOLL, Germaniyaning BMT huzuridagi Doimiy vakolatxonasi maslahatchisi:

– O‘zbekistonning o‘z Konstitutsiyasini yangilash borasida qo‘llayotgan yondashuvi islohotlarning inklyuzivligi va qamrovdorligini ta’minlash hamda davlat oldida turgan o‘tkir masalalarni samarali hal etishning ibratli namunasidir.

Konstitutsiyaviy islohot boshidanoq mamlakatingizda “Konstitutsiyaning yagona manbai va yaratuvchisi – xalqdir” degan oqilona tamoyilga tayanib ish tutilayotgani menga maqbul va manzur bo‘ldi.

Biz O‘zbekistonda xalq manfaatlari, huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga Germaniya xalqaro hamkorlik bo‘yicha jamiyati yordam berayotganidan faxrlanamiz.

Hozirgi vaqtda Toshkentda bo‘lib turgan Germaniya delegatsiyasi ham ayni shu yo‘nalishdagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalarimizni mustahkamlash yuzasidan muzokaralar olib bormoqda. Umid qilamanki, Yevropa Ittifoqining yangilangan strategiyasi doirasidagi hamkorlik munosabatlarimiz ham kelgusida yanada chuqurlashadi.  

 

Xolisa MABONGO, Janubiy Afrikaning BMT huzuridagi Doimiy vakili o‘rinbosari:

– Konstitutsiyani isloh qilish har bir davlat uchun tarixiy voqea hisoblanadi. Chunki buning natijasida jamiyat manfaatlariga xizmat qiladigan yangi qadriyatlar va prinsiplar joriy etilishi hisobiga butun mamlakatning tubdan yangilanishi yuz beradi.

O‘zbekistonning konstitutsiyaviy islohotlar borasida rivojlangan demokratik davlatlar orttirgan ilg‘or tajribalarni o‘rganish va o‘zlashtirishga qaratilgan azmu qarorini qo‘llab-quvvatlayman.

Xuddi shu yo‘l to‘g‘ri va aynan kerakli yo‘l ekanini Janubiy Afrika tajribasi yaqqol tasdiqlaydi. Biz ham mamlakatimizning Asosiy qonunini yangilashda Germaniya, Buyuk Britaniya kabi yetakchi davlatlarning konstitutsiyaviy ijodkorlik bobidagi eng maqbul amaliyotlariga tayanganmiz.

Mamlakatingizdagi konstitutsiyaviy islohot jarayonida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash tizimini takomillashtirish, aholini ijtimoiy himoya qilishni kafolatlash kabi yo‘nalishlarda Asosiy qonunga o‘zgartirishlar kiritish taklif qilinayotgani e’tiborga sazovor. Ayniqsa, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari  keng doirada mustahkamlab qo‘yilayotganini yuqori baholayman.

 

Mark SEAX, Singapurning BMT huzuridagi Doimiy vakili o‘rinbosari:

– O‘zbekistonning konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirishda xalq manfaatlaridan kelib chiqqan holda ish tutayotgani nihoyatda ijobiy yondashuvdir.

Haqiqatan ham, yer yuzida barcha mamlakatlar uchun yagona bo‘lgan Konstitutsiya modeli mavjud emas. Har qaysi davlat insonlarning hayotini yaxshilash, xalqning farovonligini oshirish hamda barqaror taraqqiyotning milliy va global maqsadlarini ro‘yobga chiqarishning o‘ziga xos noyob yo‘lini kashf etadi.

 

 

Shinichi MISUTA, BMT huzuridagi Yaponiya Missiyasining eksperti:

– Albatta, konstitutsiyaviy islohotni keng jamoatchilik ishtirokida amalga oshirish eng maqbul va to‘g‘ri yo‘ldir.

Yaponiyada qonun ustuvorligi va konstitutsiyaviy tartibni ta’minlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Shu ma’noda, Yaponiya tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekistonga huquqshunoslar va adliya organlari xodimlarini tayyorlashda ko‘maklashilayotgani bejiz emas.

Biz BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirishni tezlashtirishda mintaqangizdagi davlatlarga bundan keyin ham yordam berishda davom etamiz.

Xalqaro davra suhbati yakunida har qaysi davlatning hayotida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan voqealardan jahon hamjamiyati xuddi shu tarzda xabardor qilib borilishi nihoyatda muhim ekani ta’kidlandi. Ishtirokchilarning fikricha, bu taraqqiyotning milliy ustuvor sohalarini belgilab olish va ularning BMT tamoyillariga mutanosibligini aniqlash imkonini beradi.

Shu nuqtai nazardan, nufuzli xalqaro ekspertlar O‘zbekistonning yangilanadigan Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Barqaror taraqqiyot maqsadlariga uyg‘un va hamohang ekanini e’tirof etdilar.

Tadbirda mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi sho‘ba mudiri J.Abdullaev, Tashqi ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i M.Madrahimov, Parlament axborot markazi rahbari o‘rinbosari R.Umarov qatnashdi.

 

G‘ulom MIRZO tayyorladi

 Toshkent –Nyu-York – Toshkent

«Dunyo» AA

 

Powered by GSpeech