BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi

TOSHKЕNT, 15 dekabr. /«Dunyo» AA/.  BMT Bosh Assambleyasi «Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini oshirish to‘g‘risida»gi rezolyutsiyani bir ovozdan ma’qulladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Rezolyutsiyani qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 2020 yildagi 75-sessiyasida taklif etilgan.

Rezolyutsiyada parlamentlarning SOVID-19 pandemiyasidan inklyuziv, barqaror va uzoq muddatli tiklanishni qo‘llab-quvvatlash va hech kim ortda qolmasligini ta’minlash uchun barqaror rivojlanish bo‘yicha harakatlarni jadallashtirish uchun birlik, birdamlik va ko‘p tomonlama hamkorlikka qaytadan kirishishdagi muhim roli ta’kidlangan.

Bosh Assambleya davlatlarni BRMni kuzatish va ko‘rib chiqish jarayonlarida, ayniqsa ixtiyoriy milliy sharhlarni tayyorlashda parlamentlarni qo‘llab-quvvatlash va jalb etishga hamda ularga milliy mulkchilik va javobgarlikni ta’minlash va mustahkamlashda yordam berishga chaqiradi.

Gender tengligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, bu esa qonun chiqaruvchi organlar va parlament jarayonlarida ayollarning to‘liq, teng va mazmunli ishtirokini rag‘batlantirish orqali BRMga erishish yo‘lidagi taraqqiyotni jadallashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning markaziy elementi bo‘lishi kerak.

2030 yilgacha bo‘lgan kun tartibini muvaffaqiyatli amalga oshirishda yoshlarning muhim o‘rni va hissasi e’tirof etilib, parlament jarayonlarida yoshlarning to‘liq, teng va mazmunli ishtirokini ta’minlash zarur.

Hujjatga barcha Markaziy Osiyo davlatlari, Avstriya, Jazoir, Bangladesh, Bahrayn, Belgiya, Germaniya, Misr, Ispaniya, Indoneziya, Italiya, Qatar, Xitoy, Kolumbiya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Niderlandiya, Norvegiya, Pokiston, Portugaliya, Singapur, Finlyandiya, Fransiya, Shvetsiya, Yaponiya va boshqalar kabi dunyoning barcha qit’alaridan 80 ta mamlakat hammualliflik qilgan.

Rezolyutsiya BMT tuzilmalari va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan iliq kutib olindi. Hujjat parlament a’zolari uchun o‘ziga xos qo‘llanma bo‘lib, ularning sa’y-harakatlarini BRMni jadal amalga oshirishga safarbar etishi alohida ta’kidlandi.

Parlamentlararo ittifoq ushbu hujjatni 2023 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi Oliy haftaligi doirasida bo‘lib o‘tadigan BRM sammitiga tayyorgarlik ko‘rishdagi muhim qadam, deb hisoblaydi.

 

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat.

Daryo.uz

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

«Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari tahririyati

O‘zA

 

Powered by GSpeech