2022 yil 10 noyabr kuni Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutida «Turkiy davlatlar tashkiloti: kecha va bugun» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Institut huzurida tashkil etilgan Ilmiy ekspertlik kengashi va «Qonunchilik muammolari axborotnomasi» davriy nashri tahrir hay’ati a’zolari hamda Institut xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari, Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari qatnashdi.
Kirish so‘zi bilan qatnashgan Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov o‘z ma’ruzasida Turkiy mamlakatlar bilan aloqalarni rivojlantirish Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim jihati ekanligi va bu borada Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida o‘zaro hurmat asosidagi hamkorlik yangicha ahamiyat kasb etib borayotganini ta’kidlab, Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tayotgani, bu esa o‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi va g‘oyalari asosida olib borilayotgan Yangi O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosatining bir ko‘rinishi ekanligi to‘g‘risida so‘z yuritdi.
Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlametlararo aloqalar qo‘mitasi raisi Dilorom Fayzieva mazkur tashkilotga O‘zbekistonning a’zo bo‘lishi TDTning o‘ziga xos jihatlari, ushbu tashkilotning hamkorlik uchun ko‘p qirrali yo‘nalishlari mavjudligi xususida to‘xtaldi. Shu bilan birga, Naxichevan bitimining 2-moddasiga binoan tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, huquqni muhofaza qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniy, ilmiy-texnik, harbiy-texnik, ta’lim, energetika, transport, kredit sohalarida samarali mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari tashkilotning muhim maqsad va vazifalari ekanligi va bu borada O‘zbekiston o‘ziga hos o‘rin egalashini ta’kidladi.
Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Kadirxanova tarixan TDT ishtirokchi mamlakatlari xalqlari bir xil ildizga ega ekanligidan kelib chiqqan holda madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish ular uchun ahamiyatli ekanligini ta’kidladi va so‘zi oxirida «mazkur tashkilotning O‘zbekistonda bo‘ladigan sammiti ahamiyatli jihati shundaki, O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan sammit Turkiy davlatlar tashkilotining ilk yig‘ilishi sifatida tarixda qoladi. Bungacha tashkilot Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi nomi bilan faoliyat yuritgan» deya alohida qayd etib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Foziljon Otaxonov «Turkiy davlatlar tashkiloti va unga a’zo davlatlar parlamentlari» to‘plami taqdimoti bo‘yicha qilgan ma’ruzasida Turkiy Davlatlar Tashkiloti qanday tashkilot ekanligi, uning asosiy funksiyalari va o‘tgan davr mobaynida qanday ijobiy natijalarga erishganligi masalalari, a’zo davlatlar parlamentlari uchun milliy qonunchilikni rivojlantirish va yaqinlashtirish uchun qonun ijodkorligi faoliyatida namuna sifatida o‘rganib chiqilishini bildirib o‘tdi.
TDT savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, turizm, madaniy-gumanitar almashinuvlar kabi dolzarb yo‘nalishlarda amaliy sheriklikni rivojlantirishga ko‘maklashuvchi samarali mintaqaviy tuzilma hisoblandi. Shuning uchun ushbu tashkilotga a’zo barcha mamlakatlar, shu jumladan, O‘zbekiston uchun TDT doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash qo‘shni mamlakatlar bilan ham, mintaqadan tashqaridagi yangi hamkorlar bilan ham ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirishga, o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Xalqaro ishlar va parlametlararo aloqalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qodir Jo‘raev esa o‘z ma’ruzasida O‘zbekistonning Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti doirasidagi hamkorligi va istiqbolli loyihalar hamda Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini yalpi majlisda ko‘rib chiqilishi va uning shartlari to‘g‘risida so‘z yuritdi.
Anjuman ishtirokchilari va ekspertlar tomonidan Institut tomonidan ishlab chiqilgan mazkur to‘plam nafaqat milliy parlamentimiz a’zolari, balki parlament huquqi bo‘yicha ilmiy izlanuvchilar, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun muhim amaliy qo‘llanma bo‘lishi ta’kidlanib, to‘plamni boshqa xorijiy tillarga tarjima qilish va turkiy tilli mamlakatlarga yuborish xususida takliflar bildirildi.
Qizg‘in munozaralarga boy bo‘lgan davra suhbatida muhokama etilgan masalalar yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 10.11.2022
- Ko'rishlar: 5325
- Chop etish
Bo'lishmoq: