Global forumda Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichiga takliflar muhokama qilinadi

Samarqand shahrida 2022 yil 5-6 dekabr kunlari «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusida o‘tkaziladigan Global forumning asosiy maqsadlaridan biri – BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2022 yil 6 oktyabrdagi 51/2-sonli rezolyusiyasi doirasida, Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichi bo‘yicha takliflarni muhokama qilishdir.

Ma’lumki, 2004 yil 10 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi – inson huquqlari sohasidagi ta’limni amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida – Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturini e’lon qilgan. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi Jahon ta’lim dasturining bajarilishini global darajada muvofiqlashtirib borishi belgilangan.

Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi – doimiy amalga oshiriladigan uzluksiz bosqichlardan iborat tashabbusdir. Ushbu jarayon bilan hayotimizning barcha sohalarini keng qamrab olishga ko‘maklashish uchun davlatlar inson huquqlari bo‘yicha ta’limni boshlang‘ich va o‘rta maktab, oliy ta’lim tizimida, o‘qituvchi va targ‘ibotchilar, davlat xizmati, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va harbiylar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rtasida singdirib borishi taqozo etiladi.

Jahon ta’lim dasturi BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasini milliy darajalarda amalga oshirishni faollashtirishga yordam beradigan foydali vositadir.

O‘tgan davrda Jahon ta’lim dasturi inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha milliy sa’y-harakatlar negizida quyidagi ketma-ket bosqichlarda izchillik bilan amalga oshirilmoqda:

  • 2005-2009 yillarni qamragan birinchi bosqichda – boshlang‘ich va o‘rta maktablar tizimiga inson huquqlari bo‘yicha ta’limni integratsiya qilishga e’tibor qaratildi;
  • 2010-2014 yillarda amalga oshirilgan ikkinchi bosqich – oliy ta’lim tizimiga inson huquqlari sohasidagi ta’limni uyg‘unlashtirish hamda o‘qituvchilar va ta’lim sohasi xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va harbiy xizmatchilarni ushbu soha bo‘yicha tayyorlashga bag‘ishlandi;
  • 2015-2019 yilarga mansub uchinchi bosqichda – erkin, mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalarining adolatni targ‘ib qilish, kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik, hurmat va erkinlikni ta’minlashdagi muhim rolini e’tirof etgan holda, inson huquqlari sohasida OAV mutaxassislari va jurnalistlarni tayyorlashga alohida urg‘u berildi;
  • 2020 yildan – 2024 yilga qadar davom etayotgan to‘rtinchi bosqichda yoshlarni tenglik, inson huquqlariga amal qilish va kamsitmaslik ruhida tarbiyalash, inklyuziv, tinch va osoyishta jamiyatni yaratishga imkon beruvchi ta’lim berishga asosiy e’tibor qaratilmoqda.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2022 yil 6 oktyabrdagi Rezolyusiyasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirishga mas’ul tegishli manfaatdor tomonlarning bu boradagi ijobiy tashabbuslari alohida ta’kidlandi. Shuningdek, barcha davlatlar va manfaatdor tomonlarga  Jahon ta’lim dasturi bosqichlari hamma sohalarga chuqur tatbiq etilishini faollashtirish tavsiya etildi.

O‘z navbatida, Rezolyusiyada Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan takliflarni shakllantirish masalasi kun tartibiga qo‘yildi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasiga BMTning barcha tuzilmalari, davlatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va manfaatdor tomonlarning ayni mavzudagi fikr-mulohazalarini so‘rab olish tavsiya etildi.

Shu ma’noda,  «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forumda, jumladan, Jahon ta’lim dasturi beshinchi bosqichi bo‘yicha takliflarning muhokama qilinishi muhim ahamiyatga ega. Bu omil, bir tomondan, ushbu xalqaro anjumanning qanchalik dolzarbligini ko‘rsatsa, ikinchi tomondan, Samarqand Global forumida tom ma’noda umumbashariy masalalar ko‘rib chiqilishini yana bir bor tasdiqlaydi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

O‘zA  

 “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

UzDaily.uz

“Dunyo” AA

O‘zbekiston Respublikasining Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi

O‘zbekiston Respublikasining Aktau shahridagi Bosh konsulxonasi

Darakchi.uz

ZARNEWS.UZ

Powered by GSpeech