Yangi nashr: “ShHTga a’zo-davlatlar Konstitutsiyalari”

Shu yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 22-majlisi tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli xalqaro anjuman arafasida Toshkentda “ShHTga a’zo-davlatlar Konstitutsiyalari” nomli kitob nashrdan chiqdi.

Ushbu kitob Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ingliz va rus tillarida nashrga tayyorlandi va “Tasvir” nashriyotida chop etildi. Yangi nashrning Shanxay hamkorlik tashkiloti Samarqand sammitiga bag‘ishlangani bejiz emas.

Prezident Shavkat Mirziyoevning yurtimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali konseptual maqolasida ta’kidlanganidek, “ShHT o‘z mohiyatiga ko‘ra, tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yo‘lida birlashishga, ayirmachilik unsuridan xoli bo‘lgan jozibador makonga aylanishi lozim. Shu sababli ham ShHT faoliyatiga qo‘shilish istagidagi davlatlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Bu tendensiya xalqaro va mintaqaviy munosabatlar tizimi transformatsiya jarayonini boshidan kechirayotgan bugungi sharoitda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. ShHT makonidagi davlatlarning yuksak insoniy, intellektual va texnologik salohiyatga, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga va hali to‘laqonli foydalanilmagan tabiiy zaxiralarga ega ekani tashkilotning iqtisodiy ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi”.

Kitobga akademik Akmal Saidov mas’ul muharrirlik qilgan va so‘zboshi yozgan. So‘zboshida qayd etilganidek, ShHT – navqiron, ayni chog‘da jadal rivojlanayotgan xalqaro tashkilotlardan biri. O‘zbekiston  ShHT asosiy ta’sischilaridan bo‘lib, uning izchil taraqqiyotiga muntazam ravishda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

O‘tgan davrda ShHT maslahatlashuv mexanizmi shaklidagi tuzilmadan ko‘p tomonlama faoliyatga asoslangan davlatlararo tashkilotga aylanib ulgurdi. Bugungi kunda ShHT dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot hisoblanadi. Unga a’zo mamlakatlarning umumiy maydoni 34 million kvadrat kilometrdan iborat. Bu Yevroosiyo materigining 60 foizdan ziyod hududi, deganidir.

ShHT mamlakatlari aholisining umumiy soni 3,2 milliard nafarni tashkil etmoqda. Ushbu ko‘rsatkich sayyoramiz aholisining qariyb yarmiga teng. Ulkan “ShHT oilasi”ga uchta qit’a – Osiyo, Yevropa va Afrikada joylashgan 21 ta mamlakat kiradi. Ayni chog‘da ushbu tashkilot bilan turli darajalarda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istagidagi davlatlar soni muttasil ortib bormoqda.

Hozirgi kunda ShHT makoni – xom ashyo, mahsulot, malakali ishchi kuchi va inson kapitali, texnologik salohiyat nuqtai nazaridan salohiyatli mintaqa sanaladi. ShHT ulkan transport va tranzit imkoniyatlariga ega. Yevroosiyo makonida “Sharq-G‘arb” va “Shimol-Janub” yo‘nalishlarida yangi xalqaro temir yo‘l va avtomobil yo‘llari qurilishi strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Haqiqatan ham, o‘z taraqqiyotining yangi tarixiy bosqichida turgan ShHT uchun katta istiqbolga ega bu kabi muhim yo‘nalishlar O‘zbekistonning raisligi davrida – 2021-2022 yilarda tayyorlangan o‘ttizdan ortiq konseptual dastur, kelishuv va qarorlarda o‘z aksini topdi.  Shuni alohida ta’kidlash joizki, mamlakatimizning ShHTga raisligi yurtimizda keyingi olti yilda amalga oshirib kelinayotgan faol va ochiq tashqi siyosatning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Bu siyosat, eng avvalo, ShHTning geografik o‘zagi bo‘lmish, bugungi kunda yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikni mustahkamlash borasida ijobiy va ortga qaytmas jarayonlar ro‘y berayotgan Markaziy Osiyo mintaqasida amalga oshmoqda. Shu o‘rinda ShHT – sivilizatsiyalararo muloqot va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash uchun istiqbolli maydon ekanini ham alohida ta’kidlash lozim.

Yangi nashrdan chiqqan “ShHTga a’zo-davlatlar Konstitutsiyalari” kitobi ShHTni 2025 yilgacha rivojlantirish strategiyasida belgilab berilgan madaniy-gumanitar hamkorlik doirasidagi amaliy faoliyatning mo‘jaz mevasidir. ShHT makonidagi konstitutsiyaviy taraqqiyotga bg‘ishlangan yangi nashrda ayni yo‘nalishdagi muayyan umumiylikning tub mohiyati atroflicha ochib berilgan.

ShHTga xos konstitutsionalizmning umumiyligi, bir tomondan, ushbu Tashkilotga a’zo mamlakatlar Konstitutsiyalarining rivojlanish sur’atlarida, ikkinchi tomondan, konstitutsiyaviy tuzum asoslarining prinsipial yangilanishida namoyon bo‘ladi. Ayni chog‘da, har qaysi davlat o‘zining konstitutsiyaviy monandligi, ya’ni betakror o‘ziga xosligiga ega bo‘lib, o‘z navbatida, bu omil ShHT makonida konstitutsiyaviy-huquqiy plyuralizm (rang-baranglik)  amalda bo‘lishining garovidir.

 ShHTga a’zo mamlakatlar jamiyatlarining tarkibi turli millat va konfessiyalarga mansub aholidan iborat. Shuning uchun ushbu davlatlar millatlararo tinchlik va dinlararo hamjihatlikdan, bu boradagi azaliy an’analarning mustahkamlanishidan, shuningdek, sivilizatsiyalararo muloqot rivojidan birinchi navbatda manfaatdordir.

Kitobdan ShHTga a’zo davlatlar – Xitoy, Rossiya, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston Konstitutsiyalari matni joy olgan. Shuni ham qayd etish kerakki, ayni shakl va mazmundagi to‘plam ilk bor nashr etilmoqda.

Kitobda ShHTga a’zo har bir mamlakatning konstitutsiyaviy o‘ziga xosligi ochib berilgan. Shu bilan birga, mazkur nashrni mutolaa qilish asnosida, ShHT makonidagi konstitutsionalizm taraqqiyotining o‘ziga xos xususiyatlaridan bevosita xabardor bo‘lish mumkin.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida, jumladan, ShHT mamlakatlarining konstitutsiyaviy tajribasini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu ma’noda, mazkur kitob ayni soha mutaxassislari uchun juda zarur qo‘llanmadir.

Shuningdek, yangi nashr ilmiy tadqiqotchilar, konstitutsiyashunos olimlar, davlat organlari, ilmiy va ma’rifiy muassasalar mutaxassislari, talabalar, umuman olganda, jahon konstitutsionalizmi taraqqiyoti masalalariga qiziqqan barcha kitobxonlarga foydali bo‘lishi tayin. 

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

Aksent

AOKA - Rasmiy kanali

 O‘zA

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

QMPTI

UZDAILY

Powered by GSpeech