Prezident oilaviy bolalar uyida bo‘ldi va poytaxt faollari bilan yig‘ilish o‘tkazdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Uchtepa tumani Nayman mahallasidagi oilaviy bolalar uyi bilan tanishdi.

Mamlakatimizda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar alohida e’tiborga olingan. Davlat tomonidan berilgan imtiyozlar natijasida bunday bolalarni o‘z bag‘riga olayotgan oilalar ortib bormoqda. Jumladan, 131 ta oilaviy bolalar uylari tashkil etilib, 808 nafar o‘g‘il-qiz tarbiyaga olingan.

Uchtepa tumanidagi mazkur oilaviy bolalar uyi ham shu boradagi ishlarning mantiqiy davomidir. 2 qavatli bino Milliy gvardiya tomonidan rekonstruksiya qilinib, 12 ta oila uchun sharoit yaratilgan. Barcha xonadonlar maishiy texnika, mebel va xo‘jalik jihozlari bilan ta’minlangan.

Prezidentimiz shunday oilalardan biri - Inomjon va Dildora Davlatovlar xonadonida bo‘ldi. Ular 4 nafar yetim bolani o‘z qaramog‘iga olgan.

Bolajonlar o‘z oilasi bo‘lishini orzu qilgani, davlat e’tibori bilan bu orzusi ushalganini aytishdi.

Ota-onalarning o‘z farzandlari va tarbiyaga olingan bolalar shu yerdagi 238-umumta’lim maktabida ta’lim oladi.

Majmuada 2 ta sport zali, mini-futbol stadioni, o‘yin va vorkaut maydonchalari, yozgi sahna, xiyobon tashkil etilgan. Manzarali va mevali daraxt nihollari ekilgan. Mo‘’jazgina tomorqada ro‘zg‘orbop mahsulotlar yetishtiriladi.

Davlatimiz rahbari o‘quv va sport to‘garakalarini kirib ko‘rdi, yoshlar bilan suhbatlashdi.

Shu yerda Toshkent shahri tumanlarini mahallabay rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

O‘tgan 11 oyda poytaxtimizda 650 ta loyiha amalga oshirilib, 30 mingta ish o‘rni yaratilgan. Xususan, Uchtepa tumanida yangi tadbirkorlik sub’ektlari soni 1 ming 110 taga ko‘paygan.

Toshkentda savdo, sanoat va xizmatlarni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligi qayd etildi. Bundan to‘la foydalanib, poytaxtni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish vazifasi belgilandi.

Prezidentimiz ijtimoiy muammolarni hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Poytaxtimizda 584 ta mahalla bor. Ularni obod qilish, yo‘llarni yaxshilash bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari navbatdagi rejalar, aholining talab-istaklari yuzasidan mahalla raislari bilan suhbatlashdi.

Ulardan kelib chiqib, 44 ta ijtimoiy ob’ektni ta’mirlash, bolalar bog‘chasi, poliklinika, istirohat bog‘i tashkil etish choralari belgilandi.

Toshkent shahridagi 12 ta issiqlik markazining barchasi 1968-1986 yillarda qurilgan bo‘lib, uskunalari eskirgan. Shu bois, ulardan 9 tasi negizida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi zamonaviy markazlar tashkil etiladi. Natijada poytaxtimizda har yili qo‘shimcha 3 milliard kilovatt-soatdan ziyod elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Yangi yil bayrami arafasida bozorlarga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish, jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.

O‘zA

Powered by GSpeech