Samarqandda «Inson huquqlari sohasida ta’lim» Global forumi o‘tkaziladi

2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forum bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli xalqaro anjumanni o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan BMT Inson huquqlari kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan.

Global forumning asosiy maqsadi – BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya deklaratsiyasi hamda BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Jahon ta’lim dasturi amalga oshirilishining oraliq natijalarini sarhisob qilishdan iborat. Shuningdek, ushbu sohadagi ilg‘or tajriba, amaliyot va innovatsion yondashuvlar taqdimotini tashkil etish, xalqaro, mintaqaviy va milliy darajalarda inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashish va tavsiyalar ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2022 yil 6 oktyabrdagi 51/2-son rezolyusiyasiga muvofiq, Global forum doirasida 2030 yilgacha kun tartibi va inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiya bo‘yicha boshqa tegishli tashabbuslarni hisobga olgan holda, Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichi uchun asosiy sohalar va mavzuli masalalar yuzasidan takliflar muhokama qilinadi.

Global forumning BMT shafeligida gibrid formatda o‘tkazilishi butun dunyodan kengroq auditoriyaga, soha mutaxassislariga virtual tarzda ishtirok etish va muhokama sessiyalarida qatnashish imkonini beradi. Unda xalqaro ekspertlar, mutaxassislar, davlat organlari, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, yuqori lavozimli shaxslar ishtirok etishi mo‘ljallanmoqda.

Ayni vaqtda Global forumga qizg‘in tayyorgarlik boshlangan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

UzDaily.uz

O‘zA

“Dunyo” AA

Powered by GSpeech