Xalqaro ekspertlar bilan nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari mavzusi muhokama qilindi

2022 yil 10 avgust kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida BMT xalqaro ekspertlari va O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv xalqaro ekspertlarBMT Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamentining Inklyuziv va ijtimoiy rivojlanish bo‘limi rahbari Oleg Seryojin, Rossiya Federatsiyasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining “Sankt-Peterburg ekspert-shifokorlar malakasini oshirish instituti” Federal davlat byudjeti qo‘shimcha kasbiy ta’lim muassasasi rektori Oksana Vladimirova, Armanistonning “Urartu” amaliy psixologiya va sotsiologiya universiteti kafedra mudiri Jemma Bagdasaryanning mamlakatimizga amaliy tashrifi doirasida tashkil etildi.

Xalqaro ekspertlarning tashrifidan ko‘zlangan maqsad – nogironligi bo‘lgan shaxslarga oid milliy qonunchilikni takomillashtirish hamda ularni reabilitatsiya va abilitatsiya qilish va tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha kadrlar tayyorlash milliy tizimini ishlab chiqish va joriy etishning milliy mexanizmi bo‘yicha muhokamalar o‘tkazish va tavsiyalar berishdan iborat.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash va ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan  islohotlar haqida mehmonlarga batafsil ma’lumot berdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirish va huquqlarini ta’minlash masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, qisqa davrda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi Oliy Majlis tomonidan ratifikatsiya qilindi. Bularning barchasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.

Xalqaro ekspertlar O‘zbekistonning ijtimoiy sohadagi oqilona siyosatini yuqori baholadilar. Bu boradagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.

 

    Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech