O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etilgan. O‘zbekiston Respublikasini Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 3 noyabrdagi qarori bilan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom, “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni va guvohnomasining tavsiflari tasdiqlandi.
Mazkur ko‘krak nishoni ta’sis etilishidan maqsad inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda katta hissa qo‘shgan fuqarolar va tashkilotlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish hamda taqdirlash, bu faoliyatni amalga oshirishda o‘rnak bo‘layotganlar namunasini, ularning tajribasini ommalashtirishdan iborat. Bu bilan davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini kuchaytirish nazarda tutilgan.
Ko‘krak nishoni bilan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi xizmati, inson huquqlarini targ‘ib qilishdagi faolligi, inson huquqlari sohasidagi ta’lim, yoshlar o‘rtasida inson huquqlarini himoya qilish an’analarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi, inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarni rivojlantirish va boshqarishdagi salmoqli yutuqlari, inson huquqlari sohasidagi samarali ilmiy faoliyati uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari taqdirlanadi.
Ko‘krak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar ham taqdirlanishi mumkin.
Qarorga ko‘ra ko‘krak nishoni bilan taqdirlash jarayoni quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
- Fuqarolik jamiyati institutlari, davlat organlari va tashkilotlari har yili 1 oktyabrga qadar ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha nomzodlarni taqdim etadi. Takliflarga ilova sifatida nomzod haqida ma’lumotnoma, so‘nggi uch yil davomida u tomonidan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirgan ishlari aks ettirilgan tavsifnoma taqdim etiladi.
- Har yili 10 oktyabrga qadar ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya tashkil etiladi. Komissiya inson huquqlari sohasidagi fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, olimlar va mutaxassislar, shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat tarkibda tuziladi.
- Komissiya nomzodlar bo‘yicha hujjatlarni o‘rganib, taqdirlashga eng munosib nomzodlarni Markazga tavsiya qiladi.
- Har yili 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni arafasida ko‘krak nishoni va uning guvohnomasi tantanali tarzda topshiriladi.
- Ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlar ro‘yxati Markazning rasmiy veb-saytida va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
2020-2021 yillarda nodavlat notijorat tashkilotlari va ular vakillarining 12 nafari, davlat tashkilotlari hamda oliy ta’lim muassasalari xodimlarining 8 nafari, xalqaro va horijiy tashkilotlar vakillarining 8 nafari “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
2022 yilda “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga loyiq deb topilganlar nomzodlarga ko‘krak nishonlarni topshirish marosimi 2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forumi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
- Qo'shildi: 16.11.2022
- Ko'rishlar: 5063
- Chop etish