Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron O‘zbekistonning boy moddiy madaniyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emannuel Makron rafiqalari bilan birgalikda Parijdagi Arab dunyosi institutiga tashrif buyurdilar.

bugungi kunda bu yerda institut va O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamkorligida «Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘’jizalari” nomli ko‘rgazma tashkil etilgan. Unda O‘zbekistonning XIX asr oxiri – XX asr boshlariga oid boy moddiy madaniyati taqdim etilgan.

O‘zbekistonning 9 ta eng yirik muzeylaridan 300 dan ortiq eksponat joriy yilning 23 noyabr kunidan 2023 yil 4 iyun kuniga qadar ilk bor Fransiyada keng xalqaro jamoatchilik e’tiboriga havola etiladi.

Ko‘rgazmadan Nukus, Samarqand, Buxoro va Toshkent muzeylaridan keltirilgan to‘qimachilik buyumlari, libos va poyabzallar, bosh kiyim to‘plamlari, shuningdek, Turkiston avangardi yo‘nalishiga mansub 24 ta mo‘yqalam asari o‘rin olgan. Tayyorgarlik doirasida 89 ta zargarlik buyumlari restavratsiya qilindi.

Prezidentlar uchun ko‘rgazma bo‘ylab ekskursiya o‘tkazildi, eksponatlar to‘g‘risida batafsil so‘zlab berildi.

Hunarmand ajdodlarimizning yuksak ijodiy tafakkuri va mahoratidan dalolat beruvchi ushbu buyumlarning rang-barangligi va nafosati Fransiya tomonida hayrat uyg‘otdi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Fransiyaga rasmiy tashrifi yakunlandi. Prezident Emmanuel Makron va rafiqasi davlatimiz rahbari va rafiqasi bilan samimiy xayrlashdi.

O‘zA

Powered by GSpeech